Toshkent Markaziy Osiyoning marvaridiga aylanmoqda

18:37 25 Oktyabr 2022 Madaniyat
1103 0

Foto: president.uz

Keyingi paytlarda yillar davomida tildan-tilga koʻchib kelgan “Toshkent — non shahri”, “Toshkent — doʻstlik va tinchlik shahri” kabi iboralarga qoʻshimcha ravishda “Toshkent — madaniyat shahri”, “Toshkent —ziyolilar va tadbirkorlar shahri” singari taʼriflar tez-tez yangraydigan boʻlib qoldi.

Bu bejiz emas, albatta. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oʻzbekistonning suratu siyratini yangilash, xalqimizning hayot sifatini yaxshilash, mamlakatimiz shuhratini olam uzra yanada keng yoyish borasida amalga oshirilayotgan ishlar samarasi, avvalo, bosh kentimiz qiyofasida, turmush tarzida yaqqol namoyon boʻlmoqda.

Azim poytaxtimiz uzoq yillar davomida jahon ahlining eʼtiborini oʻziga tortib kelgan. Bu qadimiy va hamisha navqiron shaharga nafaqat yurtimizning turli hududlaridan, balki dunyoning har xil mintaqalaridan adabiyot, ilm-fan, madaniyat, sanʼat sohasi namoyandalari doim intilgan. Jumladan, Sergey Yesenin, Anna Axmatova, Samuel Marshak kabi taniqli ijodkorlar Toshkentni “ona shahrim!” degani va bu yerda ularning uy-muzeylari borligining oʻziyoq har birimizda faxr-iftixor tuygʻularini uygʻotadi.

Bosh kentimizda asriy anʼanalar, qadriyatlar bugun ham bardavom. Bu yerda fan va madaniyat, ijod har doimgidek gullab-yashnamoqda. Yoshlarning zamon andozalariga monand bilim olishi, kasb-hunar oʻrganishi uchun yangidan-yangi maktablar, rivojlangan mamlakatlarning nufuzli oliygohlari filiallari ochilmoqda. Xalqimiz, jumladan, navqiron avlod vakillari bundan benihoya xursand.

Kino va teatr sohasida roʻy berayotgan ijobiy oʻzgarishlar bir sanʼatkor sifatida meni, ayniqsa, quvontiradi. Chunonchi, keyingi yillarda “Oʻzbekkino” Milliy agentligi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi tashkil etildi. «Oʻzbekfilm» davlat konsernining zamonaviy binosi va pavilyonlari foydalanishga topshirildi. Prezidentimiz tashabbusi bilan Toshkent xalqaro kinofestivali anʼanaviy tarzda qayta oʻtkaziladigan boʻldi.

Oʻzbek kinosining yorqin kelajagini taʼminlashga xizmat qiladigan yana bir muhim chora-tadbirlardan biri — sohada zamonaviy mutaxassislar tayyorlashga qaratilayotgan eʼtibordir. Yaʼni Toshkentda Butunrossiya davlat kinematografiya instituti filiali ochildi. Ushbu dargohda tayyorlanadigan professional kadrlar kelajakda kino sanʼatimiz rivojiga katta hissa qoʻshishi, shubhasiz.

Kelgusida jonajon poytaxtimizda Rasul Hamzatov, Chingiz Aytmatov, Halima Xudoyberdiyeva va boshqa ulugʻ ijodkorlar tahsil olgan Moskva oliy adabiyot kursi filiali ham ochilishiga umid qilamiz. Shunda yurtimiz adabiy muhitida zullisonayn shoir-yozuvchilar yanada koʻplab yetishib chiqardi va ijodiy rang-baranglik kuchayadi.

Shu yilning 13-18-sentyabr kunlari poytaxtimizda “Ipak yoʻli durdonasi” XIV Xalqaro Toshkent kinofestivali koʻtarinki ruhda tashkil etildi. Ushbu sanʼat bayrami dunyoning turli burchaklaridan mashhur aktyor va rejissyorlar, operator va rassomlar, prodyuserlar hamda kinoshunos olimlar, atoqli madaniyat va sanʼat arboblarini yana bir bor ona shahrimizga jamladi.

Kinofestival doirasida estoniyalik rejissyor va operator bilan qisqa metrajli film yaratish yoʻlida ijod qildik. Boltiqboʻyida tugʻilgan gʻoyaning oʻzbek tuprogʻida ildiz otib gullashida hamfikr, hamkoru hamroh boʻldik. Ularning internet sohasidagi va kompyuter savodxonligi juda yuksakligi, chiroq qoʻyishga ustaligi kinomizni oʻz vaqtida tugatish imkonini berdi. Postprodakshn jarayonida teleradiokompaniyamizning montajchilari ham ulardan maslahat, yoʻl-yoʻriq olishdi. Festival davomida birga mehnat qilib, film olish sirini egallab, olis Yevropaning Estoniyasidan ijodkor doʻstlar orttirdim, ular bilan tajriba almashdim. Yigirmaga yaqin davlatdan kelgan rejissyorlar, operatorlar, aktyorlar Buyuk ipak yoʻli mavzusida filmlar oldi va kinolarimizni milliy ohanglar — dutor, tanbur kabi sozlarda ishlangan leytmotiv va soundtreklar bilan boyitdi. Tanlov yakunida koʻrilgan 25 ta tarixiy, hujjatli, badiiy filmlar premyerasida boshqalardan kam boʻlmagan ijod mahsulimizni koʻrib, koʻzim quvnadi.

Sanʼatlar ichida yosh va taʼsiri kuchli kino haqida gapirganim bejiz emas, chunki xalqni oldinga boshlashda, omma fikrini uygʻunlashtirishda, milliy gʻurur va faxr tuygʻularini uygʻotishda bu sehrli sanʼat muhim hisoblanadi. Milliy kino va seriallarning targʻibotida yangi telekanallarning ochilgani va ularning oʻrtasida sogʻlom raqobatning shakllanayotgani saviyali ekran asarlar yaratilishiga turtki beradi.

2200-yilligini nishonlagan Toshkent shahri 2022-yilga kelib Osiyoning asosiy savdo va biznes markazlaridan biriga aylanib ulgurdi. Bu yerda chet ellik investorlar ham tashrif buyurishiga qulay sharoitlar, odamlar harakatlanishiga qulay infratuzilmalar shakllantirildi.

Shahrimiz tobora rivojlangan sari xalqimiz orasida ham boqimanda kayfiyatida yurganlar kamayib, ishchanlik ruhida kunni kech qilib, tunni tongga ulayotganlar, tadbirkorlik bilan shugʻullanayotganlar koʻpayib boryapti.

Boshqa shaharlarimizni kamsitmagan holda shuni taʼkidlash kerakki, oxirgi besh-olti yil ichida Toshkentimizning qiyofasi tubdan oʻzgarib ketdi. Metroning Sirgʻali yoʻli ulanishi, halqa yoʻli qoʻshilishi, yangi koʻpriklar qurilishi, soʻlim xiyobonlar tashkil etilishi, xalqaro standartlarga mos, keng va ravon yoʻllar barpo etilishi barchani birdek xursand qilmoqda.

Oʻzbekiston Milliy bogʻini qayta qurish boshlanganida ijtimoiy tarmoqlarda “Koʻl quritilyapti”, “Daraxtlar kesilmoqda” va shunga oʻxshash xavotirli chiqishlar koʻpaygandi. Mana, oradan ikki yil oʻtmay oʻsha qadrdon bogʻimiz avvalgidanda koʻrkamlashgan, bu yerda sayr qiluvchilarga yanada koʻproq qulayliklar yaratilgan holda qayta ishga tushirildi. Bu soʻlim maskanda bugun odamlar yana gavjum. “Bir madaniyat maskani barpo boʻlgani bilan nima oʻzgardi?” deydiganlarga javoban ikki eslatma: birinchisi — Toshkent uncha katta shahar boʻlmasa ham unda uch millionga yaqin odam yashaydi, bu xiyobon shahar aholisi va mehmonlarga madaniy hordiq uchun koʻngilochar goʻshalardan biri boʻldi. Ikkinchisi, bu yerda koʻplab odamlar ish bilan taʼminlandi, shu bilan tirikchiligini oʻtkazyapti.

Shu paytgacha teleminora, metro kabi inshootlar shahrimizga koʻrk bagʻishlagan boʻlsa, endi ular qatorida koʻp qavatli uylar, mehmonxona, kuylaydigan favvoralar, bogʻ va bulvarlardan iborat «Toshkent siti»ning ham borligini qayd etish lozim. Prezidentimiz tashabbusi va gʻoyasi asosida bunyod etilayotgan keng koʻlamli majmua hisoblangan bu zamonaviy maskanni Oʻzbekistonning “tashrif qogʻozi”, desak, mubolagʻa emas.

Azim poytaxtimizda amalga oshirilayotgan bunday oʻzgarishlar nafaqat Toshkentni rivojlangan megapolislar darajasiga olib chiqadi, balki mamlakatimizda yuz berayotgan taraqqiyot shiddatini, insonlar tafakkuri, turmush darajasidagi yuksalishni ham namoyon etadi. Bir soʻz bilan aytganda, uni Markaziy Osiyoning marvaridiga aylantiradi.

Asqar QILICHEV,

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi,

dramaturg, rejissyor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?