Aholi farovonligi va iqtisodiyotimiz taraqqiyoti yo‘lidagi ulkan qadam

08:57 20 Iyul 2018 Iqtisodiyot
2359 0
Illyustrativ foto

Hayotimizni elektr energiyasisiz tasavvur qilish mushkul. Har damda, har sohada ushbu resursdan foydalanamiz. Shunisi aniqki, bugungi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari davrida taraqqiyot sari ildam odimlar ekanmiz, elektr energiyasiga talab yil emas, oy emas, kun sayin ortib boraveradi.

O‘zbekiston yer usti va yer osti boyliklarga boy mamlakat sifatida e’tirof etiladi. Aslida ham shunday. Ammo “Yotib yeganga tog‘ ham chidamas”, degan naqlni yoddan chiqarmaslik lozim. Gap shundaki, ayni paytda oldimizda turgan dolzarb masala elektr energiyasidan tejab-tergab foydalanishdir.

Tahlillarga ko‘ra, O‘zbekistonda yiliga 64 milliard kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilmoqda. Uning 70 foizi tabiiy gaz, 13 foizi ko‘mir, 3 foizi esa neft hamda mazut yoqish orqali olinyapti. Qolgan 14 foizi gidroelektrostansiyalar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Bu — hozirgi holat. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2030 yilga borib, bugungi 64 milliardlik ehtiyoj 117 milliard kVt/soatga yetar ekan. Demak, shunday davom etaversak, xarjlanayotgan uglevodorod xom ashyosi miqdori ham shunga yarasha oshaveradi. Soddaroq aytganda, bitta ehtiyojni qoplash uchun undan kam bo‘lmagan boshqa resursni sarf qilishga to‘g‘ri kelmoqda. Xo‘sh, ushbu masalalarga qanday samarali yechim topish mumkin?

Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “O‘zbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmon hamda “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energetikasini rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaror mazmun-mohiyatiga ko‘ra xuddi shu kabi masalalarni hal etib beradi.

Hukumat qoshida yangidan tashkil etilayotgan agentlik zimmasiga mamlakatda atom energiyasi ishlab chiqarishni muvofiqlashtirish hamda rivojlantirish bilan birga, yana ko‘pgina vazifalar ham yuklangan.

— Hozirgi paytda elektr energiyasining tannarxini tushirish uchun ikki yo‘nalishda ish olib borilyapti, — deydi “O‘zbekenergo” AJ boshqarma boshlig‘i Iso Sa’dullayev. — Birinchidan, eski energiya bloklari o‘rniga yangisini qurish choralari ko‘rilmoqda. Bu bilan gaz sarfi ikki baravar kamayadi. Ikkinchisi, atom elektr stansiyasi bilan bog‘liq. Bunda gaz va ko‘mir yoqilmaydi, faqat urandan foydalanish hisobiga elektr energiyasi hosil qilinadi.

Ochig‘i, shu paytga qadar atom energiyasi borasida olimlaru mutaxassislarning fikri turlicha bo‘lib kelgan. Ya’ni atom energiyasidan olinadigan foyda va uning xavfsizlik darajasi tarozining ikki pallasiga qo‘yilgan. Lekin bugungi hisob-kitoblar o‘sha tarozining birinchi pallasi bosib ketayotgandek tasavvur beradi. Boisi atom elektr stansiyalari Yer yuzida tobora ommalashmoqda.

Fanlar akademiyasi taqdim etgan ma’lumotlarga qaraganda, ayni paytda jahonning 55 mamlakatida 430 ta atom energoblogi mavjud. 2030 yilga borib, bu ko‘rsatkich 30 foiz oshishi kutilayotir. Bundan tashqari, shu kunlarda dunyoning 15 davlatida 57 ta energoblok qurilishi davom etyapti. Atom elektrostansiyalaridan foydalanish xarajati uzog‘i bilan 5 — 7 yilda o‘zini batamom oqlar ekan. Demak, iqtisodiy samaradorlik ham yuqori.

— Atom elektr stansiyasidan olingan energiyaning tannarxi hozirgi kunda eng past hisoblanadi, — deydi Yadro fizikasi instituti direktori o‘rinbosari Ilhom Sodiqov. — 20 gramm uran oksidi tabletkasi bitta yadro yoqilg‘isi ichida bo‘ladigan bo‘lsa, shu energiyani olish uchun 560 kg. ko‘mir yoqish kerak. Agar bugungi kundagi barcha atom elektr stansiyasini to‘xtatib, ularning o‘rniga shu miqdordagi elektr energiyasini issiqlik elektrostansiyalaridan oladigan bo‘lsak, har yili atmosferaga 380 million tonna karbonat angidrid gazi chiqishiga sababchi bo‘lardik. Issiqlik energetikasida, masalan, ko‘mir yoqilg‘isi bilan ishlaydigan elektrostansiyalarni oladigan bo‘lsak, bir yilda o‘rtacha 6 million tonnagacha ko‘mir kerak. Ularni yoqish natijasida 2 million tonnadan ortiq kul hosil bo‘ladi. Atmosferaga juda ko‘p miqdorda karbonat angidrid gazi bilan birga, ko‘pgina radiaktiv elementlar ajralib chiqadi. Bular — atom energetikasiga nisbatan 10-11 barobar ko‘p, degani.

Tatbiq etilgan hujjatlar energetika mustaqilligi bilan bog‘liq siyosatga sezilarli ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Xususan, Farmonda bu yo‘nalishda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lsa, qaror bilan ochilayotgan yangi agentlik zimmasiga ana o‘sha tadbirlarni davlat nomidan amalga oshiruvchi idoraning aniq manzili paydo bo‘ldi.

Agentlikning zimmasiga esa atom energetikasini rivojlantirish davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, atom energetikasi sohasidagi loyihalarni joriy etish uchun xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, atom energetikasi obyektlarini loyihalashtirish, qurish hamda ulardan foydalanish ishlarini tashkil etish bo‘yicha bitimlar va shartnomalar tuzish, tadqiqot hamda energetika atom reaktorlarini, yadro-fizika qurilmalarini, yadro materiallarini hamda radiatsiya manbalarini saqlash shoxobchalarini, radiaktiv chiqindilarni ko‘mish ishlarini rivojlantirish, ularning xavfsiz ishlashini ta’minlash kabi vazifalar yuklatildi.

Shuningdek, yadro materiallari va texnologiyalari, radiaktiv materiallar tarqalmasligini, yadro hamda radiatsiyaviy xavfsizlikni ta’minlash va himoya qilish tadbirlarini amalga oshirish, kadrlarni, jumladan, yetakchi xorijiy institutlarda tayyorlash, qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish tizimini tashkil etish, Xalqaro atom energiyasi agentligi, Atom energiyasi bo‘yicha Yevropa hamjamiyati va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ham kiritildi.

Atom elektr stansiyalarining xavfsizligi masalasi juda ko‘p bahslarga sabab bo‘ldi. Xo‘sh, bu haqda mutaxassislar nima deydi?

Ilhom Sodiqovning ta’kidlashicha, ayni paytda qurilayotgan yangi tipdagi zamonaviy AESda turli bosqichlarda 27 tadan 30 tagacha faol hamda nofaol himoya choralari ko‘rilgan. Inson faktori deyarli yo‘q. Biror xavfli vaziyatni yuzaga keltirish imkonsiz. Chunki tizim avtomatik ravishda xavfni sezadi va to‘xtatib qo‘yadi.

Hujjatga ko‘ra, “Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini, 2019 — 2029 yillar davrida O‘zbekistonda atom energetikasini rivojlantirish konsepsiyasini hamda boshqa tegishli dasturlarni ishlab chiqish va undagi vazifalarni amaliyotga tatbiq etish rejalashtirilgan.

Demak, vazifalar aniq. Kutilayotgan natijalar ham ulkan. Mazkur yo‘nalishdagi ishlar tizimli yo‘lga qo‘yilsa, 2030 yilga borib, shu tadbirlarning o‘zidan yalpi ichki mahsulotimiz yana 3 milliard AQSH dollariga oshishi, mahalliy pudratchilardan tushadigan tushum ham shuncha, ya’ni 3 milliard dollarni tashkil etishi, qo‘shimcha soliq tushumlari 500 million AQSH dollariga yetishi ko‘zda tutilmoqda. Bundan tashqari, 100 milliard kubometr tabiiy gazni iqtisod qilish evaziga uni ichki iste’molga va yoxud eksportga yo‘naltirish mumkin. Qo‘shimcha ravishda 6,5 ming nafar odam ish bilan ta’minlanadi.

Kelajakni o‘ylab qabul qilinayotgan ushbu hujjatlarning maqsad-muddaosi aniq: xalqimizni, iqtisodiyotimizni elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash, shu orqali ular turmush farovonligini yanada oshirish, tabiiy resurslardan tejab-tergab foydalanib, ularni keyingi avlod vakillariga ham qoldirishdir.

Bosh prokuratura huzuridagi Axborot-tahlil multimedia markazi materiallari asosida
Rahim ShЕRQULOV tayyorladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер