“Tirik tarix” nomli turkum filmlar yaratiladi

18:48 16 May 2024 Siyosat
268 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev Kinochilar saroyini borib koʻrdi.

Ushbu maskan 2021-yil mukammal taʼmirlanib, sharoitlari yangilandi. Katta-kichik zallar, yozgi kinoteatr va xonalar zamonaviy jihozlandi. Bugun bu yerda jami 3 ming nafar tomoshabinni qabul qilish imkoni mavjud.

Davlatimiz rahbari dastlab Oʻzbekiston kino sanʼati muzeyini koʻzdan kechirdi. Muzey 1972-yilda tashkil etilgan boʻlib, ilgari muzey-arxiv sifatida faoliyat yuritgan. Unda ellik mingdan ortiq tarixiy buyum, libos, rasm va kinotasmalar bor.

Endilikda muzey Kinochilar saroyiga koʻchirilib, koʻrgazmaga qoʻyildi. Birinchi qavatda oʻzbek kinosining tarixi va asoschilari, soʻnggi yillardagi yutuqlariga bagʻishlangan. Ikkinchi qavatda tarixiy filmlardagi liboslar, atoqli kinoijodkorlar hayoti va faoliyati aks ettirilgan. Ahamiyatlisi, kino koʻrish istagida kelgan borki, shu tarix bilan tanishib oʻtadi.

Shavkat Mirziyoyev shu yerda rejissyor va aktyorlar, kinoshunoslar, soha mutasaddilari bilan suhbatlashdi.

- Soʻnggi yillarda milliy kinomiz qayta “uygʻondi”, desak toʻgʻri boʻladi. Yuqori saviyali, zamonaviy sifatli filmlar paydo boʻldi. Buning uchun sizlarga minnatdorlik bildiraman. Shu bilan birga, kinematografiyani rivojlantirish uchun yana nimalar qilishimiz kerak, degan savol meni oʻylantiradi. Agar tariximizni dunyoga tarannum etmoqchi boʻlsak, xalqimizning milliy gʻururini koʻtarmoqchi boʻlsak, buni birinchi navbatda kino yordamida amalga oshirishimiz kerak, - dedi davlatimiz rahbari.

Muloqotda Prezidentimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan “Tirik tarix” turkumidagi filmlar loyihasi taqdimot qilindi.

Bu 2024-2030-yillarga moʻljallangan strategik dastur boʻlib, eng qadimgi oʻtmishimizdan tortib, yaqin tariximizgacha boʻlgan juda katta davrni qamrab oladi. Yaratilajak filmlarning mavzusi keng va rang-barang.

Jumladan, miloddan avvalgi VI asrda yashagan milliy qahramonimiz Shiroq haqida, milliy davlatchiligimiz tarixida oʻchmas iz qoldirgan Alp Er Toʻnga, Sohibqiron Amir Temur va temuriylar haqida, shu paytgacha yetarli oʻrganilmagan shayboniylar haqida, qoraqalpoq shoiri Ajiniyoz va boshqa mashhur adiblar haqida, buyuk allomalarimiz va milliy istiqlol kurashchilari haqida hikoya qilinishi koʻzda tutilgan.

Loyihada chet ellik hamkorlar, xususan, Ispaniya, Germaniya, Vengriya, Rossiya, Belarus, Turkiya, Yaponiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Hindiston, Ozarboyjon, Qozogʻiston, Turkmaniston, Tojikiston kabi davlatlarning kino sanʼati ustalari ham ishtirok etishi rejalashtirilgan.

– Albatta, bu dastur va gʻoyalarni amalga oshirish uchun koʻp moddiy imkoniyat talab etilishini, yuzlab isteʼdodli mutaxassislar zarurligini ham barchamiz yaxshi bilamiz. Qanchalik qiyin boʻlmasin, biz tom maʼnodagi ulkan, tarixiy bu loyihaning moliyaviy masalalarini hal qilamiz. Nega deganda, ushbu dastur shonli oʻtmishimizni chuqur anglab, shu asosda kelajakka ishonch bilan dadil qadam qoʻyishga, yoshlarni chinakam vatanparvar insonlar qilib tarbiyalab, Uchinchi Renessansni barpo etishga katta turtki boʻladi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Muloqotda kinoijodkorlar mazkur turkum filmlar va sohani rivojlantirish yuzasidan takliflarini bildirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер