“Uch oy – chavogʻim”

Qoraqalpoqlar azaldan toʻgʻrisoʻz, oqkoʻngil, jurʼatli xalq. Termalarda baxshi, jirovlar tomonidan ijro etilgan: “Uch oyi sogʻinim, uch oy qovunim, uch oy chabogʻim, uch oy qabogʻim...» termasi bir paytlar Orolboʻyi noyob va goʻzal dengizlardan biri boʻlganini eslatadi. Sofdil, oqkoʻngil odamlar uch oyda chorva, yaʼni sogʻin sigir, keyingi uch oy qovun, kuzga borib baliqchilik, qishda oshqovoq bilan roʻzgʻor tebratgan. Buyuk Berdaq “Dengiz baligʻin bermadi…” deb zorlangan zamonlarda ham hozirgi Moʻynoq Orol dengizidagi orolcha boʻlgan. Qoraqalpogʻiston deganda dastlab baliqchilik sohasi tushunilgan.
Mintaqada Orol dengizining qurishi, suvsizlikning kuchayishi natijasida “Uch oy chabogʻim...” tushunchasi ham yoʻqolib borayotgandek. Orol dengizi kattaligi jihatidan sayyoramizdagi koʻllarning toʻrtinchisi edi. Uning qurishi dunyodagi eng yirik ekologik fojialardan biriga aylandi. Oqibatda baliqchilik sanoati inqirozga uchradi. Ilgari baliqchilik bilan mashhur boʻlgan bu hududda koʻplab odamlar ishsiz qoldi. Tasavvur qiling, oʻtgan asrning 60-yillarida dengizdan yiliga 35 ming tonnagacha baliq ovlangan. Mahalliy aholining katta qismi baliq va baliq mahsulotlarini ovlash, qayta ishlash, yetkazib berish bilan shugʻullangan. Afsuski, baliqchilik taraqqiy etgan dengiz oʻrnida maydoni 5,5 mln. gektarga teng boʻlgan choʻl, yangi Orolqum sahrosi paydo boʻldi. Dengiz kemalari suzayotgan joyida qoldi. Atrofini oppoq qumlar egalladi. Chagʻalaylar ham bu qumlardan baliq chiqmasligini bilib, allaqayoqlarga gʻoyib boʻldi. Faqat Orol sohillarida “Uch oy chavogʻim...” degan kuy-qoʻshiqlar qolgandi.
Bugungi kunda Moʻynoqning bahori va kuzidagi fayzini oʻziga qaytarish, sunʼiy suv havzalarida baliq yetishtirib, baliqchilik sohasini saqlab qolish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Qoraqalpoq tabiiy fanlari ilmiy tadqiqot instituti yosh olimlar Qoraqalpogʻiston sharoitida chavoq oʻstiruvchi baliqchilik hovuzlari, baliqlarning ozuqalari ustida tadqiqotlar olib borib koʻngillarga taskin bermoqda.
– Baliqchilik hovuzlarida zooplankton baliqlarni tabiiy ozuqa bilan taʼminlashning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi, – deydi institutning “Hayvonotlar olami ekologiyasi” laboratoriyasi katta ilmiy xodimi Nurlibay Mirzambetov. – Oʻzim Qoraqalpogʻiston sharoitida chavoq oʻstiruvchi baliqchilik hovuzlari mavzusida ilmiy tadqiqotlar olib bormoqdaman. Chavoq oʻstiruvchi baliqchilik hovuzalarda boʻladi. Mazkur hovuzalar bir necha yuz kvadrat metr boʻlgan kichik hovuzlarga boʻlinib, ularda baliqlarning lichinkalari ikki, uch hafta davomida oʻstiriladi. Boʻsh chavoq oʻstiruvchi baliqchilik hovuzalari suv bilan toʻldiriladi. Ularga bir, ikki kundan keyin lichinkalar qoʻyib yuboriladi. Hovuzlar suv bilan toʻldirilgandan soʻng ularda har xil turdagi plankton va bentos organizmlarning maʼlum bir ketma-ketlikda rivojlanishi sodir boʻladi. Baliqlantirish, chavoqlarni oxirgi ovlash, sunʼiy oziqlantirish vaqtini aniqlash, lichinkalarni oʻstirish jarayonini optimallashtirish uchun buning qonuniyatlarini bilish juda muhim.
Yevroosiyo, Afrika va Amerika baliqchilik hovuzlari zooplanktonari haqida koʻplab maʼlumotlar mavjud. Ammo chavoq oʻstiruvchi hovuzlarning zooplanktoni hali global miqyosda oʻrganilmagan. Chavoqlar koʻproq zooplanktonga muhtoj. Tadqiqotlar davomida Qoraqalpogʻistonning chavoq oʻstiruvchi baliqchilik hovuzlarida zooplanktonlarning 43 turi, yaʼni 21 turdagi rotiferalar, 13 kladoseralar, 9 kopepodlar aniqlandi. Ilk bor chavoq oʻstiriladigan baliqchilik hovuzlarida zooplanktonlarning suksessiyasi batafsil kuzatildi.
– Bir necha yildan buyon “Qoraqalpogʻiston sharoitida yuksak suv oʻsimliklarining moslashuvi va bioekologik xususiyatlari” mavzusida ilmiy tadqiqotlar olib borayapman, – deydi Qoraqalpoq tabiiy fanlar ilmiy-tadqiqot institutining tayanch doktoranti Dilbarxon Baltabayeva. – Bu suv oʻsimliklar ilk bor 2021-yil mayda Qoraqalpoq tabiiy fanlar ilmiy-tadqiqot institutining tajriba maydonidagi sunʼiy suv havzasiga olib kelib ekildi. 1960-yillar tabiiy holda oʻsgan qoraqalpoqchada “tungiylik” deb nomlanuvchi suv nilufarlari turli sabablarga koʻra yoʻq boʻlib ketish xavfi ostida turibdi. Joriy yilning 17-aprelida bu oʻsimliklar olib kelinib, birinchi mayda institutning tajriba maydonidagi sunʼiy suv havzasiga ekildi. Bir oyda gullay boshladi. Qoraqalpogʻiston sharoitiga toʻliq moslashib, oʻzining biologik jihatdan yashash fazasini davom ettirmoqda. Bu suv oʻsimliklari tibbiyot, baliqchilik sohasida keng qoʻllaniladi. Eng muhimi, bu oʻsimliklar Qoraqalpogʻiston sharoitiga moslashdi. Oʻsimlikning oʻsishiga abiotik – yaʼni, havo, namlik, suv, yogʻingarchilik kabi omillar taʼsirida ham yashab qolish imkoniyatlari aniqlandi.
Institut direktori, biologiya fanlari doktori, professor Svetlana Mambetullayeva, biologiya fanlari doktori Gulshirin Utemuratova va institutining ilmiy xodimi Anarxan Atajanova yosh olimlarning ilmiy-tadqiqot ishlarni olib borishda maslahatlar berib kelmoqda. Yosh olimlar mintaqadagi ekologik barqarorlik taʼminlash, butun dunyoga mashhur Orolboʻyi baliqchilik sohasini saqlab qolish va davom ettirishida oʻz hissasini qoʻshishni astoydil niyat qilgan.
Gʻayrat Otajonov
«Xalq soʻzi».
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Toshkentda “Iqtisodiyot va biznes boshqaruvi sohalarida ilgʻor tadqiqotlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy simpozium oʻtkazildi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring