Toshkent yangi aeroporti poytaxt janubida quriladi

10:12 02 Avgust 2025 Jamiyat
399 0

Foto: Illustrativ surat

Toshkent viloyatida barpo etilishi rejalashtirilayotgan yangi xalqaro aeroport joylashuvi va imkoniyatlari haqida rasmiy maʼlumotlar eʼlon qilindi.

Transport vaziri Ilhom Mahkamovning soʻzlariga koʻra, yangi aeroport amaldagi Toshkent xalqaro aeroportidan 17 kilometr janubda, Toshkent–Samarqand yoʻnalishidagi mavjud avtomobil yoʻli va yaqin kelajakda barpo etiladigan pullik avtomagistralga yaqin hududda joylashadi.

“Yangi xalqaro aeroport qurilishi uchun tanlangan yer uchastkasi poytaxtdan janubda, hozirgi aeroportdan 17 kilometr uzoqlikda joylashgan. Bu hudud mavjud Toshkent–Samarqand yoʻnalishi boʻylab, kelgusida qurilishi rejalashtirilgan pullik avtomagistralga yaqin joylashuvi bilan ham qulay hisoblanadi”, — dedi Ilhom Mahkamov.

“Uzbekistan Airports” AJ boshqaruvi raisi Javlonbek Umarxoʻjayev taʼkidlaganidek, hozirgi Toshkent xalqaro aeroporti yillik 11 million yoʻlovchiga xizmat koʻrsatish quvvatiga ega. U soatiga 17 ta parvoz va qoʻnishni amalga oshirishi mumkin, shuningdek, perronda bir vaqtning oʻzida 70 tagacha samolyotni qabul qilish imkoniyatiga ega.

Uning soʻzlariga koʻra, 2030-yilgacha mamlakat iqtisodiyoti oʻsishi fonida Toshkent aeroporti orqali oʻtuvchi yoʻlovchi oqimi 15 million kishiga yetishi mumkin. Hozirgi aeroportni modernizatsiya qilish imkoniyati mavjud boʻlsada, u shaharning markaziy qismida joylashgani va kengaytirish imkoniyatining cheklangani bois, talabni toʻliq qondira olmaydi.

“Shu sababli, 2030-yilgacha foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan yangi aeroport qurilishi zarur boʻldi. Mavjud aeroport shaharning markaziga yaqin joylashgani sababli transport tirbandliklarini kuchaytirmoqda. Bundan tashqari, uchish-qoʻnish yoʻlaklarining holati va shaharning zich qurilishi samolyotlarning erkin manevr qilish imkoniyatini cheklab qoʻymoqda”, — deya taʼkidlaydi Javlonbek Umarxoʻjayev (“Oʻzbekiston 24” telekanaliga bergan izohida).

“Uzbekistan Airports” rahbarining maʼlum qilishicha, Prezident yangi aeroport qurilishini boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qilgan. Dastlabki bosqichda aeroport yiliga 20 milliongacha yoʻlovchiga xizmat koʻrsatadi, bir vaqtning oʻzida 169 ta samolyotni qabul qila oladi va soatiga 40 dan ortiq parvoz va qoʻnishlarga xizmat koʻrsatish imkoniyatiga ega boʻladi.

Iqtisodiyot va moliya vaziri oʻrinbosari Ilhom Umrzakovning maʼlum qilishicha, prezident topshirigʻiga asosan loyiha moliyaviy jihatdan yana bir bor chuqur koʻrib chiqiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?