Toshkentda Oʻzbekiston-Fransiya hukumatlararo komissiyasining yigʻilishi boʻlib oʻtdi

17:13 05 May 2023 Siyosat
832 0

Joriy yilning 5-may kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov hamda Fransiya Tashqi savdo, iqtisodiy jozibadorlik va chet eldagi fuqarolar ishlari boʻyicha delegat vaziri Oliver Besht raisligida Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Fransiya hukumatlararo komissiyasining 9-yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari, tarmoq birlashmalari rahbarlari, ishbilarmon doiralari vakillari ham ishtirok etdi.

Yigʻilishda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, sanoat va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Hukumatlararo muloqot doirasida tovar ayirboshlash hajmi oʻsishining ijobiy tendensiyasi qayd etildi. GSP+ benefitsiari maqomi tufayli 2022-yilda Fransiyaga yuborilgan eksport qariyb 3,5 baravarga oʻsdi, joriy yilda esa oʻzaro savdo hajmi 3 barobar koʻpaydi. Shu bilan birga, ikki tomonlama savdoni kengaytirish va diversifikatsiya qilish borasida mavjud resurslarni safarbar etish zarurligiga eʼtibor qaratildi. Shu nuqtai nazardan, savdo toʻsiqlarini bartaraf etish, savdo uylarini ochish, oʻzaro koʻrgazma va yarmarkalar tashkil etish, ikki tomonlama savdoni rivojlantirish boʻyicha oʻrta muddatli dasturni tasdiqlash yuzasidan chora-tadbirlar koʻrish taklif etildi.

Tadbirda ikki davlat iqtisodiyotining raqobatbardosh ustunliklari – Oʻzbekistonning resurslari, MDH, Yevropa Ittifoqi, Janubiy Osiyo bozorlariga chiqish imkoniyatlari, rivojlangan infratuzilmasi hamda fransuz hamkorlarining ilgʻor texnologiyalarini, tajribasi, innovatsion mahsulotlari va xizmatlarini sinxronlashtirish asosida sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi.

Tomonlar energetika va suv xoʻjaligi sohasida amaldagi kelishuvlar va hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlariga alohida eʼtibor qaratdilar. “Total Eren”, “EDF”, “Voltalia” va “Suez” kompaniyalarining Oʻzbekistondagi faoliyatiga yuqori baho berildi hamda mamlakatimizning qator hududlarida “yashil energetika”ni rivojlantirish va suv taʼminoti tizimlarini modernizatsiya qilish boʻyicha munosabatlarni kengaytirishga oʻzaro qiziqish bildirildi.

Yigʻilish kun tartibi doirasida bank-moliya va turizm sohalarida ham sheriklikni rivojlantirish istiqbollari koʻrib chiqildi.

Tadbir chogʻida delegatsiyalar rahbarlarining tor doiradagi uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Tomonlar diqqat markazida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning Fransiyaga 2022-yil noyabr oyida boʻlib oʻtgan rasmiy tashrifi yakunlari boʻyicha qabul qilingan “Yoʻl xaritasi”ni amalga oshirish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlar ijrosi boʻldi.

Yigʻilish yakunlari boʻyicha HK yigʻilishining yakuniy bayonnomasi, Chimyonda umummavsumiy turistik markazini rivojlantirish boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim, Qashqadaryo viloyati ichimlik suvi taʼminoti tizimini modernizatsiya qilish va Yakkabogʻ shahrida magistral suv quvurlari qurilishi boʻyicha Oʻzaro anglashuv memorandumi, Toʻqimachilik sanoatini rivojlantirish boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim, shuningdek, “Chimyon turistik zonasini qurish” xalqaro umummavsumiy kurort loyihasi doirasida shartnoma imzolandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?