Til — millat koʻzgusi

Insonning ongu shuuriga, qalbiga Ona tili ona allasi bilan kiradi. Bir umr yodidan koʻtarilmaydi, eng shirin, eng laziz damlarni yodga soladi. Shuning uchun ham tilni millatning gʻururi, iftixori darajasiga koʻtaramiz.
Davlatimiz rahbari tomonidan 2019-yil 21-oktyabr kuni «Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Farmon qabul qilindi. Unga binoan 21-oktyabr sanasi yurtimizda “Oʻzbek tili bayrami kuni” deb belgilanishi mamlakatimizning yangi tarixi, yangi taraqqiyot bosqichida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning ishonchli samarasi hamda mustaqil Vatanimizning ijtimoiy-siyosiy, huquqiy, madaniy-maʼnaviy hayotida ulkan voqea boʻldi.
Farmonga muvofiq, ona tilimizning istiqboldagi taraqqiyotiga oid koʻplab masalalar oʻz yechimini topayotir. Shu ezgu gʻoyaga binoan amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar jarayonida davlat tilining hayotimizdagi oʻrni va nufuzi tobora oshib bormoqda. Zero, til har bir millatning eng qadrli boyligi, uning maʼnaviy qiyofasi, madaniyati, ichki dunyosini aks ettiruvchi muhim vositadir.
Yana bir muhim jihat shundaki, ona tilimizni asrab-avaylash, uni har tomonlama rivojlantirish, til siyosatining eng quyi boʻgʻinlargacha yetib borishini taʼminlash maqsadida vazirlik, idora hamda xoʻjalik birlashmalarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha rahbar oʻrinbosariga tenglashtirilgan maslahatchi lavozimi joriy etildi.
Xususan, “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatida ham ushbu lavozim joriy etilgan.
Darhaqiqat, otashqalb shoirimiz Usmon Nosir, —
Simirdim, yashnayman tilsin dilimni,
Bemehnat sevmayman tirik tilimni,
— deganidek, ona tilimizni bemehnat sevib boʻlmaydi.
Chunki u shoir aytganidek, tirik. Unga doimiy ravishda gʻamxoʻrlik qilish, uni asrab-avaylash, qayta-qayta sayqallab borish zarur.
Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorida belgilangan vazifalar ijrosini samarali taʼminlash maqsadida “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi 7 ta korxonada maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha boshqaruv raisi maslahatchisi lavozimi joriy etildi.
Ushbu lavozimga tanlov asosida saralangan xodimlar tayinlanib, korxonalarda davlat tilini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilishi belgilangan tadbirlar rejasiga koʻra faoliyat olib bormoqda.
Shuningdek, tarmoq tashkilotlari maslahatchilari korxonalari rahbarlarining, koʻp ming sonli ishchi-xodimlarning davlat tili boʻyicha malakasini oshirish, ish yurituvidagi barcha hujjatlarning lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida boʻlishni taʼminlash ishlarida jonbozlik koʻrsatmoqda.
Aytish joizki, markaziy apparatda hamda tarmoq korxonalarida barcha meʼyoriy-huquqiy hujjatlar qayta koʻrib chiqilib, ularni davlat tiliga tarjima qilish ishlari amalga oshirildi. Xususan, “Oʻzkimyosanoat” AJ ijro apparatida joriy yilning oʻtgan davri mobaynida rasmiylashtirilgan xat-hujjatlar tahlil qilindi.
Vazirliklar, idoralar va tashkilotlarga yuborilgan chiqish xatlari, tarmoq korxonalariga yuborilgan xabarnoma va topshiriq xatlari, asosiy faoliyatga oid, ichki xizmat safariga, xorijiy davlatlarga xizmat safariga oid buyruqlar davlat tilida rasmiylashtirildi. Shu bilan birgalikda, xizmat xatlari, oʻtkazilgan yigʻilish bayonnomalari, boshqaruv raisining farmoyishlari davlat tilida yozilishi taʼminlandi.
Davlat tilida ish yuritish sifatini oshirish maqsadida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazida “Oʻzkimyosanoat” AJ markaziy apparatida va tarmoq korxonalarida 2022-yil uchun tasdiqlangan rejaga asosan malaka oshirish ishlari davom ettirilmoqda.
Qolaversa, AJ markaziy apparatida hamda tarmoq korxonalarda tashqi yozuvlar, lavhalar, eʼlonlar, reklamalarning davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga qatʼiy mos boʻlishini taʼminlash choralari koʻrildi. Xodimlarning savodxonlik darajasini baholash, lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida kompyuter dasturlarida tez va toʻgʻri yozish malakasini shakllantirish maqsadida “Tez yoz, toʻgʻri yoz” tanlovlari tashkil etildi.
Shonli sanalar munosabati bilan tashkil etilgan tadbirlarda xodimlarning malakasini yanada oshirish maqsadida “Eng yaxshi esse” tanlovlarini tashkillashtirish anʼanaga aylandi. Esselar lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida yozilishi qatʼiy tarzda belgilangan.
Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston xalq shoiri, ona tilimizning chinakam jonkuyari Erkin Vohidov “Soʻz latofati” asarida «Ona tili umummillat mulkidir, demak, til oldidagi masʼuliyat ham umummilliy. Men oʻzbekman, degan har bir inson oʻzbek tili uchun qaygʻurmogʻi kerak. Unutilgan soʻzlarni tiklash, borini boyitib borish, xorijiy atamalarga munosib istilohlar topish yolgʻiz tilshunoslarning emas, millatning ishidir», deya taʼkidlaydi. Ushbu fikrlar har birimizni ona tilimizni sevishga, uning rivojlanishi uchun oʻz sohamiz boʻyicha oz boʻlsada hissa qoʻshishga undaydi.
Umuman, har bir tashkilot va idora, har bir tizimda davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga hurmat bilan qaralsa, oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va obroʻsi kundan kunga yuksalib boraveradi.
Sanobar ABDURAHMONOVA,
“Oʻzkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisi maslahatchisi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Senatning qirq beshinchi yalpi majlisi 29-sentabr kuni chaqiriladi
- Chustda bogʻcha tarbiyalanuvchilari doridan zaharlanganmidi yoki... Vaziyatga aniqlik kiritilmoqda
- Hanjouda Osiyo o‘yinlariga start berildi. Ochilish marosimidan fotoreportaj
- Hanjou-2022: Futbol boʻyicha Oʻzbekiston ayollar terma jamoasi yarim finalda!
- Shavkat Mirziyoyev Italiya sobiq prezidenti vafoti munosabati bilan taʼziya yoʻlladi
- Astraxanda VIII Kaspiy mediaforumi boʻlib oʻtdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring