Tojikiston Rogʻun GESi qurib bitkazilishi uchun Jahon bankidan yordam soʻradi
Tojikiston Milliy banki raisining birinchi oʻrinbosari J.Nuraliyev Jahon banki katta iqtisodchisi Goar Gyuluman va JBning Tojikistondagi vakolatxonasi boshligʻi Yan Piter Olters bilan uchrashuvda ana shunday iltimos bilan chiqqan. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar berdi.
J.Nuraliyev muloqot davomida Rogʻun GESi “mintaqa davlatlarini arzon elektr energiyasi bilan taʼminlash yoʻlida” muhim mintaqaviy ahamiyatga ega ekanligini taʼkidlagan. U Jahon banki vakillariga Rogʻun gidrouzeli qurilishi loyihasini amalga oshirishni davom ettirish uchun xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga koʻmak berishlarini soʻrab murojaat qilgan.
Hozirgacha Tojikiston ushbu gidroelektr stansiyasini oʻz mablagʻlari hisobiga bunyod etyapti. Mamlakat moliya vazirligi maʼlumotiga koʻra, mazkur maqsadlar yoʻlida 2019 yilda mamlakat byudjetidan 2 mlrd. 100 mln somoni (222 mln. AQSH dollari) yoʻnaltirilgan. Oʻtgan yilda esa buning uchun 4,7 mlrd. somoni sarflangan boʻlsa, shundan 3,4 mlrd. somonisi byudjet mablagʻlari, qolgan Tojikistonga ajratilgan yevrobondlar hisobidan qoplangan.
Eslatib oʻtamiz, 2017 yil sentabr oyida Tojikiston okean ortidagi jahon bozorida 500 million AQSH dollariga teng davlat qimmatbaho qogʻozlarining birinchi partiyasini muvaffaqiyatli sotgan edi. Oʻshanda obligatsiyalarning foyda foizi yiliga7,125 foizni tashkil etdi. Mamlakat ichkarisida sotilgan Rogʻun GESi aksiyalaridan 980 mln. somoni miqdorida mablagʻ kelib tushgan. Ularning katta qismi gidroelektr stansiyasi uchun asbob-uskunalar sotib olish uchun ishlatildi.
Maʼlumot uchun, Rogʻun GESi 6 agregatdan iborat boʻladi. U foydalanishga topshirilganidan soʻng bir yilda17 mlrd. kVt. energiya ishlab chiqariladi. Mamlakat rasmiylarining fikricha, bu nafaqat Tojikistonni arzon elektroenergiya bilan taʼminlashga, balki qoʻshni Afgʻoniston va Pokistonga ham elektr energiyasi eksport qilishga imkon beradi.
Jahon bankining Tojikistondagi vakolatxonasi rahbari Yan Piter Olters oʻz navbatida JB Rogʻun GESi qurilishi loyihasini qoʻllab quvvatlashi, chunki bu mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilishga yordam berishini bildirgan.
“Ushbu masalani hal qilishda mazkur loyiha keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan moliyaviy xatarlarini bartaraf etish uchun mamlakat iqtisodiy modelini modernizatsiya qilish yoʻllarini strategik muhokama qilishni tashkil etish, xususiy sektor faoliyati, energetika va boshqa tarmoqlarda yangi texnologiya va usullardan foydalanishni ragʻbatlantirish lozim”, - degan u.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring