“Toʻdakoʻl”dagi Xalqaro shaxmat maktabida U-20 Oʻzbekiston chempionati start oldi

15:49 26 Yanvar 2026 Jamiyat
366 0

Soʻnggi yillarda mamlakatimiz shaxmatchilarining xalqaro musobaqalarda qoʻlga kiritayotgan yutuqlari Oʻzbekistonning jahon miqyosida yanada tanilishiga, shu bilan birga yurtimizda shaxmat sport turining ommalashishiga mustahkam zamin yaratdi. Bu, shubhasiz, davlatimiz tomonidan shaxmatni rivojlantirishga qaratilgan izchil eʼtibor va munosib ragʻbatning amaliy samarasidir. Zero, sport shunday sohaki, unga koʻrsatilgan har qanday eʼtibor yoki beparvolik natijada oʻz aksini topmay qolmaydi.

Bunga dunyo amaliyotidan koʻplab misollar keltirish mumkin. Aytaylik, millionlar oʻyini sanalgan futbolning vatani hisoblangan Angliya terma jamoasi yarim asrdan ortiq vaqt davomida jahon chempionatida gʻoliblikni qoʻlga kirita olmayapti. Mutaxassislar bu holatni mamlakat ichki chempionatida mahalliy futbolchilarni rivojlantirishga yetarlicha eʼtibor qaratilmayotgani bilan izohlaydilar.

Shaxmat sohasida esa erishilgan marralarni yanada mustahkamlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 5-avgustdagi “Shaxmatni yanada ommalashtirish va rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, Qiziltepa tumanining “Toʻdakoʻl” dam olish bazasi hududida maktabdan tashqari davlat sport-taʼlim muassasasi hisoblangan Xalqaro shaxmat maktabini barpo etish belgilangan edi.

Mazkur qaror ijrosi doirasida zamonaviy xalqaro talab va standartlarga javob beradigan, zarur shaxmat anjomlari va uskunalari bilan toʻliq jihozlangan, mustahkam moddiy-texnik hamda oʻquv-mashgʻulot bazasiga ega Xalqaro shaxmat maktabi bunyod etilib, foydalanishga topshirildi. Eng muhimi, turli darajadagi xalqaro va mintaqaviy musobaqalar — Shaxmat olimpiadalari, Osiyo oʻyinlari, Jahon va Osiyo chempionatlari, universiadalar hamda boshqa nufuzli turnirlarda Oʻzbekiston sharafini munosib himoya qila oladigan yuqori malakali shaxmatchilarni tayyorlash maqsadida maktabga tajribali mutaxassis-trenerlar, psixologlar va uslubchilar, jumladan, jahonga mashhur xalqaro grossmeysterlar jalb etildi.

— Mazkur maktab faqatgina inshoot sifatida emas, balki Prezident qarorida belgilangan vazifalar asosida har yili yosh shaxmatchilar uchun treninglar va mahorat darslarini oʻz ichiga olgan mavsumiy oromgoh sifatida ham faoliyat yuritadi, — deydi Oʻzbekiston Yoshlar ishlari agentligi Navoiy viloyati boshqarmasi boshligʻi Laziz Qayumov. — Shuningdek, “Toʻdakoʻl” brendini shakllantirish va targʻib qilish orqali Xalqaro shaxmat maktabi faoliyatini ommalashtirishga xizmat qiladi. Bugun start olgan 20 yoshgacha boʻlgan yoshlar oʻrtasidagi Oʻzbekiston chempionati ham ana shu maqsadlarga xizmat qiluvchi muhim musobaqalardan biri hisoblanadi. U isteʼdodli yosh shaxmatchilarni kashf etish va ularning mahoratlarini oshirish uchun munosib maydon boʻladi.

Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joizki, chempionat bahslari oʻgʻil bolalar va qizlar oʻrtasida alohida guruhlarda, aylanma tizimda (11 tur) standart yoʻnalish boʻyicha oʻtkazilmoqda. Musobaqa gʻoliblari qimmatbaho sovrinlar bilan birga 2026-yilgi Oʻzbekiston chempionati (Oliy liga) yoʻllanmasini ham qoʻlga kiritadilar.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?