Yoʻllarni yoʻllarga, dillarni dillarga bogʻlovchi koʻprik

10:33 05 Noyabr 2025 Jamiyat
868 0

Bekobod tumanida — Sirdaryoning ikki sohilida yashayotgan aholi orasida azaliy bir orzu yashardi — yillar, hatto avlodlar orzusi.

Bu orzu nafaqat sohillarni, yoʻllarni, balki dillarni, yuraklarni, orzularni bogʻlaydigan koʻprik orzusi edi. Nihoyat, oradan qariyb qirq yil oʻtib, umid chirogʻi yana qayta yondi — daryo uzra yangi koʻprik qad rostladi, xalq orzusi roʻyobga chiqdi. Sirdaryo beliga yana bir belbogʻ bogʻlandi.

Koʻprik ochilishi munosabati bilan oʻtkazilgan tantanali marosimda Prezident Administratsiyasi masʼul xodimlari, Toshkent viloyati faollari, tuman jamoatchiligi, nuroniylar hamda yoshlar, quruvchi bunyodkorlar, soha mutasaddilari, jurnalistlar va keng jamoatchilik qatnashdi.

Soʻzga chiqqanlar koʻprikni faqat beton va temir ustunli yoʻloʻtkazgich emas, balki odamlarning Yangi Oʻzbekiston islohotlariga, ertangi kunga umidi yangligʻ “ishonch koʻprigi” sifatida taʼrifladi.

Aslida, bu inshoot tarixi oʻtgan asrning oxirlariga borib taqaladi. Gap shundaki, 1989-yilda ilk marta ruxsat olib, qurilish boshlangan, ammo 1991-yilda turli sabablar bilan toʻxtab qolgan.

Vaqt oʻtdi, avlodlar almashdi, orzular soʻnmadi. 2025-yilda Prezidentimizning tegishli qarori bilan loyiha ijrosi qayta boshlandi. Haqiqiy ishonch va izchil harakat natijasida uzoq yillar xuddiki yetishib boʻlmas sarobga aylanib kelgan masala hal etildi.

Loyihaning umumiy qiymati 72 milliard soʻm, ammo uning qiymati faqat pul bilan oʻlchanmaydi. Chunki mazkur koʻprik xalq hayotini oʻzgartirayotgan, yuzlab, minglab insonlar taqdiriga yorugʻlik olib kirayotgan, umidni qayta tiriltirayotgan loyihadir.

200 metrli koʻprik va 6 kilometrli zamonaviy avtomobil yoʻli nafaqat harakat uchun qulay, balki taraqqiyot, obodlik va farovonlik yoʻlining ramziga ham aylandi.

Yoʻl boʻylab tungi yoritish chiroqlari porlab, yangicha hayotga yoʻl koʻrsatgandek nur sochadi. Piyodalar uchun yoʻlaklar, nogironligi boʻlgan shaxslar uchun maxsus qulayliklar, yangi toʻrt tasmali yoʻl — bularning barchasi inson qadriga boʻlgan hurmat ifodasi.

Avval bu yoʻldan bir kunda 2 mingta avtomobil oʻtgan boʻlsa, endilikda 14 mingta mashina bemalol harakatlanmoqda. Bu raqamlar ortida butun bir tumanning nafasi, iqtisodiyotning yurish surʼati, odamlarning hayotga ishonchi mujassam.

Eng muhimi, endi Doʻstlik va Yangiovul mahallalaridan tuman markazigacha boʻlgan masofa 44 kilometrga qisqardi. Bu odamlar vaqtini, mehnatini, hayotini tejaydi. Bu oilalar tezroq uchrashadi, farzandlar maktabiga qulay va xavfsiz yetib boradi, tadbirkoru dehqonlar mahsuloti bozorga tezroq kiradi, deganidir.

Bekobod uchun bu koʻprik — yangi hayot, yangi rivoj, yangi nafas demakdir. Endilikda u tumanning “yuzi”, iftixor timsoli, elning hamjihatligi va mehnati bilan qurilgan moʻjiza sifatida uzoq yillar davomida xizmat qiladi.

Sirdaryoning ikki sohilini bogʻlagan bu koʻprik, aslida, insonlarning qalbini bogʻladi. Bu — el orzusi roʻyobga aylangan, Vatan taraqqiyotiga tamal toshi qoʻyilgan kun boʻldi.

Koʻprikning tantanali ochilish marosimida Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev ishtirok etdi va nutq soʻzladi.

Gʻayrat SHERALIYEV.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?