Uchqoʻrgʻonda qishin-yozin qulupnay pishadi

14:48 06 Oktyabr 2023 Jamiyat
412 0

Foto: Халқ сўзи

Bu tumanda ushbu darmondoriga boy neʼmatni yilning istalgan faslida topishingiz mumkin. Ayni paytda qulupnayzorlarda joriy yil hosilini toʻrtinchi bor yigʻishtirishga kirishilgan. Ekinzorlarning katta qismi Qirgʻizistonga chegaradosh Yogʻdu mahallasida joylashgan. Ichki ishlar idoralaridagi uzoq yillik mehnatdan soʻng nafaqaga chiqqach, dehqonchilikning ushbu turi bilan astoydil shugʻullanishga kirishgan Murodjon Qosimovning saʼy-harakati bilan qulupnaychilik hududning asosiy drayveriga aylandi. Ayni paytda uni tuman boʻyicha 500 gektardan koʻproq maydonda yetishtirishyapti.

— “Nazira opa” nomli fermer xoʻjaligimizning uch gektar yeriga 5 yildan buyon qulupnay parvarishlab kelyapmiz, —deydi M. Qosimov. – Hosili yirik, pushtirang meva beradigan “Charli” navli koʻchatlar Fransiyaniki, ularni Toshkentdagi tanishimdan olib kelganman. Har yetmish kunda pishadigan hosilini kunora yigʻib olish mumkin. Dehqonchiligimizning oʻziga xos jihati, bizda qish oylarida ham qulupnay pishadi. Chunki, sovuq kunlar yaqinlashishi bilan ekinzorlarimizning yarim gektari ustini maxsus plyonkalar bilan berkitib, yopiq dalaga aylantiramiz. Toʻgʻri, qulupnaychilikning mehnati oson emas, biroq, daromadi shunga yarasha. Har terimda 10-15 tonnaga yetkazib, meva teramiz. Shu ekinning oʻzidan 100 million soʻmgacha foyda olyapmiz. Bunga asalari, koʻchat yetishtirish, koʻkat va boshqa rezavorlar parvarishlashni ham qoʻshsak, manfaatdorligimiz anchagina ortadi.

Qulupnaychilik keng yoʻlga qoʻyilishi bilan Uchqoʻrgʻonda agroturizmga ham yoʻl ochildi. Mahalliy, baʼzida xorijlik sayyohlar ham Yogʻdu mahallasiga kelib, bu yerda yashnab turgan ekinzorlardan hayratga tushishadi. Ota ularga egatlarda tovlanib turgan sarxil mevani oʻz qoʻllari bilan terib olishlarini taklif qiladi. Buning gashti oʻzgacha!

Yaqinda yetmish yoshini qarshilagan Murodjon ota hali tetik. Mahalladoshlari, uzoq-yaqindan kelgan havasmandlarga qulupnaychilik sir-asrorlarini oʻrgatishdan sira erinmaydi. U shu kunlarda yana bir loyihani amalga oshirishga kirishgan. Qishda isitiladigan va tomchilatib sugʻorishga asoslangan moʻjaz issiqxona qurib, unga qulupnay koʻchatlarini besh qavatli qilib joylashtirmoqchi. Bu, hosildorlik darajasi odatdagiga qaraganda besh baravar ortadi, degani. Tilagimiz, keksayganda tadbirkorlik yoʻlini tutib, yoshlarga ibrat boʻlayotgan otaxonning gʻayratiga aslo koʻz tegmasin.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?