Toshkentda “Jadidlar orzusi” spektaklining premyerasi boʻlib oʻtdi

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati, Oliy Majlis huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi hamkorligida XX asr boshlarida xalqimizni ozodlik va ilm-maʼrifatga chorlab, tom maʼnoda millatni uygʻotish umidida yashagan jadid bobolarimiz hayotiga bagʻishlangan “Jadidlar orzusi” spektakli sahnalashtirildi.
Bugun, 17-may kuni Oʻzbekiston Kasaba uyushmalarida federatsiyasi saroyida ushbu sahna asarining premyerasi boʻlib oʻtdi. Unda poytaxtimizdagi Oliy taʼlim muassasalari rektorlari, Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha prorektorlar shuningdek, maktab direktorlarining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlari, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzolari, yosh targʻibotchilar ishtirok etdilar.
Spektakl namoyishi avvalida davlatimiz rahbarining Surxondaryo viloyatiga tashrifi doirasida bildirgan taklifi asosida joylardagi Maʼnaviyat va maʼrifat Kengashlarining ishchi tuzilmasi sifatida hududlardagi 4 ta sektorga qoʻshimcha sifatida tashkil qilingan beshinchi “Maʼnaviyat sektori”ning taqdimoti oʻtkazildi. Shuningdek, “Men harbiy boʻlaman” kitobi taqdimoti ham namoyish etildi. “Turon” koʻrik-tanlovi ishtirokchilari Maʼrifatparvar jadidlar sahna asarlaridan parcha ijro etishdi.
“Z avlod”ni oʻquv jarayoniga jalb qilish va zamonaviy ijtimoiy koʻnikmalarni rivojlantirish va ular bilan ishlashning yangi tamoyillari yuzasidan “X, Y va Z avlod” taqdimoti boʻlib oʻtdi. “Oʻzbek milliy oilasi” koʻrgazmasi hamda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti talabalari tomonidan ishlangan JADIDLAR portretlari yigʻilganlarga ayniqsa manzur boʻldi.
Shundan soʻng kechaning asosiy tadbiri “Jadidlar orzusi” spektakli boshlandi. Sahna asari Turkistonda bir necha maktablar ochilishiga sababchi boʻlgan, birinchi oʻzbek dramaturgi Mahmudxoʻja Behbudiy, oʻzining “Jamiyati xayriya” fondi tufayli yetim bolalarni chet ellarda oʻqishiga beminnat hissa qoʻshgan Abdulla Avloniy va milliy uygʻonish harakatining yana bir namoyandasi Abdulhamid Choʻlpon hayotiga bagʻishlandi.
Unda oʻz davrida bobolarimiz har qanday qiyinchiliklarga qaramasdan vatan ravnaqi, yurt osoyishtaligi va eng muhimi xalqimiz erk tushunchasini his qilishi uchun tolibi ilmlar safi kengayishida koʻrsatgan behisob xizmatlari tilga olindi.
Jadidlarni eslarkanmiz bu Samarqandda Behbudiydan tashqari Abduqodir Shakuriy, Saidahmad Hasanxoʻja oʻgʻli Siddiqiy, Toshkentda Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Ubaydullaxoʻja Asadullaxoʻjayev, Abdulla Qodiriy, Buxoroda Abdurauf Fitrat, Sadriddin Ayniy, Fayzulla Xoʻjayev, Fargʻona vodiysida Hamza Hakimzoda Niyoziy, Obidjon Mahmudov, Abdulhamid Choʻlpon, Isʼhoqxon Ibrat, Xivada Bobooxun Salimov, Polvonniyoz hoji Yusupov nomlarini tilga olmasdan ilojimiz yoʻq. Turkistonda jadidchilikni XIX asr oxiri XX asrning boshlarida ziyolilarning xalq orasida ozodlik, demokratiya, madaniy – maʼrifiy gʻoyalarini keng targʻibot qilish va amalga oshirishga qaratilgan milliy taraqqiyparvarlik harakati deb olsak, yuqorida nomi zikr qilingan insonlar shu harakat yoʻlboshilaridir.
Maʼlumki, Jadidlarimiz siyosiy ishlar – haq-huquq, milliy davlat, hokimiyat masalalari bilan muntazam shugʻullandilar. Ayni paytda maktab-maorif isloh qilina boshlandi. Milliy matbuot yoʻlga qoʻyildi. Teatr paydo boʻldi. Yangi adabiyot shakllandi, bir soʻz bilan aytganda, yangi tafakkur maydonga keldi. Bu – millatning oʻzligini anglash va mustaqillik mafkurasi edi. Bu hol, shubhasiz, millatning keyingi 3-4 asrlik tarixiy taraqqiyotida misli koʻrilmagan hol edi.
Spektakl namoyishidan koʻzlangan maqsad ham har bir vatandoshimiz qalbida jadid bobolarimizdagi shiddatni uygʻotish, ularni millat birligi va taraqqiyoti yoʻlida yagona maqsad sari ogʻishmasdan yakdillikda harakat qilishga undashdir. Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taʼbiri bilan aytganda esa, “Maʼrifatparvar ajdodlarimizning merosi bugun biz qurayotgan huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati uchun poydevor boʻlib xizmat qilishi tabiiy. Bu kimgadir yoqadimi yoki yoʻqmi, xalqimiz jadid bobolarimiz koʻrsatib bergan yoʻldan ogʻishmay borishi kerak. Chunki ularning gʻoya va dasturlari Yangi Oʻzbekistonni barpo etish strategiyasi bilan har tomonlama uygʻun va hamohangdir”.
Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Toshkentda “Iqtisodiyot va biznes boshqaruvi sohalarida ilgʻor tadqiqotlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy simpozium oʻtkazildi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring