Tinchlik va adolat homiysi

15:30 12 Aprel 2021 Madaniyat
505 0

Dunyoning taniqli davlat va jamiyat arboblari, olimlar hamda adiblar oʻz ijtimoiy-siyosiy, ilmiy va ijodiy faoliyati davomida buyuk ajdodlarimiz, xususan, sohibqiron Amir Temurning jahon sivilizatsiyasi hamda madaniyati rivojiga qoʻshgan munosib ulushini yuksak baholab kelmoqda.

Xorijlik mutaxassislarning quyidagi fikr-mulohazalari buni yaqqol tasdiqlaydi.

Frederik BRESSAND,  Temuriylar sanʼati va tarixini oʻrganish uyushmasi prezidenti, Samarqand shahrining faxriy fuqarosi (Fransiya):

— 1988-yilda Fransiyalik temurshunos olim, professor Lyusen Keren bilan hamkorlikda Temuriylar sanʼati va tarixini oʻrganish uyushmasini tashkil etganmiz. Koʻplab tadqiqotlar olib borganmiz. Amir Temur jahon tarixida qudratli hamda gullab-yashnagan davlat barpo etgan sarkarda va davlat arbobigina emas, balki oʻz poytaxti Samarqandni yer yuzining madaniy-meʼmoriy va ilmiy-maʼnaviy markazlaridan biriga aylantirgan buyuk meʼmor sifatida ham xotiramga muhrlangan.

Amir Temur salkam olti asr avval davlatlararo manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, xalqlar oʻrtasida doʻstlik va hamjihatlik rishtalarini bogʻlash yoʻlida jon kuydirgan. Bu ishlar saltanatining yorqin istiqbolini taʼminlash borasida muhim omil ekanini teran anglagan Sohibqiron Yevropa va Osiyo mamlakatlari oʻrtasida ishonch koʻpriklarini mustahkamlab, bir tomondan — Xitoy, Hindiston, ikkinchi tomondan — Fransiya, Ispaniya, Angliya kabi qator davlatlar bilan hamkorlik oʻrnatadi.

Amir Temur, oʻz navbatida, oʻsha davrning deyarli barcha yirik davlatlari va ularning hukmdorlari bilan doimiy diplomatik aloqalar olib boradi. Turli davlatlarga oʻz elchilarini yuboradi, shuningdek, uning huzuriga yoʻllangan xorij elchilarini qabul qilgan.

Fransiya hukmdori Sharl VI saroyiga elchilar yuborgani, oʻz oʻrnida, Fransiyalik elchilarni poytaxti Samarqandda qabul qilgani haqida atroflicha bayon etilgan koʻplab tarixiy va ilmiy asarlar bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi. Amir Temur diplomatiyasining oʻziga xos tomonlaridan biri — u oʻzining barcha murojaatlarida, hatto qatʼiy talab shaklida yozilgan nomalarida ham Sharq diplomatiyasi estetikasiga rioya qilgan. Ayrim yurt hukmdorlarining qoʻpol shaklda, baʼzi hollarda jahl bilan yozilgan nomalariga ham Amir Temur har doim oʻz fikrini aniq bayon qilgan holda madaniyat va odob bilan javob qaytarganini oʻsha davrlardan meros boʻlib qolgan tarixiy xatlar orqali ham bilib olish mumkin. Amir Temurning Fransiya qiroli Sharl VI ga yoʻllagan maktubida “Salom va tinchlik eʼlon qilaman!”, degan soʻzlar bitilgani soʻzimizni yaqqol tasdiqlaydi.

Oʻzbekistonning Fransiyadagi elchixonasi bilan hamkorlikda 2019-yilning aprel oyida uyushmamiz tashkil topganligining 30 yillik yubileyini tantanali ravishda nishonladik. Toshkent shahrida Temuriylar davri fan va madaniyatiga bagʻishlangan ilmiy konferensiyalar, Samarqandda bir qator tadbirlar tashkil qildik.

Taraqqiyotning yangi davrida dadil odimlayotgan Oʻzbekistonda buyuk Sohibqiron ardoqlagan tutumlar yana qaror topib, dunyoda tinchlik-totuvlikni taʼminlash, uzoq va yaqin davlatlar bilan doʻstona aloqalarni mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilayotgani bizni gʻoyat mamnun etadi.

Chi DAOJIA,
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti “Xitoy filologiyasi” kafedrasi volontyor-oʻqituvchisi (Xitoy):

— Amir Temur. Bu nom bizga tanish boʻlganidan buyon unga qiziqish, hayotiy va ijtimoiy-siyosiy faoliyatini oʻrganish davom etib kelmoqda.

Sohibqiron shaxsini, uning har bir sohada amalga oshirgan ishlarini oʻrganish koʻplab mamlakat olimlari, tarixshunoslari tomonidan olib borilmoqda. Biz moziyda yashab, nom qoldirgan, xayrli ishlari bilan nafaqat oʻz xalqi, balki jahon tamadduniga sezilarli taʼsir koʻrsatgan buyuk shaxslardan hamisha ibrat olamiz.

Buyuk davlat arbobi Amir Temur Markaziy Osiyo xalqlari tarixida, hatto jahon tarixida salmoqli oʻrin egallagan ana shunday siymolardan biri, desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Amir Temur Markaziy Osiyo xalqlarini yagona tugʻ ostida birlashtirishga muvofiq boʻlib, tarix zarvaraqlaridan mohir sarkarda, shu bilan birga, bunyodkor shaxs sifatida ham oʻchmas iz qoldirdi. Uning hukmronligi davrida dunyoning buyuk olim hamda mutafakkirlari, eng yaxshi meʼmoru hunarmandlari madaniyat hamda sanʼat markaziga aylangan Samarqand shahriga intilganlar. Sohibqironning jonkuyarligi oʻlaroq ularning yuksak mahorat bilan bunyod etgan meʼmorchilik namunalari bugungi kunga qadar dunyo ahlini lol qoldirib kelmoqda.

Amir Temurning shonli hayot yoʻli bugungi kunda ham dunyoning koʻplab davlatlaridagi sharqshunos olimlar eʼtiborini jalb qilib, hatto ayrim Yevropa solnomalarida uni «Yevropa xaloskori» ham deb yozishgan. Biz Sohibqiron tarixini oʻrganish borasida oʻzbekistonlik hamkasblarimiz bilan qoʻshma ilmiy tadqiqotlar olib borishdan hamisha manfaatdormiz. Bu, oʻz navbatida, tarixning yangi manbalarini kashf qilishga zamin yaratadi, albatta.

Bugungi kunda Oʻzbekiston yer yuzidagi koʻplab mamlakatlar bilan turli sohalarda oʻzaro manfaatli aloqalarni keng yoʻlga qoʻymoqda, xalqaro xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, hamkorlikning barcha shakllarini rivojlantirish yoʻlida izchillik va qatʼiyat bilan odimlamoqda. Bu yoʻlda bizga buyuk ajdodlar, oʻz oʻrnida, Amir Temur merosi doim hamroh boʻlmogʻi, shubhasiz.

Rahmatjon BOBOJONOV
(“Xalq soʻzi”) yozib oldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?