Toʻrt soʻmni qirq millionga aylantirgan otaxon

16:51 11 Aprel 2025 Jamiyat
215 0

Otabek ISROILOV/“Xalq soʻzi”. Saidahmad ota Hikmatov Oʻrta Chirchiq tumanidagi “Kuchluk” mahallasida istiqomat qiladi. Tabarruk 80 yoshda ham bardam, koʻzidagi nur yulduzdek chaqnab turadi. Qariyb olti muchal yoshi mobaynida koʻp savdolarni boshdan kechirgan. Naq oʻn ikkita kasbda mehnat qilgan. Dastlab oʻqituvchilar tayyorlash kursini bitirib, “Kuchluk”dagi 17-maktabda faoliyatini boshlagan otaxon keyinchalik haydovchilik, chilangarlik, avtomobil taʼmirlovchisi, qoʻyingki, bir yigitga neki hunar boʻlsa, barchasining halolida ter toʻkkan. Bu orada 1992-yilda ikki yil arab alifbosiga asoslangan oʻzbek tili boʻyicha taʼlim olib, bir muddat 28-maktabda yoshlarga eski oʻzbek tilidan ham dars bergan. Yetti oʻgʻilni tarbiyalab, el-yurtga qoʻshgan otaxon ayni paytda farzandlari bilan birgalikda gulchilik, gulchilik boʻlgandayam bizdagi noyob gullardan sanalgan pion gulini yetishtirish bilan shugʻullanib kelmoqda.

— 1974-yili Olmaliqdagi bozordan 4 soʻmga ikki tup pion guli ildizini sotib olgandim, — deydi Saidahmad ota. — Biri malinarang, ikkinchisi pushti ochildi. Mana, koʻrib turgan gullaringiz oʻsha 4 soʻmga olingan pion gulining tomiridan tarqalgan. Piongulning guli yaxshi, sal harakat qilsangiz, puli ham yaxshi. Dastlab ochiq yerda yetishtirdik. Bir yili endi gurkiragan paytida qor ostida qolib, poyasi chirib ketdi. Shundan soʻng issiqxona qurdim. Oʻzimda 3,5 sotix, bu 7 sotixini oʻgʻlimga bergan boʻlsam, Hasanboy oʻgʻlimda ham 4 sotixlik issiqxona bor. Qishda isitilmaydi, shunchaki ustiga qor, ortiqcha yomgʻir tushmasa bas, piongul beozor, oʻzi rivojlanaveradi. Yaqin ikki-uch haftada gullarimiz tayyor boʻladi. Bir chekkadan Toshkentga – ulgurji bozorga joʻnatamiz. Hozir piongulning bahosi qancha bilmayman. Gʻunchalab turganida kesib, dastalab oʻgʻillarimga beraman. Ularning oʻzi ulgurji narxga sotib keladi. Bu yil 40 million soʻmning nari-berisida daromadni koʻzlab turibmiz. “Hovling gulga, qoʻling pulga toʻlib tursa yomonmi?” deyman oʻgʻlimga.


Saidahmad otaning uyiga “Kuchluk” mahallasi raisi Karim Saʼdullayev bilan borgandik. Karim aka ham otaxonning sobiq oʻquvchilaridan. Oʻzi ustozini yoʻqlab bormasa, otaxon ham, uning oilasidan birortasi ham mahalla idorasining eshigini taqillatib bormaydi. Yordam, kredit masalasida bezovta qilmaydi. Buning sababi oddiy:

— Odamzod mehnat bilan tirik, mehnat bilan aziz! — deydi Saidahmad ota. — Toki taningda quvvat borakan, mehnat qilsang barakaning oʻzi uyga yogʻilaveradi. Butun umrim mehnat bilan oʻtdi. Haligacha shunday. Gulga qiziqdimmi, shundan daromad topyapmanmi, astoydil boʻlsin deb chet ellardan ham piongulning koʻchatlarini olib kelyapman. Hozir bu gulning bir necha ranglari bor. Vaqti kelsa mehnatim, maslahatim bilan bolalarimga daldaman. Hamma sharoitimiz bor, mehnat qilsak, bundan ham yaxshi boʻlaveradi.

Bu qishloqdagi oddiy odamning hayotiy taomili, bir umrlik falsafasi. Otaxon bilan issiqxonadagi gullarni koʻzdan kechirayotganimizda, shu hududdan Xalq deputatlari Oʻrta Chirchiq tumani Kengashiga saylangan deputat Nurbek Nasrullayev hovliga kirib keldi. U ham Saidahmad otaning gullarini katta qiziqish, havas bilan tomosha qilib, otaning bu ishlarini ommalashtirish kerakligini bildirdi.

Bundan 51-yil oldin oddiy havas bilan toʻrt soʻmga olgan gullaridan bugun qirq millionlab daromad topayotgan Saidahmad ota, uning yonida turgan, maslahatlarini quloqqa olib aslo kam boʻlmayotgan yetti oʻgʻil, tugʻilganidan nazari gullarga tushib, mehnatning rohatini oʻz koʻzlari bilan koʻrib ulgʻayayotgan nevara-yu evaralar aslida eng katta boylik.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер