“Uchar toʻp” sport turi ommalashib bormoqda
Marhamat tumanida istiqomat qiluvchi Jamoliddin Boʻtaqulov bundan ikki yil muqaddam “Uchar toʻp” nomli jamoaviy sport turini yaratdi. Dastlab tumandagi 24-maktabda sinov tariqasida oʻynalgach, yoshlar oʻrtasida ommalasha boshladi. Ayniqsa, qoʻshni maktablardan ham qiziquvchilar kela boshlagach, u mutaxassislar hukmiga havola etildi. Tabiiyki, bunda sportning oʻziga xos talablari hisobga olindi va yangi sport turi sifatida tan olindi. 2022-yilning 13-aprel kuni esa Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi tomonidan rasman qayd etilib, guvohnoma topshirildi.
— U jamoaviy oʻyin boʻlib, 14 nafar ishtirokchi ikkiga boʻlingan holda bellashadi, — deydi Toshkent shahridagi “Yosh tadbirkor universiteti” oʻquv markazi tinglovchisi Jamoliddin Boʻtaqulov. — Voleybol, basketbol, qoʻl toʻpi kabi sport turlariga xos boʻlgan jihatlarni oʻzida mujassam etgan ushbu sport turi qoʻlda oʻynaladi. Boshqa sport turlaridan farqi, ishtirokchidan ortiqcha kuch talab qilmagan holda, chaqqonlik va serharakatlilikni talab etadi. Imkoniyatlari esa uning ommaviyligida. Yaʼni, erkak va ayollar yoshidan qatʼiy nazar bemalol shugʻullanishlari mumkin.
“Uchar toʻp”da asosiy vosita qoʻl toʻpi boʻlib, u gʻildiraksimon rezinadan iborat. Oʻrtasi doira shaklidagi ochiq holatda boʻladi. Bu toʻpni ushlash uchun oʻyinchiga bir qancha qulayliklarni keltiribgina qolmasdan, uzoq masofaga uloqtirish imkonini ham beradi. Natijada boshqa oʻyinchilarning hushyorligi va harakatchanligini oshiradi. Uloqtirilgan toʻp yoysimon darvozaga kiritilishi orqali gʻalaba sari yoʻl ochadi.
— Ayni paytda tumandagi 24-maktabda toʻgarak tashkil etganmiz, — suhbatda davom etadi Jamoliddin Boʻtaqulov. — Unda salkam yuz nafar yigit-qiz ushbu sport turini oʻzlashtirishyapti. Bir necha bor maktablararo bellashuvlar tashkil etdik. Tez orada tuman birinchiligi uchun musobaqalar uyushtirishni rejalashtirganmiz.
Yangi sport turi oʻzining barcha uchun birdek tartib-qoidalarga, imkoniyatlarga ega ekanligi bilan koʻpchilikka manzur boʻlyapti. Qolaversa, u ishtirokchilarni oʻzaro jipslashtiruvchi, bir maqsad sari harakat qilishga undovchi qiziqarli mashgʻulot sifatida ham eʼtiborga tushmoqda.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring