Toshkentda 2,5 kg giyohvandlik vositasini sotmoqchi boʻlganlar ushlandi

18:47 20 Yanvar 2026 Jamiyat
365 0

Foto: Bojxona qoʻmitasi 

Qirgʻizistondan kontrabanda yoʻli bilan Oʻzbekistonga olib oʻtilgan giyohvandlik vositasini Toshkentda sotmoqchi boʻlgan shaxs qoʻlga olindi. Bu haqda Bojxona qoʻmitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, qoʻmitaning Kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi xodimlari bilan hamkorlikda giyohvand moddalarning noqonuniy muomalasini oldini olish va fosh etish yuzasidan Toshkent shahrida tezkor-qidiruv tadbirlari oʻtkazilgan.

Tadbir davomida oldindan kuzatuvga olingan 2 nafar fuqaro Yangihayot tumanidagi xonadondan chiqib ketayotgan vaqtda toʻxtatilib, shaxsiy tintuvdan oʻtkazilganida, ulardan birining yonidan 13,2 ming dollar va 19,9 million soʻm naqd pullar topilgan. Ikkinchi fuqaroning yashash xonadonida esa 2,5 kilogramm “gashish” giyohvandlik vositasi borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olib qoʻyilgan.

Tezkor tadbir davom ettirilib, uy yaqinida ushbu fuqarolarni kutib turgan yana bir fuqaro ham qoʻlga olinib, shaxsiy tintuvdan oʻtkazilganida, uning choʻntagidan 0,1 gramm “gashish” giyohvandlik moddasi topilgan va ashyoviy dalil sifatida olib qoʻyilgan.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida aniqlanishicha, ushbu moddalarni Andijon viloyatida yashovchi shaxs oʻzining Qirgʻizistondagi jinoiy sheriklari yordamida respublikamiz hududiga kontrabanda yoʻli bilan oʻtkazib, Toshkent shahrigacha olib kelgan. Keyin esa giyohvand moddalar savdosi bilan shugʻullanuvchi boshqa sherigiga 13,2 ming dollari va 19,9 million soʻm naqd pul evaziga sotmoqchi boʻlgan.

Bildirilishicha, hozirda Bojxona qoʻmitasining Surishtiruv va maʼmuriy amaliyot boshqarmasi tomonidan ushbu fuqarolarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?