Turkiya parlamenti Shvetsiyaning NATO aʼzoligini ratifikatsiya qilishni maʼqulladi

02:11 24 Yanvar 2024 Dunyo
342 0

Foto: AP Photo

Turkiya Buyuk Millat Majlisi Shvetsiyaning NATOga aʼzoligini ratifikatsiya qilishni maʼqulladi. Bu haqda “TRT Haber” telekanali xabar bermoqda.

Manbada aytilishicha, 346 deputatdan 287 nafari tashabbusni qoʻllab-quvvatlagan, 55 nafari qarshi, toʻrt nafari betaraf qolgan.

Parlament qarori mamlakat prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan tomonidan imzolangan farmondan soʻng kuchga kiradi. Hujjat rasmiy hukumat nashri — “Resmi Gazete”da eʼlon qilinadi. Davlat rahbari farmonni imzolash masalasini 15 kun ichida koʻrib chiqishga haqli.

Shvetsiya 2022-yil may oyida Finlyandiya bilan birgalikda Shimoliy Atlantika alyansiga ariza topshirdi. Finlyandiya oʻtgan yilning 4-aprelida blokning 31-aʼzosiga aylandi.

Stokgolm Vengriya va Turkiyaning roziligini hali olmagan. Shunday qilib, Anqara soʻrovning ratifikatsiya qilinishini Stokgolmning terrorizmga qarshi kurash boʻyicha vaʼdalarini bajarishi bilan bogʻlaydi.

Dastlab, 2022-yilning 28-iyun kuni Shvetsiya politsiyasi musulmonlarning Qurbon hayiti bayramining birinchi kunida Stokgolmdagi bosh masjid oldida Qurʼoni Karim kitobini yoqish aksiyasiga ruxsat bergan edi. Oʻz navbatida, Yevropa Ittifoqi ushbu hodisani qoraladi, lekin ular soʻz erkinligini himoya qilishlarini taʼkidladi.

Oʻtgan yilning 21-yanvar kuni Daniyaning Islom diniga qarshi “Stram Kurs” partiyasi rahbari Rasmus Paludan Turkiyaning Stokgolmdagi elchixonasi oldida Qurʼonni yoqib yubordi.

Aksiya shahar maʼmuriyati bilan kelishilgan va Paludan bunday chiqish uchun toʻlovni amalga oshirgan. Bundan tashqari, Stokgolm maʼmuriyati mahalliy kurdlarga ham namoyish oʻtkazishga ruxsat bergan va unda 50 ga yaqin odam yigʻilgan.

Ushbu voqealardan soʻng Turkiya Shvetsiyani NATOga aʼzo boʻlish masalasiga qarshilik koʻrsatib kelayotgandi.

Xususan, Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan Stokgolmdagi Turkiya elchixonasi yaqinida Islom dinining muqaddas kitobi — Qurʼon yoqib yuborilishi bilan bogʻliq voqeadan soʻng Shvetsiya NATOga aʼzolik masalasida Turkiya yordamiga umid qila olmasligini aytgandi.

“Shvetsiyadagi, hattoki diplomatik vakolatxonamiz yaqinidagi bu nopok harakatlar musulmonlar, umuman, barcha insonlar, barcha huquq va erkinliklarni haqorat qilish hisoblanadi”, degan edi Turkiya prezidenti.

Uning soʻzlariga koʻra, Shvetsiya Shimoliy Atlantika alyansiga kirishda “endi yordam kutmasligi kerak”, chunki mamlakat “terrorchilarni qoʻllab-quvvatlashda davom etmoqda”.

Turkiya parlamenti spikeri Numan Kurtulmush Shvetsiyaning NATOga aʼzo boʻlish ehtimoli haqida fikr bildirib, “Shvetsiyaning NATOga aʼzo boʻlishini amalga oshmaydigan bir orzu” degandi.

“Turkiya soʻz uchun masʼul davlat. U nima desa, nimani vaʼda qilsa, bajaradi, lekin biz ham boshqalarni oʻz soʻzida turishini istaymiz. Oʻz vaʼdalarini bajarmayotgan Shvetsiya uchun NATOga aʼzo boʻlishni kutish shunchaki orzu”, — degan edi siyosatchi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер