Tramp Ukrainadagi urushni toʻxtatishda Xitoydan umidvor

Arxiv foto
Ukraindagi urushga toʻliq 3-yil toʻlar ekan, AQSH prezidenti Donald Tramp mojaroni hal qilishda Rossiya prezidenti Vladimir Putinning ittifoqchisi ekani iddao qilinadigan Xitoy raisi Si Szinpinning yordamidan umidvor.
“Umid qilamanki, Xitoy Rossiya — Ukraina bilan urushni toʻxtatishga yordam beradi. Ular bu vaziyatda katta imkoniyatga ega va ular bilan birga ishlaymiz”, — degan edi Tramp oʻtgan oy Shveysariyada boʻlib oʻtgan Jahon iqtisodiy forumida. Shu yilning yanvar oyida Tramp Szinpin bilan qoʻngʻiroqlashganida ham yuqoridagi umidini bir necha bor taʼkidlagan.
Amerika Qoʻshma Shtatlari oy boshida Xitoydan AQSHga import qilinadigan mahsulotlarga 10 foizlik boj joriy qilib, vaziyatni murakkablashtirgan boʻlsa-da, Ukraina muammosini hal qilishda til topisha oladi.
Xitoy ham uzoq vaqtdan beri oʻzini mojaroda potensial tinchlik vositachisi sifatida koʻrsatishga harakat qiladi, biroq Gʻarbning “Pekin Putin Rossiyasini qoʻllaydi”, degan qarashi Yevropani oʻylantirib qoʻyadi.
Singapur Milliy universiteti dotsenti Chong Ja Ianning aytishicha, Pekin Rossiyaning zaiflashib qolishidan qoʻrqadi, chunki u asosiy sherigidan mahrum boʻlishi mumkin. Unga kuchsiz ittifoqchi kerak emas.
Masalalar bugun Germaniyada boshlanadigan boʻlajak Myunxen Xavfsizlik konferensiyasi kun tartibida muhokama qilinadi. U yerda AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashmoqchi. Xitoy tashqi ishlar vaziri Van Yi ham Pekin delegatsiyasiga boshchilik qiladi.
“CNN”ning oʻz manbalariga tayanib xabar berishicha, AQSH Mudofaa vaziri Pit Xegset, Davlat kotibi Marko Rubio, AQSH prezidentining Ukraina va Rossiya boʻyicha maxsus vakili, general Kit Kellog Yevropada shu hafta boʻlib oʻtadigan qator uchrashuvlarda Yevropa va NATOdagi hamkasblarini Ukrainani qoʻllab-quvvatlashda koʻproq rol oʻynashga undaydi.
Shu hafta boshida “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida Tramp AQSH harbiy yordam evaziga Ukrainaning tabiiy resurslaridan foydalanish haqida gapirdi.
Tramp maʼmuriyati aʼzolari yaqin kunlarda Ukraina rasmiylari bilan ham uchrashmoqchi. Manbalarning “CNN”ga xabar berishicha, Gʻaznachilik kotibi Skott Bessant Kiyevga mamlakatdagi muhim foydali qazilma konlarini muhokama qilish uchun borishi kutilmoqda. Kellogg esa Myunxendagi uchrashuvlardan soʻng mamlakatga tashrif buyuradi.
Zelenskiy AQSH va Yevropa Ukrainani qoʻllab-quvvatlashda davom etsa, Putin bilan muzokaralar olib borishga tayyorligini aytmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring