Tramp Ukrainaga koʻproq qurol joʻnatishga rozi boʻldi

14:51 10 Iyul 2025 Dunyo
161 0

Foto: Reuters

AQSH prezidenti Donald Tramp iyun oyi oxirida Gaagadagi NATO sammiti chogʻida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy unga taqdim etgan roʻyxatdagi qurollarning bir qismini Kiyevga berishga rozi boʻlgan. Bu haqda “The Washington Post” gazetasi amerikalik rasmiyga tayanib xabar tarqatdi.

Seshanba kuni Tramp Ukrainaga qoʻshimcha qurol joʻnatishga vaʼda berdi va bu birinchi navbatda “mudofaa” qurollariga tegishli ekanligini taʼkidladi. Keyinchalik Pentagon Ukrainaga qoʻshimcha mudofaa qurollari yuborilishini eʼlon qildi.

“Prezident hozirda batafsil roʻyxat asosida Ukrainadan soʻralgan harbiy yordam boʻyicha bir necha soʻrovlarga rozi boʻldi”, — deya yozdi nashr Oq uyning yuqori martabali mulozimiga tayanib. Aniqlik kiritilishicha, bu roʻyxatni Zelenskiy oʻtgan oy Gaagadagi uchrashuvda Trampga bergan.

Gazetaning manbasiga koʻra, Zelenskiy 24-25-iyun kunlari Gaagada boʻlib oʻtgan NATO sammitida Trampdan “juda aniq narsalarni” soʻragan va Oq uy rahbari hozirda ulardan baʼzilarini berishga rozi boʻlgan. Biroq manba gap qanday qurollar haqida ketayotganini oshkor qilishdan bosh tortgan.

Shu yilning 1-iyul kuni “Politico” nashri AQSHdan Ukrainaga oʻq-dorilar va qurol-yarogʻ yetkazib berish toʻxtatilgani haqida maʼlum qilgandi. Biroq 7-iyul kuni Tramp Ukrainaga qoʻshimcha qurol joʻnatishga vaʼda berdi va bu birinchi navbatda “mudofaa” qurollari ekanini taʼkidladi. AQSH mudofaa vazirligi matbuot kotibi Shon Parnel ham prezidentning koʻrsatmasi boʻyicha Ukrainaga qoʻshimcha “mudofaa qurollari” joʻnatilishini tasdiqladi.

Rossiya Ukrainaga qurol yetkazib berish muammoni hal qilishga toʻsqinlik qiladi, NATO davlatlarini toʻgʻridan-toʻgʻri mojaroga jalb qiladi va buni “oʻt bilan oʻynash”, deb hisoblaydi.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ukraina uchun qurol-yarogʻ boʻlgan har qanday yuk Rossiya uchun qonuniy nishon boʻlishini aytgandi. Kremlga koʻra, Gʻarbning Ukrainaga qurol-yarogʻ kiritilishi muzokaralarga hissa qoʻshmaydi va salbiy taʼsir koʻrsatadi.

Shu yilning 7-iyul kuni AQSH prezidenti Donald Tramp Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu bilan qoʻshma matbuot anjumani chogʻida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan 3-iyul kuni boʻlib oʻtgan telefon muloqoti natijalaridan hafsalasi pir boʻlganini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, u hamkasbini Ukrainadagi mojaroni toʻxtatishga ishontirishga umid qilgan, biroq bu borada hech qanday muvaffaqiyatga erishib boʻlmagan.

Oldinroq, “The Wall Street Journal” AQSH prezidenti Donald Tramp Ukrainaga qoʻshimcha “Patriot” havo mudofaa tizimini yuborish imkoniyatini koʻrib chiqayotgani haqida xabar bergandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер