Toshkentda Fan va innovatsiyalar kuni oʻtkazildi
Foto: “Xalq soʻzi”
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) Fan va innovatsiyalar forumi — 2023 shafeligida 2—5-oktabr kunlari boʻlib oʻtadigan Yevropa va Markaziy Osiyo uchun Mintaqaviy Fan va innovatsiyalar haftaligi doirasida 3-oktabrda Toshkentda fan va innovatsiyalar kunini oʻtkazdi.
FAOning Mintaqaviy fan va innovatsiyalar haftaligidagi vazifasi hukumatlar, ilmiy-tadqiqot institutlari, fuqarolik jamiyati tashkilotlari va xususiy sektorga fan, tadqiqot, innovatsiyalar integratsiyasi sohasida, shuningdek, Yevropa va Markaziy Osiyoda yanada barqaror, inklyuziv va tashqi taʼsirlardan himoyalangan agro-oziq-ovqat tizimlariga oʻtishni jadallashtirish jarayonida siyosat bilan oʻzaro hamkorlik mexanizmlari muhokama qilish va tajriba almashish platformasini tashkil qilish hisoblanadi.
Toshkentda Fan va innovatsiyalar kuni FAOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Toshkent Davlat agrar universiteti bilan hamkorlikda tashkil etildi. Tadbir Oʻzbekistonda yer resurslarini kompleks boshqarishni (Integrated Land Management – ILM) joriy etish boʻyicha ilm-fan, amaliyot va siyosat integratsiyasiga bagʻishlandi. Unda professor-oʻqituvchilar, tadqiqotchi olimlar, tegishli vazirlik va idoralar vakillari, fermer xoʻjaliklari rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbirda taʼkidlanganidek, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan FAO mandatida yer resurslarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish muhim oʻrin tutadi. Tuproqlar oziq-ovqat ishlab chiqarish va koʻplab muhim ekotizimlar uchun muhim asosdir. Qayd etilganidek, innovatsion usullarga asoslangan yer resurslarini barqaror boshqarish qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining ozuqaviy qiymatini yaxshilash, shuningdek, iqlim oʻzgarishi oqibatlariga moslashish va ularni yumshatishga yordam beradi.
Global ekologik jamgʻarma (Global Environment Facility — GEF) moliyaviy koʻmagida FAO Oʻzbekistonda ekologik barqarorlikni mustahkamlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, bioxilma-xillikni saqlash va tuproqlarni sogʻlomlashtirishni taʼminlashga qaratilgan yirik loyihalarni amalga oshirmoqda. Ular “Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurgʻoqchil va shoʻrlangan qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish” mintaqaviy loyihasi xamda Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Oʻzbekistonda oziq-ovqat tizimlarining yerdan foydalanish va qayta tiklashga taʼsirini baholash dasturi” va “Oʻzbekistonning qurgʻoqchilikka uchragan ekotizimlarida yaylovlar va oʻrmonlarni barqaror boshqarish” loyihalaridir.
Fan va innovatsiyalar kuni doirasida FAOning yuqorida qayd etilgan loyihalari doirasida Oʻzbekistonda yerlarni uygʻunlashgan boshqaruvini yanada kengroq tatbiq etish uchun ilm-fan va innovatsiya yutuqlarini qoʻllash boʻyicha maʼruzalar tinglandi. Ilmiy jamoatchilik vakillari, FAO ekspertlari, vazirlik va idoralar mutaxassislari mazkur yoʻnalishdagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- AQSH Adliya vazirligi Epshteyn ishi boʻyicha 3 millionta faylni eʼlon qildi
- Oʻzlikni anglash sari muhim qadam: “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi taqdimot qilindi (+video)
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Buyuk shoirning Samarqanddagi tabarruk izlari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring