Toshkentda barpo etilayotgan «Kelajak shahri» shaharsozlik haqidagi tasavvurlarni butunlay o‘zgartirib yuboradigan noyob loyihadir
“Tashkent Sity” shahar ichidagi yangi shahar bo‘lishi kerak, bu shaharcha katta sur’atlar bilan rivojlanayotgan O‘zbekistonimizning bor salohiyatini o‘zida to‘la namoyon etishi zarur.
Shavkat MIRZIYOYEV.
Bugungi shiddatkor davrga hamohang ilm-fan, texnika ham shitob bilan rivojlanmoqda. Natijada hayotimizga zamonaviy texnologiyalar tobora chuqurroq kirib, uning samaralari hamma jabhada o‘z aksini topayotir. Bu, ayniqsa, qurilish sohasida yangi usul va yondashuvlar paydo bo‘lishiga katta turtki bo‘layaptiki, pirovardida shaharsozlikda innovatsion loyihalar ro‘yobga chiqarilmoqda. Ular rivojlangan davlatlarda “Kelajak shahri” yoki “Yangi shahar” deb nomlanayapti.
Quvonarlisi, bunday ulkan loyihalarga yurtimizda ham qo‘l urilmoqda. “Tashkent Sity” xalqaro ishbilarmonlik markazi mamlakatimizdagi dastlabki ana shunday zamonaviy majmuadir.
Eskicha qarashlardan voz kechilmoqda
— Toshkent haqidagi ilk taassurotingiz qanday?
Xorijlik mehmonlar bilan suhbatlashganda, shu savolga ham javob olishga odatlanganmiz. Negaki, shahrimizga birinchi bor kelgan odamning u haqidagi fikri qiziq, muhimi, xolis bo‘ladi. E’tiborli jihati, ularning aksariyati Toshkent yashillikka burkangan ozoda, ayni paytda sokin shahar, odamlari xushmuomala ekanligini hayrat bilan aytishadi. Gap orasida esa megapolisga xos baland binolar yo‘qligini ham qo‘shib qo‘yishadi.
Darhaqiqat, keyingi yillarda mamlakatimiz bosh kentida qurilish-obodonlashtirish ishlari ko‘lami kengayib, zamonaviy inshootlar bunyod etilayotgan bo‘lsa-da, ular orasida osmono‘parlari deyarli yo‘q. Quruvchiyu me’morlarning tan olishicha, oxirgi chorak asr davomida barpo qilingan imoratlar ichida “O‘zmilliybank” binosi eng balandi hisoblanadi.
Nega shaharsozlikning bu yo‘nalishida ortda qolayapmiz? Vaholonki, hali fan-texnika taraqqiy etmagan, ko‘plab elatlar g‘arib maskanlarda umrguzaronlik qilib yurgan pallalarda zaminimizda muhtasham obidalar, boqsangiz boshingizdan do‘ppingiz tushib ketadigan darajada mahobatli minoralar barpo etilgan-ku?!
Bu xususda so‘z yuritganda, dastavval odamlar tafakkurida qotib qolgan o‘sha eskicha qarash — seysmologik nuqtai nazardan hududimizda baland inshootlar tiklash xavfli, degan vajga to‘qnash kelasiz. Shunday paytda seysmik jihatdan eng faol hisoblangan Yaponiyada ham aqlingizni shoshiradigan inshootlar qurilayotgani, yer resurslari cheklangan yana ko‘plab davlatlarda esa hatto suv ustida kichik shaharchalarga asos solinayotganini o‘ylab, taajjubga tushasan kishi.
Mutaxassislarning fikricha, hech bir davlatda binolar balandligiga cheklovlar qo‘yilmagan. Xususan, “O‘zbekistonda ko‘p qavatli inshootlar barpo qilish mumkin emas”, degan texnik asos yo‘q. Hamma gap qurilish ishlarini pishiq loyiha asosida har tomonlama mustahkam va sifatli ado etishda, xolos.
Shu bois bugun shaharsozligimizda eko, smart hamda innovatsion texnologiyalarga asoslangan loyihalar hayotga tatbiq qilinayapti. Poytaxtimizda ana shunday yuksak texnologiyalar asosida qurilayotgan “Tashkent Sity” xalqaro ishbilarmonlik markazi mintaqamizda shaharsozlik haqidagi tasavvurlarni butunlay o‘zgartirib yuborishi aytilmoqda. Sababi, bu yerda vaqt bilan hamohang, taraqqiyotning asl namunalarini o‘zida mujassamlashtirgan muhtasham imoratlar solinadi. Boshqacha aytganda, respublikamizda birinchi bor qirq qavatgacha bo‘lgan binolar tiklanadi!
Ishbilarmonlik markazining yetti mo‘’jizasi
Yangi shaharcha uchun poytaxtimizning qoq markazi — Alisher Navoiy, Olmazor, Islom Karimov va Furqat ko‘chalari oralig‘idagi 80 gektar yer maydoni ajratilgan. Ayni paytda ushbu hududda oliy martabali mehmonlar ishtirokida xalqaro anjumanlarni o‘tkazishga mo‘ljallangan Kongress-xoll hamda yigirma qavatdan iborat besh yulduzli zamonaviy mehmonxona qurilishi boshlab yuborilgan. Ikkala inshoot o‘zaro uyg‘unlikda loyihalashtirilgan bo‘lib, bir-birini maxsus ko‘prik bog‘lab turadi.
Quruvchi-muhandislarning ta’kidlashicha, mazkur ob’ektlar 2019 yilning sentyabr oyiga qadar foydalanishga topshirilishi mo‘ljallanmoqda. Qolganlari-chi? Umuman, markazda yana qanday ob’ektlar bunyod etiladi? Uning afzalliklari, o‘ziga xos jihatlari nimalarda ko‘rinadi? Shahar aholisi hamda mehmonlari uchun qanday qulayliklarga ega bo‘ladi?
— “Tashkent Sity” xalqaro ishbilarmonlik markazi nafaqat yurtimizdagi, balki Markaziy Osiyodagi eng yirik va yangi loyiha hisoblanadi, — deydi “Tashkent Sity” xalqaro biznes markazi hududidagi ob’ektlarni qurish va ekspluatatsiya qilish bo‘yicha direksiya direktori Sherzod Hidoyatov. — Agar rivojlangan davlatlarda bunday majmualar, asosan, bitta yo‘nalish, biznes yoki savdo-sotiqqa ixtisoslashtirilsa, yurtimizda bu ikki yo‘nalishdan tashqari, dam olish, yashash yo‘nalishlari ham qamrab olingani uning ahamiyatini yanada oshirmoqda. Loyihaga binoan, bu yerda biznes-markazlar, savdo majmualari, mehmonxonalar, ofislar, Kongress-xoll, ko‘rgazma zallari, ko‘p qavatli zamonaviy uylar, ijtimoiy soha ob’ektlari hamda boshqa inshootlar barpo etiladi.
“Tashkent Sity” xalqaro ishbilarmonlik markazining dastlabki loyihaviy qiymati 2 milliard AQSh dollarini tashkil qiladi. U yetti lotga, ya’ni hududga ajratilgan bo‘lib, ularning loyihasi, quriladigan inshootlar maketlari bilan yaqindan tanishgan kishi har birini bamisoli bunyodkorlik bobidagi mo‘’jizaga qiyoslashi turgan gap. Chunki eng zamonaviy texnologiyalar va me’morlik andozalari asosida barpo etiladigan inshootlar odatdagilaridan tamomila farq qiladi. Masalan, markazning birinchi hamda ikkinchi qismlarida quriladigan turarjoylar Yevropa standartlari, jumladan, A, A+ sinfi tasnifiga to‘liq javob beradigan yashash sharoitlariga ega bo‘ladi. Ushbu hashamatli uylarning 1, 2-qavatlarida savdo majmualari faoliyat yuritsa, bino ostida aholi va tashrif buyuruvchilarning transportlariga mo‘ljallangan avtoturargoh tashkil etiladi.
Darvoqe, bir kunda 24 soat ishlashi ko‘zda tutilgan markazni loyihalashtirishda avtomobil to‘xtash joylariga alohida e’tibor qaratilgan. Ya’ni hududdagi ochiq maydonlarda bunday maskanlar bo‘lmaydi. Ular quriladigan har bir inshootning yerto‘lasidagi 1 hamda 2-qavatlariga joylashtiriladi. Bu haydovchi va yo‘lovchilar uchun ham birdek qulay bo‘lib, ko‘chalarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tirbandliklarning oldini olishga xizmat qiladi.
30 qavatli egizak bino
Ular markazning uchinchi qismi, ya’ni Olmazor ko‘chasidagi do‘konlar o‘rnida barpo etiladi. Asosan, madaniy hordiq chiqarish uchun turli-tuman xizmatlar ko‘rsatiladigan mazkur majmua tarkibidan poytaxtimizdagi eng katta gipermarket ham o‘rin oladi. Mutaxassislarning ta’riflashicha, ularni kun davomida ham to‘liq aylanib ulgurish amrimahol.
Markazdagi eng baland, ya’ni qirq qavatli bino Olmazor va Islom Karimov ko‘chalari kesishgan joyda qurilishi mo‘ljallanayapti. Loyihaning to‘rtinchi qismi esa moliya markazi sanaladi. 22 qavatdan 33 qavatgacha bo‘lgan to‘rtta binodan iborat ushbu markazda biznes tuzilmalari, moliya hamda savdo tashkilotlari, yirik kompaniyalar ofislari joylashtiriladi. U Janubiy Koreyaning “Bomi” qurilish va investitsiya kompaniyasi tomonidan barpo etiladi.
— Arxitekturada butkul yangi loyiha yaratish qiyin. Chunki uning qaysidir jihatlari boshqa majmualarni eslatishi mumkin, — deydi direksiya qurilish va loyihalashtirish bo‘limi boshlig‘i Bahrom Rizayev. — Ammo biz bir qator xorijiy davlatlarning dunyoga mashhur kompaniyalari mutaxassislari ko‘magida yaxlit kompleks tarzidagi noyob loyihani yaratishga muvaffaq bo‘ldik. Natijada “Tashkent Sity”dagi har bir bino nainki alohida, balki ular bir-biri bilan o‘zaro uyg‘unlashib, tugal me’moriy yechim hosil qiladi. Shunday bo‘lsa-da, izlanishdan, yangiliklar kiritishdan to‘xtaganimiz yo‘q. Loyihaning ulkanligi, murakkabligini hisobga olib, ushbu jarayonga xalqaro maslahatchilar, xususan, “Katta to‘rtlik”ga kiradigan “Cushman&Wakefield” kompaniyasi maslahatchilarini loyihaning tijorat konsepsiyasi qismini mukammallashtirish uchun jalb etganmiz. Ular Toshkent shahrini har tomonlama o‘rganib chiqqan holda, loyihani yanada takomillashtirish, bino-inshootlarning o‘zaro uyg‘unligini mukammallashtirish, boyitish uchun yaqindan yordam berishayapti. Loyihalarni tayyorlashda ko‘proq baland va zilzilabardosh inshootlar qurish borasida yetakchi sanalgan AQSh, Xitoy, Yaponiya normalariga tayanildi. Bu esa mahalliy hamda xorijiy mutaxassislarga birdek ma’qul kelib, barcha hudud o‘z investorini topdi.
Zamonaviy hordiq maskani
Hisob-kitoblarga ko‘ra, “Tashkent Sity”ning umumiy maydoni 1 million 300 ming kvadrat metrni tashkil qiladi. Shundan 443 ming kvadrat metri yashash majmualariga ajratilsa, qolgan qismida biznes ofislar, savdo-ko‘ngilochar majmualar faoliyat ko‘rsatadi. Bundan tashqari, shahar aholisi va mehmonlari bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi, maroqli hordiq chiqarishi uchun zarur shart-sharoitlar muhayyo qilinadi: sun’iy ko‘l, so‘lim xiyobon, megapolislarga xos sayilgoh tashkil etiladi.
Kezi kelganda, aytish joizki, Toshkent shahrida ilgari Sayilgoh ko‘chasida faoliyat ko‘rsatgan ko‘ngilochar maskanlar o‘rnini bosadigan birorta ko‘cha yo‘q. Biznes markazning Sayilgoh qismi ayni shu bo‘shliqni to‘ldirishga qaratilgani bilan g‘oyat ahamiyatlidir. Mazkur hududda 11 bino qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ularning birinchi qavatlaridan restoran, kafe, magazinlar o‘rin egallaydi. Kechayu kunduz faoliyat yuritadigan ko‘chada odamlar nafaqat aylanib yuradi, balki o‘tirib hordiq chiqaradi. Buning uchun musiqali va rangli favvoralardan tashqari, mazkur sohadagi yangi yo‘nalish bo‘lmish quruq favvoralar ham bunyod etiladi, landshaft dizayni asosida yashil hududlar yaratiladi.
— Sayilgoh loyihasi ustida juda ko‘p ishladik, — deydi Bahrom Rizayev. — Rossiya, Germaniya, Fransiya, Xitoy kabi davlatlar tajribasini o‘rganib, ulardan yangi g‘oyalar oldik. Odamlarni o‘ziga ohanrabodek tortadigan me’moriy yechim topishga harakat qilayapmiz. Landshaft dizaynini yaratishda esa Moskva shahrini obodonlashtirishda “Moya ulitsa” dasturini tayyorlagan yirik kompaniya mutaxassislarini jalb qildik. Qisqasi, ishbilarmonlik markazidagi ulkan va mahobatli binolar bilan birga, hudud infratuzilmasi, muhandislik tarmoqlari, yoritish tizimi — barcha-barcha ob’ektlar loyihasi o‘ta puxta ishlab chiqildi.
Hademay, chizmalarda aks etgan ana shunday mashaqqatli mehnat mahsullari amaliyotga ko‘chib, poytaxtimizda zamonaviy hamda muhtasham shaharcha paydo bo‘ladi. Shak-shubhasiz, o‘zbek me’morligining shaharsozlik jabhasida yangi bosqichni boshlab bergan mazkur markaz yurtimiz iqtisodiy qudrati, xalqimiz bunyodkorlik salohiyatining yorqin timsollaridan biriga aylanadi.
Said RAHMONOV,
«Xalq so‘zi» muxbiri.
Hasan Paydoyev / "Xalq so`zi" olgan suratlar.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring