Tramp Tolibonni ogohlantirdi: “Bagramni AQSHga qaytarmasangiz oqibati yomon boʻladi”

AQSh prezidenti Donald Tramp Afgʻoniston hukumati Bagram harbiy bazasini Qoʻshma Shtatlarga topshirmasa, “yomon oqibatlar” yuz berishini aytdi. U hatto bazani qaytarib olish uchun mamlakatga qoʻshin yuborish ehtimolini ham inkor etmadi.
“Agar Afgʻoniston Bagram aviabazasini uni qurganlarga — Amerika Qoʻshma Shtatlariga qaytarmasa, “yomon oqibatlar” sodir boʻladi”, deb yozdi Tramp oʻzining “Truth Social” tarmogʻida.
AQSH prezidenti Donald Tramp Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer bilan qoʻshma matbuot anjumanida Vashington Afgʻonistondagi Bagram aviabazasi ustidan nazoratni qaytarib olish uchun harakat qilayotganini maʼlum qilgandi.
U shuningdek, juma kuni Oq uyda jurnalistlar bilan suhbatda Afgʻoniston bilan bu borada muzokaralar olib borayotgani haqida gapirdi. Oʻsha kuni Tramp jurnalistlarning “baza uchun qoʻshin yuborasizmi?” degan savoliga aniq javob bermadi:
“Bu haqda hozir gapirmaymiz. Biz Afgʻoniston bilan muzokara olib bormoqdamiz. Bazani qaytarib olmoqchimiz va bu iloji boricha tezroq amalga oshirishni xohlaymiz. Agar ular rozi boʻlmasa, keyin nima qilishimni koʻrasiz”, dedi u.
Afgʻoniston Qoʻshma Shtatlar bilan hamkorlikka tayyor ekanini, biroq mamlakatdan hech qaysi xorijiy davlat kuchlariga joy berilmasligini bildirdi.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, Bagram bazasini qayta egallash oson ish emas. Chunki uni qoʻriqlash va ishlatish uchun kamida 10 ming askar va zamonaviy havo hujumidan mudofaa tizimlari talab qilinadi. Hatto muzokaralar orqali “Tolibon” AQShga ruxsat bergan taqdirda ham, bazani IShID, “Al-Qoida” va hatto Eronning raketa hujumlaridan himoya qilish kerak boʻladi.
Bagram harbiy bazasi haqida
2001-yil 11-sentyabrdagi teraktlardan soʻng AQSH “terrorchilikka qarshi urush” eʼlon qildi va Afgʻonistonga qoʻshin kiritdi. 2001-yil oxirida Bagram aviabazasi AQSh qoʻshinlarining asosiy markaziga aylandi. Keyingi yillarda AQSh va NATO qoʻshinlari shu bazadan turib “Tolibon” va “Al-Qoida”ga qarshi operatsiyalar olib bordi.
Bagram faqat harbiy baza emas, balki butun bir shahar koʻrinishini olgan edi — unda “Burger King” va “Pizza Hut” kabi fastfud restoranlari, elektronika va afgʻon gilamlari sotiladigan doʻkonlar ishlagan. Shuningdek, yirik qamoqxona majmuasi ham boʻlgan.
2021-yil iyulida AQSh qoʻshinlari Bagramni butunlay tark etdi. Oradan koʻp oʻtmay, 2021-yilning avgustida Kobul hukumati agʻdarildi va butun mamlakat “Tolibon” qoʻliga oʻtdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring