Koʻp qirrali integratsiya — Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi munosabatlarning ustuvor maqsadi
Prezidentimizning “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” sarlavhali maqolasi mintaqa mamlakatlari oʻrtasida keyingi yillarda jadal taraqqiy etayotgan oʻzaro munosabatlarning yorqin ifodasi boʻldi.
Darhaqiqat, soʻnggi yillarda Markaziy Osiyoda oʻzaro hamkorlikning mutlaqo yangi modeli shakllanmoqda. Mintaqa davlatlari rahbarlari tomonidan olib borilayotgan ochiq, pragmatik va yaxshi qoʻshnichilikka tayangan munosabatlar butun Markaziy Osiyoni global siyosatda faol subyektga aylantirishga xizmat qilyapti. Uzoq yillardan beri deyarli toʻxtab qolgan mintaqaviy muloqot qayta tiklandi, mamlakatlar oʻrtasida oʻzaro ishonch, ochiqlik va manfaatdorlik tamoyillari mustahkamlandi.
Umumiy manfaatlar ifodasi
Bugungi kunda Markaziy Osiyo mintaqasi dunyo siyosiy va iqtisodiy xaritasida alohida strategik oʻrin egallab bormoqda. Bu esa jahonda geosiyosiy jarayonlar keskinlashib, global raqobat kuchayib borayotgan bir paytda katta ahamiyat kasb etadi.
2016-yildan keyin Oʻzbekiston tashqi siyosatida Markaziy Osiyo ustuvor yoʻnalish sifatida belgilangani qoʻshni davlatlar bilan oʻzaro munosabatlarda toʻplanib qolgan masalalarni konstruktiv muloqot orqali hal etish imkonini yaratdi. Natijada Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston oʻrtasidagi chegaralarning katta qismi huquqiy jihatdan aniq belgilandi. Bu esa chegara xavfsizligini mustahkamladi, savdoni yengillashtirdi, oʻzaro ishonchni yanada oshirdi. Davlat rahbarlari darajasidagi oʻzaro tashriflar soni keskin koʻpaydi.
2018-yildan boshlab Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlarini oʻtkazish anʼanaga aylandi. Bu — tarixiy voqelik, chunki avval bu kabi format mavjud boʻlmagan. Bu formatning samaralari davlatlar oʻrtasidagi ishonch darajasi oshganida yaqqol namoyon boʻlmoqda. Muhim mintaqaviy muammolar boʻyicha yagona pozitsiya shakllanmoqda. Savdo, transport, ekologiya, madaniyat va xavfsizlik sohalarida muhim kelishuvlarga erishildi. Eng muhimi, mintaqaviy manfaatlar xalqaro maydonda bir ovozdan ifodalanmoqda.
Xususan, ayni paytda Markaziy Osiyoni dunyoning yetakchi davlatlari va birlashmalari bilan bogʻlaydigan oʻndan ortiq “Markaziy Osiyo plyus” formatlari faoliyat koʻrsatmoqda. Joriy yilda “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi”, “Markaziy Osiyo — Xitoy”, “Markaziy Osiyo — Rossiya” va “Markaziy Osiyo — AQSH” sammitlari boʻlib oʻtdi. Bu esa mintaqaning global siyosatdagi strategik ahamiyati ortib borayotganidan dalolat beradi.
Yaqinda Toshkent shahrida oʻtkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi oʻzaro hamkorlik munosabatlarining yangi davriga asos soldi.
Sammit avvalida davlatimiz rahbari Ozarbayjon Maslahat uchrashuvlari formatiga toʻla huquqli aʼzo sifatida qoʻshilganini mamnuniyat bilan eʼlon qildi. Oʻzbekiston yetakchisi taʼkidlaganidek, bu qaror mushtarak tarix, qardoshlik rishtalari, maʼnaviy va madaniy yaqinlik bilan uzviy bogʻlangan xalqlarimiz manfaatlariga toʻliq javob beradi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Qoʻshma bayonoti qabul qilindi. Bundan tashqari, Prezidentlar Qirgʻiz Respublikasining 2027-2028-yillarda BMT Xavfsizlik Kengashining muvaqqat aʼzoligiga nomzodi yuzasidan BMTga aʼzo davlatlarga murojaat, Ozarbayjon Respublikasining Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvida toʻla huquqli aʼzo sifatida ishtirok etishi toʻgʻrisidagi qaror, Markaziy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik konsepsiyasi, Markaziy Osiyo xavfsizligiga xatarlarning katalogi va ularning oldini olish boʻyicha 2026 — 2028-yillarga moʻljallangan choralar kabi muhim hujjatlarni qabul qildi.
Uchrashuv yakunida Prezidentimiz “bizning kuchimiz — birlikda, muvaffaqiyat sari yoʻlimiz — doʻstlik va hamkorlikda. Faqat hamjihat boʻlib, oʻzaro hurmat, birdamlik va strategik yondashuvlarga tayanib, ezgu maqsadlarimizga erishishimiz mumkin”, deya alohida taʼkidladi.
