Tramp milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchisi Maykl Uoltsni ishdan boʻshatdi

Foto: AP
Prezident Donald Tramp payshanba kuni OAVda AQSH milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchi Maykl Uoltsni ishdan boʻshatgani haqidagi xabarni tasdiqladi. Oq uy rahbari u AQSHning BMTdagi elchisi boʻlishini va vazifasini esa vaqtincha AQSH davlat kotibi Marko Rubio bajarishini maʼlum qildi.
“Men Maykl Uoltsni AQSHning BMTdagi navbatdagi elchisi lavozimiga taklif etayotganimni maʼlum qilishdan mamnunman”, — dedi Tramp. Uning qoʻshimcha qilishicha, davlat kotibi Marko Rubio Davlat departamentining rahbari boʻlib qolgan holda vaqtinchalik milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchi boʻlib ishlaydi.
Oʻz navbatida, Maykl Uolts Trampning maslahatchisi sifatida xizmat qilish u uchun katta sharaf boʻlgani aytdi.
“Prezident Tramp menga ishonch bildirgani va oʻz kabinetida milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchi lavozimiga tayinlaganidan juda xursand boʻldim. Millatimiz qadriyatlari va erkinliklari hamda har bir amerikalik xavfsizligiga xizmat qilishdan oliy chaqiriq yoʻq. Prezident Tramp va uning jamoasi bilan biz bugungi dunyoning paydo boʻlayotgan muammolariga duch kelamiz va bizning hayot tarzimizga putur yetkazmoqchi boʻlganlarga qarshi qatʼiy turamiz. Bizning xalqimiz dadil, qatʼiy yetakchilikka loyiq va u buni taʼminlaydi”, — dedi Uolts.
Bir nechta nufuzli Amerika ommaviy axborot vositalari payshanba kuni Uoltsning ishdan boʻshatilishi haqida yozishdi.
CBS telekanalida oʻz manbalariga tayanib Uoltsdan tashqari uning oʻrinbosari Aleks Vong ham oʻz lavozimini tark etganini xabar qildi.
Tramp maʼmuriyatiga gʻoyaviy jihatdan yaqin boʻlgan “Fox News” telekanali oʻz manbalariga tayanib, Uolts, Vong va Milliy xavfsizlik kengashining bir qancha boshqa xodimlari allaqachon ishdan boʻshatilganini xabar qildi.
Bir necha hafta oldin Uolts “Signal” messenjerida Yaman husiylariga qarshi AQSH zarbalari boʻyicha maxfiy rejalar muhokamasi bilan bogʻliq janjalning asosiy figurasiga aylangandi. Aynan u “Atlantic” jurnali bosh muharririni operatsiya muhokama qilinayotgan suhbat jarayoniga qoʻshgan.
CNN veb-saytining yozishicha, Tramp oʻshanda raqiblariga zudlik bilan yon bermaslik uchun Uoltsni qoʻllab-quvvatlagan. Biroq oʻshandan beri koʻplab rasmiylarga koʻra, Uoltsning isteʼfosi faqat vaqt masalasiga aylangan. Telekanal bilan suhbatlashgan anonim manbaga koʻra, Uoltsga shu hafta boshida uning Milliy xavfsizlik kengashi boshqaruvidagi davri tugagani haqida aytilgan.
“Reuters” agentligining yozishicha, “Signal” chatidagi janjal isteʼfoga yagona sabab boʻlmagan. Agentlik manbasining anonimlik sharti bilan taʼriflashicha, Tramp maʼmuriyatining dinamikasi bilan tanish boʻlgan odam Uoltsni Trampga yoqmaydigan darajada shafqatsiz degan.
Mudofaa boʻyicha tahlilchi Jennifer Kavanax “Responcible Statecraft” nashriga bergan intervyusida “Uolts va Vong Trampning eng yaqin maslahatchilari orasida, jumladan, Eron va Xitoy bilan bogʻliq masalalar, shuningdek, AQSHning Tayvanga nisbatan siyosati boʻyicha lochinlardan edi” dedi.
“Uolts va Vong koʻpincha Eron bilan urushdan qochishni istaydigan va Tayvanni himoya qilishga avvalgi prezidentlarga qaraganda kamroq moyil boʻlgan Tramp bilan hamohang boʻlib tuyulardi”, dedi Kavanax.
Bundan tashqari, “Reuters” manbasiga koʻra, Uolts oʻzining asosiy vazifasi — tashqi siyosat sohasidagi turli boʻlimlar ishini muvofiqlashtirish vazifasini yetarli darajada bajarmagan.
BBCning Shimoliy Amerikadagi muxbiri Entoni Zurkerning tushuntirishicha, “Signal” chatidagi mojaro boshlangan paytdan boshlab, Maykl Uolts buning uchun jazolanganga oʻxshardi. Birinchidan, Zurkerning taʼkidlashicha, Uoltsning akkauntidan jurnalist Jeffri Goldberg tasodifan yashirin suhbatga taklif qilingan. Bundan tashqari, suhbatdagi barcha yuqori martabali maʼmuriyat amaldorlari orasida Tramp Uoltsning ishdan boʻshatilishi va uning oʻrniga tayinlanishi bilan eng kam siyosiy muammolarga duch keladi.
Gap shundaki, milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchi Senat tomonidan tasdiqlanmaydi, shunchaki prezident qarori bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi.
CNNning boshqa nashrlar singari yozishicha, Trampning doʻsti, biznesmen, tadbirkor va prezidentning Yaqin Sharq va Ukraina muzokaralari boʻyicha maxsus vakili Stiv Uitkoff Uoltsni almashtirishi kutilayotgandi, biroq hozircha qaror qabul qilinmagan. Telekanalga koʻra, Uitkoffning oʻzi yaqin odamlariga bu lavozimni egallashni istamasligini aytgan. Telekanal manbalariga koʻra, ular Uitkoff tanlanadi deb oʻylamaydilar, biroq Tramp undan toʻgʻridan-toʻgʻri buni talab qilsa, rozi boʻlishini ham istisno qilishmaydi.
Uolts Donald Trampning yangi maʼmuriyatida ishdan boʻshatilgan birinchi yuqori martabali amaldor boʻldi.
51 yoshli Maykl Uolts milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchi etib tayinlanishidan oldin olti yil davomida oʻz ona shahri Florida shtatidan kongressmen boʻlib ishlagan.
Bundan oldin Uolts harbiy xizmatchi, maxsus kuchlar zobiti edi. U Afgʻoniston, Yaqin Sharq, Afrikada xizmat qilgan, keyin Pentagonda yuqori lavozimda ishlagan va keyinroq prezident Jorj Bush davrida vitse-prezident Dik Cheyni maslahatchisi boʻlgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Hududlarda 34 ta yuqori texnologiyali sanoat loyihalari amalga oshiriladi
- Endilikda muddati oʻtgan tovarlarning sotilishi avtomatik ravishda cheklanadi
- Xorijiy tillarni oʻrganmoqchi boʻlgan yoshlarga “2+6” dasturiga muvofiq subsidiya ajratiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring