Tuberkulyoz kasalligi: davolagandan koʻra, oldini olgan maʼqul
Yaqin kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida maktab oʻquvchisida tuberkulyoz (xalq tilida sil kasalligi) kasalligi qayd etilgani haqida koʻp yozildi. Mutaxassislarning qayd etishicha, tuberkulyoz ogʻir kasallik emas va zamonaviy tibbiyotda uni samarali samarali davolash usullari mavjud.
Xoʻsh, bugungi kunda tuberkulyoz kasalligining oldini olish va profilaktika qilish, oʻz vaqtida tashxis qoʻyish va ruhiy koʻmak berish borasida Fargʻona viloyatida qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Muxbirimiz shu xususda mutaxassislarning fikr-mulohazalari bilan qiziqdi.
— Ayni paytda shifoxonaning 40 oʻringa moʻljallangan bolalar boʻlimida 3 nafar malakali shifokorlar faoliyat koʻrsatmoqda, — deydi Fargʻona viloyati ftiziatriya va pulmonologiya markazining bolalar boʻlimi shifokori, oliy toifali ftiziapediatr Mavluda Xudaynazarova. —Davlatimizning yuksak eʼtibori va soʻnggi rusumdagi zamonaviy uskunalar yordamida tuberkulyoz kasalligiga tezkor va aniq tashxis qoʻyilib, bunday qulayliklar bemorlarni tez va samarali davolashda juda qoʻl kelmoqda.
Hozirda tuberkulyoz kasalligini tezkor diagnostika qilishga moʻljallangan “GeneXpert” uskunasi nafaqat bemorda tuberkulyoz kasalligi mavjudligi, balki kasallikning maʼlum bir turini davolash uchun odatda buyuriladigan muolaja usullariga chidamliligini tekshirish imkonini beradi.
Kasallik profilaktikasi va muolajasi uchun barcha turdagi dori vositalarni davlat tomonidan bepul berilishi bu borada olib borilayotgan saʼy-harakatlarda katta ahamiyat kasb etmoqda.
Fargʻona viloyati ftiziatriya va pulmonologiya markazi boʻlim mudiri, oliy toifali shifokor Eʼzoz Gʻulomavaning qayd etishicha, holsizlik, tez charchash, ishtahaning yomonlashuvi, ozgʻinlik, serjahllik, mehnat faoliyatining susayishi tuberkulyozning erta belgilari hisoblanadi. Afsuski, baʼzi hollarda tuberkulyoz bilan kasallangan bemorlar ushbu belgilarni kasallik bilan bogʻlashmaydi, sababi juda koʻp kasalliklarda yuqoridagi kabi umumiy belgilar kuzatiladi.
Tuberkulyoz (sil) koʻp hollarda gripp yoki nafas yoʻllarining shamollashi niqobi ostida kechadi. Nafas yoʻllari shamollashida ishlatiladigan dorilar esa tuberkulyoz tayoqchalariga taʼsir qilmaydi. Oqibatda inson kasallikni oʻtkazib yuboradi. Agar bemor oʻz vaqtida davolanmasa, yoʻtal kuchayib, balgʻam ajralib chiqadi, baʼzan qon tuflash ehtimoli bor.
Bu kasallikning doriga sezgir turini davolash 6 oy muddatni talab etadi. Avvallari kasallikni aniqlash va tashxis qoʻyish uchun oylab vaqt talab etilardi. Hozirda esa bu kasallikka genno-molekulyar usuli orqali bor-yoʻgʻi 70 daqiqa ichida aniq tashxis qoʻyilmoqda.
Davlatimiz tomonidan berilayotgan bepul dori-darmon vositalarining hajmi esa yildan yilga ortib borayotgani ham eʼtiborga sazovordir.
— Mamlakatimizda keyingi yillarda Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini sil kasalligidan muhofaza qilish toʻgʻrisida“gi Qonuni ijrosi doirasida aholi oʻrtasida tuberkulyoz kasalligining oldini olish, davolash ishlarini yanada takomillashtirish, ixtisoslashgan tibbiyot muassasalarining moddiy texnik bazasini yaxshilashga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda, — deya suhbatimizni davom ettiradi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi Fargʻona viloyati boshqarmasi epidemiologiya boʻlimi mudiri Feruzbek Mamadaliyev. — Ayni yoʻnalishda oʻtgan yil davomida Fargʻona viloyatida 1297 ta kasallik oʻchoqlarida dezinfeksiya tadbirlari oʻtkazildi.
Maʼlumki, yurtimizda Milliy profilaktik emlash kalendari joriy etilgan boʻlib, unga koʻra bolalar 13 turdagi yuqumli kasalliklarga qarshi rejali emlanadi va bu emlovlar davlat tomonidan bepul amalga oshiriladi. Bevosita oʻtgan yil mobaynida ham 102 ming 550 nafar chaqaloqlar tuberkulyozga qarshi BSJ vaksinasi bilan emlandi.
Muxtasar aytganda, kasallikni davolagandan koʻra, uning oldini olgan maʼqul. Shu bois ushbu kasallikning oldini olish va unga qarshi kurashishda barcha imkoniyatlarimiz yetadi. Oʻz navbatida, ijtimoiy soha muassasalari, mahallalar hamda mehnat jamoalarida muntazam ravishda tushuntirish-targʻibot ishlari olib borilmoqda.
Botir MADIYOROV (“Xalq soʻzi”) yozib oldi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring