“Turkiston avangardi: makon va vaqt oraligʻida” nomli koʻrgazma ish boshladi

16:03 05 Iyul 2023 Jamiyat
478 0

“Oʻzbekiston madaniy merosi – yangi renessans asosi” madaniy tadbirlar haftaligi doirasida “Turkiston avangardi: makon va vaqt oraligʻida” nomli koʻrgazma tashkil etildi.

Tadbirda Madaniyat va turizm vaziri O.Nazarbekov ham ishtirok etdi va koʻrgazmaning ochilishi bilan qutladi.

Oʻzbekiston Tasviriy sanʼat galereyasida tashkil etilgan ushbu koʻrgazmada mamlakatimiz muzeylarida saqlanayotgan noyob va nodir sanʼat asarlarining oʻziga xos ekspozitsiyasi jamlandi. Eksponatlar I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Davlat sanʼat muzeyi hamda Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyidan keltirildi.

Maʼlumot uchun: I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Davlat sanʼat muzeyi (Nukus) Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng yirik badiiy toʻplam boʻlib, unda Orolboʻyi arxeologiyasi boʻyicha materiallar, Qoraqalpogʻiston xalqlarining dekorativ – amaliy sanʼati asarlari, shuningdek, Rossiya va Oʻzbekistonning 20-asrdagi tasviriy va grafik ishlari toʻplangan.  Muzey tarixi uning asoschisi Igor Vitaliyevich Savitskiyning nomi bilan bogʻliq, u 1950-yillarning boshida taqdirning irodasi bilan Qoraqalpogʻistonda boʻlgan, bu ajoyib hududga muhabbat qoʻygan va keyingi taqdirini u bilan bogʻlagan rassom.

Doʻstlari yordamida va mahalliy hokimiyat qoʻllab-quvvatlashi tufayli 1966-yilda Nukusda sanʼat muzeyi ochilishiga erishdi. Ushbu muzeyning birinchi direktori boʻlganidan soʻng, I.V.Savitskiy 20-asr tasviriy sanʼat toʻplamini tan olinmagan rassomlarning asarlaridan shakllantirdi, keyinchalik bu asarlar rus va Turkiston avangardining mumtoz asarlari deb tan olindi.

“Turkiston avangardi: makon va vaqt oraligʻida” koʻrgazmasida 14 nafar rassomning 86 ta tasviriy sanʼat asarlari namoyish etilgan, ular orasida Turkiston avangardining ilk vakillari: A.N.Volkov, N.G.Karaxon, U.T.Tansikbayev, N.V.Kashina, A.F.Podkovirov, O.Tatevosyan va boshqalar bor.

Koʻrgazma muzey asoschisi I. V. Savitskiyning asarlari, shuningdek esa oʻz ijodida Orol dengizi va Amudaryoni madh etgan F.Madgazin va R.Matevosyanning asarlari bilan toʻldirildi.

Shuningdek, koʻrgazmada Oʻrta Osiyoda ilk bor tashkil etilgan badiiy muzey – Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyi kolleksiyalari ham namoyish etilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?