Uch viloyatda mansabdorlar pora bilan qoʻlga tushdi (+video)

19:08 15 Noyabr 2025 Jamiyat
342 0

Sirdaryo, Andijon va Samarqand viloyatlarida korrupsiya holatlariga chek qoʻyildi. Bu haqida “Xavfsizlik” Telegram-kanali xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, joriy yil 7-noyabr kuni Sirdaryo viloyati Soliq boshqarmasi bosh inspektori Sirdaryo tumanida faoliyat yurituvchi MCHJda oʻtkazilayotgan tekshiruv jarayonida soliqdan 400 million soʻm miqdorida qarzdorlik borligini aniqlaydi. Shundan soʻng, Soliq boshqarmasi shoʻba boshligʻi, bosh inspektor bilan kelishgan holda ushbu qarzdorlikni 90 million soʻmgacha kamaytirib berishni vaʼda qiladi.

U mazkur xizmati evaziga 1 ming 500 dollar miqdoridagi pulni olgan vaqtida DXX va Prokuratura xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Tezkor tadbir davom ettirilib, soliq qarzdorligini aytilgan summaga kamaytirish boʻyicha rasmiylashtirilgan tegishli dalolatnomani jamiyat rahbariga bergan vaqtida bosh inspektor ham protsessual tartibda qoʻlga olingan.

Hozirda mazkur soliq xodimlariga nisbatan JKning 210-moddasi 2-qismi “v” va “g” bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

Shuningdek, Andijon viloyati Soliq boshqarmasining boʻlim inspektori viloyatning Ulugʻnor tumanida quyosh panellari oʻrnatish bilan shugʻullanuvchi MCHJning yuridik manzilini oʻrganish boʻyicha tekshiruv olib borgan. Natijada, u MCHJ tegishli manzilda faoliyat yuritmayotgani, hisobotda koʻrsatilgan qoldiqdagi tovar-moddiy boyliklar boʻyicha bir qator nomutanosibliklar borligini aniqlaydi. U holatga oid dalolatnoma rasmiylashtirib, jamiyatning bank hisob raqami orqali amalga oshiriladigan operatsiyalarni toʻxtatib qoʻyadi.

Ammo, ushbu soliq inspektori oʻz xizmat mavqeyidan foydalanib, aniqlangan kamchiliklar boʻyicha maʼmuriy huquqbuzarlik bayonnomasini rasmiylashtirmaslik hamda bank hisob raqamiga qoʻyilgan taqiqni olib tashlashini aytib, MCHJ hisobchisidan 500 AQSH dollari talab qiladi.

Davlat xavfsizlik xizmati, Soliq qoʻmitasi Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda soliq idorasi xodimi 6 million soʻm pul mablagʻini oʻzining qarindoshlariga tegishli 2 ta bank plastik kartasiga oʻtkazdirib olgan vaqtida qoʻlga tushgan.

Hozirda ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

Bundan tashqari, Majburiy ijro byurosi Samarqand shahar boʻlimi davlat ijrochisi moddiy manfaatdorlik evaziga fuqarolik ishlari boʻyicha Samarqand shahar sudining javobgar shaxsga nisbatan bank tomonidan belgilangan 117 million 804 ming soʻm qarzdorlikni bank foydasiga undirish haqidagi fuqarolik ishi boʻyicha chiqarilgan ijro varaqani sud tizimida ishlovchi tanishlari orqali bekor qilishni vaʼda qiladi.

Shuningdek, u sud ishni koʻrib chiqqanligi uchun belgilangan davlat bojidan goʻyoki ozod qilish, javobgarning avtotransport vositasiga qoʻyilgan taqiqni olib tashlashini ham aytib, evaziga 500 AQSH dollari berishini soʻraydi. U talab qilgan pul mablagʻini oʻzining tanishi orqali olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati hamda Byuroning viloyat boshqarmasi shaxsiy xavfsizlik shoʻbasi xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.

Hozirda davlat ijrochisiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari boshlab yuborilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?