Til bilish va tilni hurmat qilish tinchlikning garovidir

09:42 11 Iyun 2020 Jamiyat
10190 0

Ona tili har bir millatning ruhi, davlatning timsoli, mulki. Millatning yuksalishini tilni asrash va rivojlantirishsiz tasavvur etib boʻlmaydi.

Respublikamizda davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlanib, oʻzbek tili davlatimizning Bayrogʻi, Gerbi, Madhiyasi qatorida turadigan, qonun yoʻli bilan himoya qilinadigan muqaddas davlat ramziga aylangan.

Til avvalo oʻzaro muloqot vazifasini bajaradi. Soʻz mulkining sultoni Alisher Navoiy bobomiz «Koʻngil qulfi maxraning qulfi til va gulfin kalitin soʻz bil», yaʼni inson qalbining xazinasi til, bu qalb xazinasining kaliti soʻzdir, deganlarida tilning nainki muloqot, balki dillarni bogʻlovchi vosita ekanligiga eʼtibor qaratgan.

Oʻzbek tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yoʻlidagi dastlabki qadamlaridan biri boʻlgan edi. Istiqlol yillarida mamlakatimizda barcha sohalarda boʻlgani kabi tilimiz taraqqiyotida ham muhim oʻzgarishlar yuz berdi. Oʻzbek tilining xalqaro miqyosda obroʻsi oshdi. “Davlat tili haqida”gi qonun ona tilimizning bor goʻzalligi va jozibasini toʻla namoyon etish bilan birga, uni ilmiy asosda rivojlantirish borasida ham keng imkoniyatlar yaratdi. Olimlar va mutaxassislar tomonidan ilm-fan va turli sohalarga oid ensiklopediya va lugʻatlar, darslik va oʻquv qoʻllanmalari chop etildi. Mumtoz adabiyotimiz namunalari, sakson mingdan ziyod soʻz va soʻz birikmasini, fan, texnika, sanoat, madaniyat va boshqa sohalarga oid atamalarni, shevalarda qoʻllaniladigan soʻzlarni oʻz ichiga olgan besh jildlik “Oʻzbek tilining izohli lugʻati” bu borada amalga oshirilgan ishlarning eng muhimlaridandir.

Til - millat qiyofasi, maʼnaviy boyligining bir boʻlagi. Til tufayli xalq va elatlarning madaniyati, urf-odatlari saqlanib qoladi. Qachonki bolalar oʻz ona tillarida oʻqishni toʻxtatar ekan, oʻsha til yoʻqolish sari yuz tutadi. Tillarni saqlab qolish bu oʻsha xalqning madaniyati, urf-odati, rasm-rusumlarining boqiyligini anglatadi. Boisi millat taqdiri til taqdiri bilan bevosita bogʻliq. Til har bir millat madaniyatining oʻzagidir. Shu sababli ham tilning saqlanishi xalq taraqqiyoti va kelajagini belgilaydi. Til xalqni birlashtiradi, tarbiyalaydi, oʻqitadi, urf-odat, anʼanalarini saqlaydi. Ona tilimizning xalqaro miqyosdagi obroʻ-eʼtiborini yuksaltirishda, uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga qoʻshishda har birimiz tilimizga chuqur hurmat bilan yondashimiz kerak.

Oʻzbekistonda yashayotgan har bir fuqaro va har bir millat egalari oʻz xohishlariga koʻra chet tillarni oʻrganishmoqda. Maktabgacha taʼlim, umumiy oʻrta taʼlim va oliy taʼlim yoʻnalishlarida tahsil olayotgan farzandlarimiz bugungi kunda 4-5 tilda bemalol soʻzlasha olishadi. Taʼlim muassasalarimizda turli davlat fuqarolarining farzandlari oʻzbek farzandlari bilan ahil inoq boʻlib taʼlim olib kelmoqdalar.

Turli xalqlarning tillariga hurmat esa oʻz navbatida oʻzaro tushunishni, muloqotlarga imkoniyat yaratadi. Aynan til tufayli insoniyat u yoki bu xalqqa mansubligidan faxrlanib yashaydi. Barcha tillarni tan olish va hurmat qilish tinchlikning birdan bir kafolatidir. Shu sababli ham xar bir xalq oʻz tili saqlanib qolishi uchun harakat qiladi.

Xulosa qilib aytadigan boʻlsam, tilni sevish, uni ardoqlash, millatni sevish va uni qadrlash bilan teng hisoblanadi. Har qaysi xalqning turmush tarzi, urf-odatlari, madaniyati uning tilida oʻz ifodasini topadi. Til - millat koʻzgusi, deb bejiz aytilmagan. Xalqimizning necha asrlik boy tarixi, koʻhna va serqirra madaniyati oʻzbek tili taʼsirida shakllangan. Ulugʻ shoirimiz Alisher Navoiy shu tilda bebaho asarlar yaratib, dunyoni lol qoldirgan. Bugungi kunda jahonning barcha mamlakatlarida davlatimiz delegatsiyalari tashrifi, yoshlarimizning yutuqlari, sportchilarimiz gʻalabalari sharafiga oʻzbek tilida madhiyamiz kuylanayotir.

Raʼno RIZAYEVA,

Xalq deputatlari Navoiy viloyat kengashi deputati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?