Toshkent xalqaro aeroportida qanday qulayliklar bor?

18:04 20 Noyabr 2023 Jamiyat
141 0

Yoʻlovchilarni roʻyxatga olish zonasi aeroportining ikkinchi qavatida joylashgan boʻlib, u yerga transport vositasida yoʻl oʻtkazgich (estakada) orqali yoki avtoturargohda toʻxtab zinapoya yoki eskalator boʻylab koʻtarilish orqali kirishingiz mumkin. Yoʻlovchilar va kuzatuvchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida terminalga kirish eshiklari 1 dan 4 gacha raqamlangan.

Yoʻlovchilarga qulaylik yaratish maqsadida roʻyxatdan oʻtish joyida kichik qahvaxona, doʻkon, vending avtomatlari, bankomatlar, valyuta ayirboshlash nuqtalari, SIM-kartalar va sugʻurta xizmatlarini sotish burchagi, bagajlarni qadoqlash xizmati va TaxFree hisoblagichi, shuningdek, yoʻlovchilar joʻnash oldidan qarzdorliklari borligini tekshirishlari mumkin boʻlgan Majburiy ijro byurosining vakolatxonasi mavjud.

Roʻyxatdan oʻtish zonasida joylashgan kassada uchib ketayotgan yoʻlovchilar aviachiptalarni sotib olishlari, qoʻshimcha yuk, shuningdek, poytaxt aeroporti xizmatlari: parvozdan oldingi jarayonlardan tezlashtirilgan tarzda oʻtish (Fast Track), shuningdek, CIP va “Anor” biznes zallari uchun toʻlovlarni amalga oshirishlari mumkin.

Samolyotga chiqish talonini olgan yoʻlovchi bojxona, pasport nazorati va parvozdan oldin xavfsizlik tekshiruvidan oʻtadi va “steril” yoki kutish hududiga kiradi.

Bugungi kunda kutish zonasining turli hududlarida beshta kafe, dorixona, milliy esdalik sovgʻalari va gastronomiya doʻkonlari, shirinliklar, gadjetlar va xalqaro SIM-kartalar, charm va zargarlik buyumlari, shuningdek, Duty Free doʻkonlari faoliyat yuritmoqda. “Anor” biznes zali ham shu yerda joylashgan boʻlib, tez orada u yerda kichik mehmonxona ochilishi rejalashtirilgan.

Kutish zonasida savdo nuqtalaridan tashqari tahorat va namoz oʻqish xonalari, ona va bola xonasi, tez tibbiy yordam hamda kovorking hududi mavjud.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?