Toshkentda “Qishda qushlarga koʻmak” aksiyasi oʻtkazildi
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan 3-fevral — Xalqaro qushlarni oziqlantirish kuniga bagʻishlab “Qishda qushlarga koʻmak” aksiyasi oʻtkazildi. Toshkent Botanika bogʻidagi tadbirda 200 ga yaqin yosh ekofaollar, volontyorlar qatnashdi.
“Ekologiya vazirligi tomonidan har yili qishning sovuq kunlarida hayvonlarni, jumladan, qushlarni sovuqdan asrash, bioxilma-xillikni saqlab qolish maqsadida respublikamizdagi barcha muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarda biotexnik tadbirlar oʻtkaziladi. Bu yil ham muhofaza hududlaridagi qushlar, hayvonlar koʻp toʻplanadigan joylarga yem, don, xashak kabi ozuqa vositalari qoʻyib chiqildi, — dedi Ekologiya vazirligining bioxilma-xillik siyosati boʻlimi boshligʻi Abdurashid Sadikov. —Bugungi aksiyamiz ham biotexnik tadbirlarning davomi hisoblanadi. Maqsadimiz nafaqat qushlarni asrab qolish, balki, kelajak avlodda, yoshlarda qushlarga, hayvonlarga nisbatan mehr-muhabbat tuygʻusini, ularni saqlab qolishga daxldorlik hissini shakllantirishdir”.
Aksiya davomida ishtirokchilar bogʻdagi daraxtlarga qush inlarini oʻrnatib, unga ozuqalarni qoʻyib chiqishdi. Shuningdek, bogʻning turli hududlariga ham ozuqalar tarqatildi.

“Bu aksiya nafaqat Toshkent, balki, respublikamizning barcha hududlarida oʻtkazildi. Jami 1500 ga yaqin yosh ekofaollar ishtirok etdi, — dedi Ekologiya vazirligi Volontyorlar va ekofaollar bilan ishlash boʻlimi boshligʻi Zarrina Abdullayeva. — Koʻngillar, ekofaollar tomonidan qushlar koʻp toʻplanadigan joylarga ozuqa mahsulotlari qoʻyib chiqildi. Nafaqat qushlar, balki, barcha tirik jonzotlarni asrab qolishga qaratilgan tadbirlarimiz keyingi yillarda ham davom ettiramiz”.
Maʼlumot uchun, bugungi kunda yurtimizda jami 487 turdagi qushlar mavjud. Bulardan 52 turdagi qushlar Qizil kitobga kiritilgan, yaʼni noyob qushlar hisoblanadi. Uchrash xususiyatiga koʻra, qushlarning 86 turi oʻtroq, 122 turi uyalovchi, uchib oʻtuvchi, 63 turi faqat uchib oʻtuvchi, 80 turi uchib oʻtuvchi, qishlovchi, 16 turi qishlovchi, 54 turi uyalovchi, uchib oʻtuvchi va qishlovchi, 55 turi tasodifan uchib keluvchi (kamdan-kam holda uchrovchi) qushlar hisoblanadi. Umumlashtirib aytganda, yurtimizda uchrovchi qushlarning 320 turi migratsiyada ishtirok etadi.
Xalqaro qushlarni oziqlantirish kunining tarixi 1890–1891-yillarga borib taqaladi. Oʻsha yillari Yevropadan qish juda sovuq keladi, Sena va Temza daryolari muzlaydi. Angliya nashrlarida esa odamlardan qushlarni boqib olish, parvarishlash soʻralgan eʼlonlar chop etiladi. Bora-bora Angliyada har yili qish faslida qushlarni oziqlantirish odat tusiga kiradi. Koʻp oʻtmay qushlarni boqish butun dunyoda anʼanaga aylanadi. 1984-yilda Xalqaro qushlarni oziqlantirish oyligi boʻlib oʻtadi va 1994-yilda 3-fevral Xalqaro qushlarni oziqlantirish kuni deb eʼlon qilinadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- “Oltin kuz” II Xalqaro kamer va simfonik musiqa festivali boʻlib oʻtadi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Mashinada xavfsizlik kamarini taqish mumkin boʻlmagan kasalliklar roʻyxati tasdiqlanadi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring