Toshkentda tez tibbiy yordam xodimlari bemorni podyezdga tashlab ketmoqchi boʻldi. SSV bunga izoh berdi

23:01 07 Mart 2025 Jamiyat
272 0

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida tez tibbiy yordam xodimlari bemorni 4 soat olib yurib, soʻng podyezdga tashlab ketgani haqida xabarlar tarqaldi. Sogʻliqni saqlash vazirligi holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, fuqaro M.B. (1953-yilda tugʻilgan, uyi va aniq yashash manzili yoʻq) nomiga 2025-yil 23-fevraldan boshlab tez tibbiy yordam xizmatiga bir necha marotaba murojaatlar qayd qilingan va har safar unga tibbiy xizmatlar koʻrsatilgan.

Bundan tashqari, M. B. 4-son va 1-son shahar klinik shifoxonalariga bir necha marta olib borilgan. Jumladan, 6-martning oʻzida uning nomidan 4-marta chaqiruv uyushtirilgan va hammasida tibbiy xizmatdan foydalangan.

6-mart kuni soat 10:53 da Boʻzsuv 1/21 manziliga shu yerda yashovchi fuqaro tomonidan chaqiriq berilgan. Tez tibbiy yordam brigadasi oʻz vaqtida yetib borib, bemorni birlamchi tibbiy tekshiruvdan oʻtkazadi. Soʻngra u 1-son shahar klinik shifoxonasiga olib borilgan. Qabul boʻlimida shoshilinch holat inkor qilingach, u yashash manzili aniq boʻlmagani uchun 102 xizmatiga xabar berilib, olib ketilgan manzilga keltirib qoʻyilgan.

“Keyingi chaqiriq esa soat 13:34 da Boʻzsuv 1/21 manziliga IIB xodimi tomonidan amalga oshirilgan. Voqealar rivoji deyarli bir xilda davom etadi, faqat yakunda bemor bu safar yashash manzilini Buyuk ipak yoʻli koʻchasi, 421-uy deb koʻrsatgani sababli tibbiy brigada tomonidan Call-markaz katta shifokori hamda 112 va 102 xodimlari bilan gaplashilib, aytilgan manzilga keltirib qoʻyilgan”, deyiladi munosabatda.

Qayd etilishicha, soat 19:48 da Buyuk ipak yoʻli koʻchasi, 421-uyga yoʻlovchi fuqaro tomonidan navbatdagi chaqiruv boʻladi. Tez tibbiy yordam brigadasi oʻz vaqtida yetib boradi. Bemorni birlamchi tibbiy tekshiruvdan oʻtkazadi. Shoshilinch holat inkor qilinib, u manzilning oʻzida qoldiriladi.

Toʻrtinchi chaqiruv kechki payt soat 20:31 da Buyuk ipak yoʻli koʻchasi, 421-uy manziliga IIB xodimi tomonidan amalga oshirilgan. Tez tibbiy yordam brigadasi tezkor ravishda vaqtida yetib boradi va joyida bemorni birlamchi tibbiy tekshiruvdan oʻtkazadi.

IIB xodimi taklifi bilan yana qaytadan 1-shahar klinik shifoxonasiga olib borilgan. Qabul boʻlimida mutaxassis tomonidan qoʻyilgan oʻng tomonlama sut bezining yiringli yarasi tashxisi asosida qabul boʻlimida qoldirilgan.

Maʼlum qilinishicha, fuqaro M.B. ayni paytda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Toshkent shahar filialida rejali ravishda muolajalar olmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер