Toshkent va Fargʻonada Haj ziyoratiga noqonuniy yuborishga uringanlar aniqlandi

14:08 29 May 2024 Jamiyat
103 0

Foto: Videodan kadr

Toshkent shahri va Qoʻqon shahrida “Haj-2024” ziyoratiga yuborish bilan bogʻliq noqonuniy holatlar aniqlandi. Bu haqda DXX xabar berdi.

 Qayd etilishicha, Toshkent shahrining Chilonzor tumanida yashovchi, 1983-yilda tugʻilgan shaxs Shayxontohur tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroning ishonchiga kirib, unga Saudiya Arabistoniga borishi uchun zarur boʻladigan viza hujjatlarini tayyorlab berishni aytgan. U ziyoratga yuborish evaziga 8,5 ming AQSH dollari talab qilgan. Fuqaro pulni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Boshqa holatda esa poytaxtda faoliyat yurituvchi sayyohlik firmasi xodimi Shayxontohur tumanida yashovchi fuqaroni soxta hujjatlar orqali Haj ziyoratiga yuborish evaziga 5,5 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlangan.

Yana bir sayyohlik firmasi boshqaruvchisi va uning xodimi ham Yashnobod tumanida yashovchi fuqaroning ishonchini suiisteʼmol qilib, joriy “Haj-2024” mavsumida Saudiya podshohligiga safarga yuborish evaziga 8,5 ming AQSH dollari talab qilgan va u 4 ming AQSH dollari olgan vaqtida qoʻlga olingan.

Shuningdek, Qoʻqon shahrida faoliyat yurituvchi sayyohlik firmasining ish boshqaruvchisi 2 nafar fuqaroni Haj amallarini bajarishi uchun Saudiya Arabistoniga yuborish evaziga 12 ming AQSH dollari talab qilib, 10 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlangan.

Qoʻqon shahrida kuzatilgan yana bir holatda, boshqa sayyohlik firmasi xodimi mahalliy fuqaroni Haj ziyoratiga yuborish evaziga 6 ming AQSH dollari talab qilib, 3 ming AQSH dollari olgan vaqtida qoʻlga olingan.

“Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda”, deyildi xabarda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?