Toshkentda VI Oʻzbekiston Gidlar forumi boʻlib oʻtdi

11:33 22 Fevral 2023 Madaniyat
380 0

Joriy yilning 21-fevral – Butunjahon Gidlar kuni Toshkentdagi “Radisson Blu Hotel, Tashkent” mehmonxonasida VI Oʻzbekiston Gidlar Forumi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi hamda uning huzuridagi Madaniy meros obyektlari muammolarini oʻrganish va turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti, Milliy PR markazi hamkorligida tashkil etilgan forum “Ekskursiya faoliyati: hamkorlik va innovatsiyalar” mavzusiga bagʻishlandi.

Forumda nutq soʻzlagan Madaniyat va turizm vaziri maslahatchisi Shavkat Ortiqov tadbirning ahamiyatiga alohida toʻxtalib oʻtdi.

«VI Oʻzbekiston Gidlar forumi 250 dan ortiq ishtirokchi – davlat va xususiy sektor vakillari, professional gidlar, ekskursiya yetakchilari, koʻp yillik tajribaga ega tarjimonlar, tajribali yoʻriqchi – yoʻl boshlovchilar, taniqli olimlar, shuningdek, xalqaro ekspertlar uchun jonli muloqot maydoniga aylandi, – dedi Shavkat Ortiqov. – Forum qisqa muddatli boʻlishiga qaramay, barcha qatnashchilarga qimmatli bilim va tajriba almashish, respublika turizm sanoatining muhim yoʻnalishlaridan biri – ekskursiya faoliyatini rivojlantirish istiqbollari toʻgʻrisida oʻz qarashlarini bildirish, taqdim etish imkonini berishiga ishonamiz».

Tadbirda onlayn tarzda qatnashgan Butunjahon Sayyohlik Gidlar Assotsiatsiyalari Federatsiyasi prezidenti Alushka Ritchi forum tashkilotchilariga minnatdorlik bildirdi.

«Yil boshida hamkasblar bilan uchrashib, ular bilan fikr va tajriba almashish juda muhim, chunki turizmning muhim qismi boʻlgan gidlar faoliyatini birgalikda harakat qilibgina yangi darajaga olib chiqishimiz mumkin, – dedi Ritchi. – Shubhasiz, bugungi kabi forumlar gidlarni oʻz ustilarida yanada koʻproq ishlashga undaydi. Ular qanday kamchiliklari borligi, yana nimalar qilishlari kerakligi borasida aniq yoʻnalish olishadi».

Oʻz navbatida, Hindiston Gidlar Federatsiyasi prezidenti Narendra Singh Rathur esa kelgusida Oʻzbekiston va Hindistonda oʻzaro hamkorlikda ana shunday tadbirlar oʻtkazish rejalashtirilganligini qayd etdi.

«Gidlar turizm sanoatida katta rol oʻynaydi, – dedi Rathur. – Oʻzbekiston gidlari bilan 5 yildan buyon birgalikda ishlab kelyapmiz. 2019-yilda Hindiston Gidlar Federatsiyasi shafeligida oʻzbekistonlik va hindistonlik gidlar ishtirokida Toshkentda qoʻshma konferensiya tashkil etilgandi, bu oʻziga xos yangilik boʻlgan. Kelajakda ham oʻzaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlashni davom ettiramiz».

Taʼkidlash lozimki, forumda maʼruzachilar respublika iqtisodiyotining strategik tarmogʻi sifatida turizm va mehmondoʻstlik sohasini yanada rivojlantirish, professional gidlar hamjamiyatini koʻp tarmoqli va sifatli shakllantirish va boshqa dolzarb masalalar boʻyicha oʻz fikr-mulohazalari bilan oʻrtoqlashishdi.

Forum doirasida «Transformatsiya davrida ekskursiyashunoslik» mavzusida yalpi majlis boʻlib oʻtdi. Shuningdek, “Zamonaviy taʼlim: gidlar uchun yangi taʼlim loyihalari”, “Oʻzbekiston gidlar uyushmasi: yutuqlar va kelajakdagi rejalar”, “Oʻzbekiston ekstremal va togʻ turizmi federatsiyasi: turizmning faol turlarini rivojlantirishning hozirgi holati va istiqbollari”, “Turoperator va gid. Zamonaviy turizm haqiqatlari. Turoperatorning giddan kutganlari”, “Vino turizmi: yangi ekskursiya yoʻnalishi”, «Progressive Web App (PWA) - Turistlar uchun innovatsion mobil ilovalar», “Gidlar uchun zamonaviy professional uskunalar” kabi mavzularda maʼruza va taqdimotlar ham oʻtkazildi. Unda Madaniy meros obyektlari muammolarini oʻrganish va turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti direktori Yelena Golisheva, Oʻzbekiston gidlar uyushmasi raisi Nargiza Salomova, Oʻzbekiston ekstremal va togʻ turizmi federatsiyasi raisi Leonid Kozlovskiy va boshqa mutaxassislar oʻz maʼlumotlari va tajribalari bilan boʻlishdi.

Oʻzbekiston gidlar uyushmasi raisi Nargiza Salomova oʻzbekistonlik gidlarning boshqa mamlakat gidlaridan farqli jihatlarini aytib oʻtdi.

“Oʻzbekistonda gidlar oʻz ustida koʻproq ishlaydi. Qolaversa, bizning gidlarimizda vatanparvarlik hissi kuchli, – dedi Nargiza Salomova. –Taʼkidlashim kerakki, gidlarimiz har uch yilda malakaviy imtihon topshirishadi. Agar sinovdan oʻta olmasa, keyingi uch yil ishlay olmaydi. Chunki ularga gid sifatida ishlashga ruxsat berilmaydi. Natijada imtihondan oʻta olmagan gid bilimini oshirishga harakat qiladi. Bu esa juda muhim, chunki gid Oʻzbekistonning «yuzi” hisoblanadi. U bilimli, xushmuomala va, albatta, yaxshi notiq boʻlishi kerak».

Qayd etish joizki, Forum doirasida “Kitob bilan sayohat” kitob yarmarkasi tashkil etilib, unda ishtirokchilar turli yoʻnalishlar (tarix, arxeologiya, dinshunoslik, ixtisoslashtirilgan mavzular va boshqalar) boʻyicha bir qancha kitoblar bilan tanishish imkoniga ega boʻlishdi.

Bundan tashqari, tadbir davomida “Ekskursiya imo-ishoralarda” loyihasi ishtirokchilarini gidlar jamoasi safiga tantanali qabul qilish marosimi ham oʻtkazildi.

Shuningdek, Oʻzbekistonning turizm salohiyati aks etgan qator mualliflik taqdimotlari namoyishlari ham boʻlib oʻtdi. Mazkur taqdimotlar yurtimizning diqqatga sazovor maskanlari, milliy liboslari, oʻziga xos urf-odatlari, qadriyatlari va boshqa muhim jihatlarini qamrab oldi.

Forum yakunida esa namunali xizmat koʻrsatgan gidlar qator nominatsiyalar boʻyicha taqdirlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?