Mintaqaviy iqtisodiy integratsiya va oʻzaro bogʻliqlik
Tan olish kerak, Markaziy Osiyo dunyoda katta iqtisodiy salohiyatga ega, ammo integratsiya darajasi past boʻlgan mintaqalardan biri edi. Oʻzbekistonning faol tashqi siyosati bu holatni oʻzgartirdi.
Natijada savdo va investitsiyalar yoʻnalishlarida yangi bosqich boshlandi. Oʻzaro tovar aylanmasi 2016-yildagiga nisbatan bir necha baravar oshdi. Jumladan, Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi savdo hajmi 5 mlrd. dollardan ortdi. Oʻzbekiston va Qirgʻiziston bilan esa bu koʻrsatkich 7 barobar oʻsdi. Tojikiston va Turkmaniston bilan ham savdo aylanmasi barqaror oʻsish tendensiyasiga ega boʻldi.
Mintaqada qoʻshma sanoat zonalari, logistika markazlari, energiya obyektlari, avtomobilsozlik, toʻqimachilik va oziq-ovqat sanoatiga oid loyihalar amalga oshirilmoqda. Qirgʻiziston va Tojikistonda Oʻzbekiston kapitali ishtirokida yirik korxonalar ochildi.
Markaziy Osiyoda suv resurslaridan oqilona foydalanish — eng dolzarb masalalardan biri. Oʻzbekiston suvni, asosan, qishloq xoʻjaligi uchun koʻp miqdorda isteʼmol qilsa, Qirgʻiziston va Tojikiston suvdan elektr energiyasi ishlab chiqarish maqsadida foydalanadi. Bu manfaatlar to oʻtgan yillarga qadar ziddiyat olib kelardi.
Endilikda birgalikdagi suv-energetika sohasida oʻzaro manfaatlarni hisobga olgan holda foydalanish yoʻlida qoʻshma gidroinshootlar qurish imkoniyatlarini oʻrganish, daryo havzalarida ekologik barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan dasturlarni amalga oshirish borasida ham faol hamkorlik olib borilmoqda.
Markaziy Osiyo oʻrtasidagi transport kollaboratsiyasi mintaqa iqtisodiyotini rivojlantirishning hal etuvchi omili boʻlib bormoqda. Mavjud temir yoʻllar modernizatsiya qilinmoqda, yangi avtomagistrallar qurilmoqda. Kaspiy dengizi portlari bilan hamkorlik orqali Yevropa bozorlariga chiqish imkoniyatlari kengaymoqda. “Transafgʻon koridori” tashabbusi Oʻzbekiston — Afgʻoniston — Pokiston orqali Hind okeaniga chiqish imkonini beradi.
Oʻzbekiston — Qozogʻiston, Oʻzbekiston — Turkmaniston, Oʻzbekiston — Tojikiston oʻrtasida avtomobil yoʻllari kengaytirilmoqda, transchegaraviy logistika markazlari barpo etilmoqda.
Markaziy Osiyo mamlakatlarining xavfsizlik sohasidagi hamkorligi tarixdagi eng yuqori darajaga koʻtarildi. Terrorizm va ekstremizmga qarshi qoʻshma mexanizmlar ishlamoqda. Chegara xavfsizligi va kontrabandaga qarshi choralar kuchaytirildi. Afgʻonistondagi vaziyatni barqarorlashtirish borasida umumiy pozitsiya shakllanmoqda.
Markaziy Osiyoda madaniyat, taʼlim va turizm sohalaridagi aloqalar tez surʼatlarda rivojlanmoqda. Universitetlarning qoʻshma fakultetlari ochilmoqda, talabalar almashinuvi kengaymoqda, xalqlar oʻrtasidagi anʼanaviy doʻstlikni mustahkamlovchi madaniy festivallar oʻtkazilmoqda.
Bularning barchasi Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi munosabatlar bugungi kunda tarixiy yuksalish davrini boshdan kechirayotganini koʻrsatadi. Hozirgi mintaqaviy siyosatda oʻzaro ishonch, manfaatdorlik va pragmatizm tamoyili — Markaziy Osiyoni umumiy manfaatlar yoʻlida birlashtirmoqda. Bu esa mintaqa xalqlarining farovonligi va taraqqiyotiga xizmat qiladi.
Qoʻngʻirotboy SHARIPOV,
Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim,
fan va innovatsiyalar vaziri.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- Yosh oʻzbek yozuvchisining asari Xalqaro bolalar adabiyoti kengashining faxriy roʻyxatiga kiritildi
- Turkiya sudi Netanyahuni Gʻazoda genotsid sodir etganlikda ayblab, hibsga olish orderini maʼqulladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring