Qurilish sohasini tartibga solish va shaharsozlik qoidalarini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”
Bugun Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda qurilish industriyasi va qurilish materiallari tarmog‘ini rivojlantirish, shaharsozlik normalari va qoidalarini muntazam yangilab borish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Qo‘mitaning ishchi guruhi tomonidan sohadagi amaldagi qonunchilik hujjatlari tahlil qilinib, xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribasi o‘rganildi. O‘rganishlar natijasida qurilish sohasini tartibga solishdagi huquqiy bo‘shliqlar va sifatni oshirishga oid takliflar ishlab chiqildi.
Ma’lum bo‘lishicha, hozirgacha 130 dan ziyod normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan bo‘lib, ularning atigi 10 tasi qonunlar, qolgan qismi esa qonunosti hujjatlaridan iborat. Bu esa tadbirkorlar faoliyatida ayrim muammolarni keltirib chiqarmoqda.
Shuningdek, Shaharsozlik kodeksida fuqarolarning shaharsozlik qarorlariga ta’sir ko‘rsatish, noqonuniy qurilishlarga qarshi shikoyat qilish mexanizmlari yetarlicha aks etmagani qayd etildi. Bu esa jamoatchilik nazoratini cheklayotgan muhim omil sifatida ko‘rsatib o‘tildi.
Majlisda senatorlar qurilishda sifat standartlariga rioya etilmayotgani, sifatsiz materiallardan foydalanish, qoidalarning buzilishi va texnik talablarni inkor etish holatlari ortib borayotganini ta’kidlashdi.
Shu bilan birga, loyihachilar va qurilish ishtirokchilari tomonidan nazorat inspeksiyalari ko‘rsatmalariga amal qilinmayotgani, qonunchilikda bunday holatlar uchun javobgarlik mexanizmlarining mavjud emasligiga e’tibor qaratildi. Masalan, 2023-yilda inspeksiya ko‘rsatmalarini bajarmaganlik uchun umumiy 4 698 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Majlis yakunida senatorlar tomonidan qurilish jarayonidagi mas’uliyatsizlik va standartlarga rioya etmaslik holatlari uchun jazo choralarini kuchaytirish, nazorat organlari huquq va majburiyatlarini aniq belgilash zarurligi qayd etildi.
Yuqoridagi masalalardan kelib chiqib, Qo‘mita qurilish sohasini takomillashtirish bo‘yicha aniq takliflar va chora-tadbirlarni ishlab chiqdi.
Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring