Tunda yaxshi uxlamaslik qanday xastaliklarga sabab boʻladi?

19:17 28 Aprel 2024 Jamiyat
1178 0

Uzoq umr koʻrish garovi sogʻlom turmush tarzi ekani bugun barchaga ayon. Uning eng muhim omillaridan biri esa sogʻlom uyqudir.

Maʼlumotlarga koʻra, har kuni tunda bir xil vaqtda uxlaydiganlar boshqalarga qaraganda koʻproq umr koʻrar ekan.

— Inson salomatligida meʼyoriy uyquning ahamiyati yuqori, — deydi oliy toifali shifokor Raʼno Nosirova. — Chunki kun davomida yoʻqotilgan energiya zaxiralari aynan uning yordamida qayta tiklanadi. Qolaversa, oʻqish va ishlash kabi hayotiy faoliyat uchun ham tiniqib orom olish zarur.

Kechki payt uyqudan avval uzoq vaqt televizor koʻrish, kompyuterda ishlash, planshet yoki telefondan foydalanish, yaʼni koʻz oldida sunʼiy yorugʻlikning boʻlishi uyqu sifatiga salbiy taʼsir qiladi. Oqibatda bosh miyada melatonin gormoni ishlab chiqarish kamayadi. Melatoninning qisqarishi esa tunda kortizol gormoni miqdorini oshiradi.

Bu holat:

— qonda qand va yogʻlarning ortishi;

— semizlik;

— qandli diabetning 2-turi;

— qon bosimi va boshqa yurak-qon tomir kasalliklari;

— depressiya;

— immunitetning pasayishi;

— tez-tez shamollash;

— miya faolligining susayishi;

— jigarni yogʻ bosishi kabi muammolarga olib kelishi mumkin.

Shuningdek, kayfiyat buzilishi, xotiraning susayishi va teridagi ayrim kasalliklar ham koʻpincha tiniqib uxlamaslik oqibatida kelib chiqadi. Eng yomoni, inson ertasi kuni yetarlicha orom olsa ham buning organizmga foydasi boʻlmaydi.

Shu bois sogʻlom uyqu uchun quyidagilarga amal qiling

— kechki uyqudan 1 soat avval televizor koʻrmang;

— kompyuter va gadjetlardan foydalanmang;

— uyquga juda kech yotmang;

— bir vaqtda yotib, bir vaqtda turishga odatlaning;

— eng yaxshi uyqu vaqti kechki soat 23:00 dan tongi 06:00 gacha.

Sogʻlom uyqu vaqti yoshga qarab turlicha. Yaʼni bolalarda bu soat koʻproqni tashkil qilsa, katta insonlarda biroz kamroq.

Misol uchun:

chaqaloqlar — 18-19 soat;

bolalar — 11-12 soat;

katta yoshlilar — 7-8 soat uxlashi meʼyor hisoblanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?