Tramp falastinliklarni Gʻazodan koʻchirmoqchi

AQSH Prezidenti Donald Tramp Iordaniya qiroli bilan 1 milliondan ortiq falastinlikni Gʻazodan qoʻshni mamlakatlarga koʻchirish haqida gaplashganini aytdi.
Tramp mintaqadagi asosiy hamkori Iordaniyadan koʻproq falastinlikni qabul qilishni soʻragan. “Men hozir butun Gʻazo sektorini koʻrib chiqyapman va bu haqiqiy tartibsizlik”, — degan Tramp jurnalistlarga.
Iordaniya davlat axborot agentligi Tramp bilan qoʻngʻiroq boʻlgani, biroq falastinliklarni boshqa joyga koʻchirish haqida gap bormaganini bildirgan. Birlashgan Millatlar Tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, qirollikda roʻyxatga olingan 2,39 milliondan ortiq falastinlik qochqinlar yashaydi.
Tramp vayronaga uchragan anklav bilan chegaradosh boʻlgan Iordaniya va Misrda ham odamlarni joylashtirishni xohlashini va yakshanba kuni Misr prezidenti Abdulfattoh As-Sisi bilan bu borada gaplashishini maʼlum qildi.
Misr Tashqi ishlar vazirligi esa yakshanba kungi bayonotida falastinliklarning har qanday majburiy koʻchirilishini rad etishini aytdi. Vazirlik Trampni alohida tilga olmagan, biroq Misrning “falastinliklarni oʻz yerlaridan majburiy koʻchirish yoʻli bilan ketkazishga” qarshi pozitsiyasini yana bir bor taʼkidladi.
“Bunday harakatlar barqarorlikka tahdid soladi, mintaqadagi mojaroning yanada kengayishiga xavf soladi, tinchlik va jipslikda yashash imkoniyatlariga putur yetkazadi”, — deyiladi bayonotda.
Iordaniya tashqi ishlar vaziri ham yakshanba kuni qilgan bayonotida “falastinliklarning oʻz yerlarida qolishini taʼminlash” tarafdori ekanligini eʼlon qildi. “Bizning koʻchirishdan bosh tortishimiz oʻzgarmas pozitsiyadir. Iordaniya iordaniyaliklar uchun, Falastin esa falastinliklar uchun”, — degan Ayman Safadiy.
Vazir, shuningdek, Iordaniyaning ikki davlat yechimini yoqlovchi qatʼiy va oʻzgarmas pozitsiyasini yana bir bor taʼkidladi. Shu qatorda Misr Tashqi ishlar vazirligi oʻz bayonotida xalqaro hamjamiyatni Isroil-Falastin mojarosini ikki davlat asosida hal etishni qoʻllab-quvvatlashga chaqirdi.
Trampning izohlari Gʻazoning katta qismini vayronaga aylantirgan Isroil va HAMAS oʻrtasidagi urushning 15-oyiga toʻgʻri keladi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, Isroil havo hujumlari binolarning 60 foiziga, shu jumladan, maktablar, kasalxonalar va uylarning 92 foiziga zarar yetkazgan yoki vayron qilgan. Gʻazo aholisining qariyb 90 foizi koʻchirilgan va ularning katta qismi 10-martadan koʻproq koʻchishga majbur boʻlgandi.
Trampning mulohazalari AQSHning uzoq yillik tashqi siyosatiga ziddek koʻrinadi. Isroil ham falastinliklarni Gʻazodan chiqarib yuborishni rad etib keladi, biroq bu tashabbus koalitsiyaning oʻta oʻng guruhlari tomonidan qoʻllab-quvvatlanib kelinmoqda.
HAMASning yuqori martabali mulozimlaridan biri Bassem Naimning aytishicha, Trampning oʻz vatanlarini tark etish boʻyicha hech qanday taklif yoki yechimni qabul qilmaydi.
Avvalroq, Tramp Gʻazoni qayta qurishda rol oʻynashi mumkinligini aytib, uni dengizdagi ajoyib joy va eng yaxshi ob-havoga ega, deb maqtagandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda 8-iyundan chiqindidan qarzdorlar elektr uchun toʻlov qilolmaydi
- AQSHda jurnalist qiz Trampning yuziga mikrofon bilan urib yubordi (+video)
- Endi taʼlim granti talabalarning oʻzlashtirishiga qarab har yili qayta taqsimlanadi
- Oʻzbekistonda Imom Moturidiy tavalludining 1155-yilligi keng nishonlanadi
- “Qamchiq” dovonida fuqarolarga yordam koʻrsatilmoqda. Qoʻshimcha poyezd qatnovi yoʻlga qoʻyilgan
- Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti QS reytingida TOP–500 talikdan joy oldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring