Til — millat boyligi

21:42 18 Oktyabr 2021 Madaniyat
361 0

Ushbu sana, shubhasiz, mamlakatimiz oʻtmishidagi eng qutlugʻ sanalardan biridir. Zero bu kunda Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilinib, mustabid tuzum hukmronligi davridayoq xalqimizning oʻziga xos jasorati timsoliga aylangan edi. Va shuni alohida eʼtirof etish lozimki, bu hujjat oʻz vaqtida xalqimizning Istiqlolga boʻlgan umid-ishonchini, milliy gʻurur tuygʻusini kuchaytirdi, Mustaqilligimizning oʻziga xos poydevori vazifasini bajardi desak, aslo mubolagʻa boʻlmaydi. Til — millat oʻzligi va qadriyatlarining koʻzgusidir. Uni asrab-avaylash, taqdiri hamda istiqboli haqida qaygʻurish har birimizning burchimizdir. Bu yil mamlakatimiz boʻylab oʻzbek tiliga “Davlat tili” maqomi berilganligining 32 yilligi keng miqyosda nishonlanadi.

Mirzo Ulugʻbek tumanidagi 27-sonli umumtaʼlim maktabida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Mirzo Ulugʻbek tumani boʻlimi tomonidan ushbu kun munosabati bilan “Oʻzbek tili — xalq qadriyatidir” mavzusida maʼnaviy-marifiy tadbir boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat Kengashi huzuridagi “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzolari, professor-olimlar, yoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirni Mirzo Ulugʻbek tumani hokimining Yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-marifiy ishlari boʻyicha oʻrinbosari Fuzaylxon Xashimov ochib berdi. Soʻngra mehmonlar tomonidan tilimizning jamiyat hayotidagi oʻrni, uni kelajak avlodga toʻlaqonli va yanada boyitilgan holda yetkazish haqida soʻz yuritildi.

— Tarixga yuzlanadigan boʻlsak, taassufki, mustabid tuzum davrida millat ruhi, gʻururi boʻlmish oʻzbek tilining mavqeini pasaytirishga urinishlar koʻp boʻldi. — deydi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Mirzo Ulugʻbek tuman boʻlinmasi bosh mutaxassisi Nasriddin Botirov. — Millat oydini, maʼrifatparvar adib Abdulla Qodiriy “Oʻzbek tili kambagʻal til emas, balki oʻzbek tilini kambagʻal deguvchilarning oʻzi kambagʻal. Ular oʻz nodonliklarini oʻzbek tiliga toʻnkamasinlar”, degan xitobi bilan oʻtmishning achchiq sitamlarini namoyon etdi. Sobiq ittifoq davrida ona tiliga boʻlgan bepisandlikka qaramay, xalqimiz oʻz milliy tilini saqlab qoldi. 1989-yil 21-oktyabr kuni qabul qilingan “Davlat tili toʻgʻrisida”gi qonunga muvofiq, oʻzbek tili davlat tili, deb eʼlon qilindi. Bugun ona tilimizni asrash, uning qadr-qimmatini oshirish har birimizning gardanimizdagi asosiy vazifalardan biri hisoblanadi. Bugungi uchrashuv ham ayniqsa yoshlarimiz uchun foydali boʻldi, chunki tilimiz taqdiri tilini sevuvchi va bilimli yoshlar qoʻlidadir.

Ishonchimiz komilki, bu kabi tadbirlar tilimizga boʻlgan munosabat va eʼtiborning oshishiga, uning mavqeini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi. Zotan, til bor ekan — millat barhayot.

Rahmatjon BOBOJONOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?