Tibbiyot xalqchil tizimga aylanmoqda

21:44 22 Noyabr 2022 Jamiyat
972 0

Xalq salomatligi va sogʻlom millat genofondi har bir davlatning muhim boyligi sanaladi. Shu bois mamlakatimizda aholi sogʻligʻini muhofaza qilishga davlat siyosatining eng muhim yoʻnalishi sifatida eʼtibor qaratilmoqda. Ayniqsa, keyingi yillarda yurtimizda sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash, malakali tibbiy kadrlar salohiyatini oshirish, sohaga yangi boshqaruv usullarini joriy etish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar yangicha mazmun kasb etyapti.

Prezidentimizning tibbiyot sohasining birlamchi tizimini isloh qilish, tibbiy xizmatlar koʻlami va sifatini oshirish, farmatsevtika tarmogʻini yanada rivojlantirish, “elektron sogʻliqni saqlash” tizimini tatbiq etishga qaratilgan qator Farmon va qarorlari, bir necha bor oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishlari zamirida ham xalq salomatligiga qaratilgan eʼtibor va gʻamxoʻrlikni anglash, his etish mumkin.

Joriy yilning 18-mart kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev sogʻliqni saqlash tizimi xodimlari bilan ochiq muloqot oʻtkazgani, bunday shakldagi uchrashuv mamlakatimiz tarixida ilk marotaba tashkil etilgani ham sohaga qaratilayotgan eʼtiborning yuksak namunasi boʻldi. Davlatimiz rahbari tibbiyot olimlari, shifokorlar, hamshiralar, farmatsevtlar, sanitariya-epidemiologiya xizmati vakillaridan kelib tushgan jami 25 mingdan ziyod murojaatlarni umumlashtirish va tizimlashtirish asosida ishlab chiqilgan 7 ta muhim yoʻnalishni belgilab berdi. Har bir yoʻnalishga alohida toʻxtalib, yangi tashabbuslarni ilgari surdi. Bular — birlamchi tibbiy xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish, tez tibbiy yordamni rivojlantirish, tibbiyot muassasalarining sharoitini yaxshilash, soha xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish, sohani malakali kadrlar bilan taʼminlash, jamiyatda sogʻlom turmush madaniyatini oshirish hamda kasalliklarning oldini olishdir.

Prezidentimiz boshchiligida oʻtgan olti yilda aholini sifatli va malakali tibbiy xizmat bilan taʼminlash, sogʻlom turmush tarzini keng qaror toptirish borasida salmoqli ishlar qilindi. Hududlarda respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazining yuzdan ortiq filiallari oʻz faoliyatini boshladi. Bu orqali ilgari poytaxtda amalga oshirilgan 210 turdagi operatsiya va diagnostika jarayonlarini mahalliy shifoxonalarda oʻtkazish imkoniyati yaratildi. Hayotga tatbiq etilayotgan islohotlar tufayli 130 turdagi jarrohlik amaliyotlari viloyat shifoxonalarida, 60 turi esa tumanlarda birinchi marta yoʻlga qoʻyildi. Soʻnggi besh yilda 200 turdagi yangi jarrohlik amaliyoti joriy etilib, buyrak va jigar transplantatsiyasi respublikamiz shifoxonalarida ham oʻtkazilmoqda.

Tibbiyot tizimidagi eng katta oʻzgarishlardan yana biri — sohaga xususiy sektorning keng ishtirokiga yoʻl ochilganidir. Masalan, avval bunday xizmatlar faqat stomatologiya boʻyicha koʻrsatilgan boʻlsa, hozir xususiy klinikalar deyarli barcha yoʻnalishlarda faoliyat yuritmoqda va ularning soni 8 mingtaga yetdi.

Joriy yilning 1-aprelidan boshlab tibbiyot tashkilotlari tomonidan chet eldan keltiriladigan tibbiy jihozlar, asbob-uskuna va materiallar 2025-yil 1-yanvarga qadar qoʻshilgan qiymat soligʻi va bojxona bojidan ozod qilinadigan boʻldi. Shuningdek, 2022 — 2025-yillarda tez tibbiy yordam tizimida eskirgan avtomashinalar toʻliq zamonaviy avtomobillarga almashtiriladi hamda tez tibbiy yordam avtoparki toʻliq yangilanadi.

Bugun salomatlik posbonlari har tomonlama qoʻllab-quvvatlanmoqda. Xususan, olis va chekka hududlarda faoliyat olib borayotgan shifokorlarning oylik ish haqiga 2 million soʻmdan qoʻshimcha ustama toʻlanmoqda, shifokorlarga ipoteka asosida uy-joy sotib olish xarajatining 50 foizgacha qismi mahalliy byudjetlardan qoplab berilyapti, olis va chekka hududda uzluksiz uch yil ishlagan shifokor klinik ordinaturaga imtihonsiz qabul qilinishi belgilangan.

Chindan ham, inson salomatligi jamiyatning bebaho boyligi, shifokorlar esa ana shu boylikning fidoyi posbonlaridir. Mamlakatda inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, qadr-qimmatini ulugʻlashda sogʻliqni saqlash tizimi ustuvor ahamiyat kasb etadi. Keyingi besh yilda sohaga oid 200 dan ortiq qonun hujjatlari, jumladan, 2019 — 2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilingani fikrimizning isbotidir.

Mamlakatda tibbiyotning uch bosqichli milliy modeli — birlamchi tibbiy-sanitariya, shoshilinch tez tibbiy yordam va ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat tarmogʻi yaratilib, samarali faoliyat yuritmoqda. Eng muhimi, tibbiyot muassasalari xalqqa yanada yaqinlashmoqda.

Onalik va bolalikni muhofaza qilish boʻyicha ishlar koʻlami ham kengaymoqda. Xususan, homilador ayollar salomatligini doimiy nazorat qilish tizimi yoʻlga qoʻyilgani onalar va goʻdaklar oʻlimini sezilarli kamaytirishda muhim omil boʻlmoqda. Oʻtgan davrda patronaj xizmati mutlaqo yangicha asosda tashkil etildi. Hamshiralarning uyma-uy yurib, har bir fuqaro salomatligini nazorat qilib borayotgani kasalliklarning oldini olish va aholining tibbiy madaniyatini yuksaltirishda katta rol oʻynamoqda.

Davlat tibbiyot muassasalari bilan birga, xususiy klinikalar soni koʻpayib, ular 129 ta yoʻnalishda faoliyat koʻrsatayotgani sohada sogʻlom raqobatni, aholi uchun tanlash imkoniyatini oshirishga xizmat qilmoqda.

Xalq salomatligini saqlash va mustahkamlash bundan buyon ham bosh vazifa boʻlib qoladi. Kelgusida sohaga yoʻnaltiriladigan mablagʻlarni 2 barobar oshirish, jumladan, yaqin besh yilda oliy toifali shifokorlar maoshini ekvivalent hisobida 1 ming dollarga yetkazish belgilangani bu boradagi rejalar koʻlamidan dalolat beradi. Asosiy vazifa — tibbiyot sohasini yuqori samara bilan ishlaydigan, chinakam xalqchil tizimga aylantirishdan iborat. Bu borada sogʻliqni saqlashning birlamchi boʻgʻini orqali tibbiy profilaktikaga, oilaviy shifokorlar rolini oshirishga alohida eʼtibor qaratiladi. Jumladan, aholi orasida eng koʻp tarqalgan va erta oʻlim holatlarining asosiy sababi boʻlgan kasalliklarni barvaqt aniqlash, maqsadli skrining tadbirlarini oʻtkazish, profilaktik maxsus preparatlar bilan bepul taʼminlash hamda sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, sohaga axborot texnologiyalarini keng joriy etish boʻyicha samarali choralar amalga oshiriladi.

Yana bir jihatga toʻxtalmoq joiz. Ixtisoslashtirilgan markazlarda haqiqiy inqilobiy oʻzgarishlar roʻy berdi. Mamlakatimizda yurak nuqsoni bilan tugʻilgan bolalarda yiliga uch mingtagacha operatsiya oʻtkazish ehtiyoji bor edi. Lekin shu paytgacha akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan jarrohlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va Toshkent pediatriya tibbiyot instituti bolalar kardiologiyasi boʻlimida bir yilda, bor-yoʻgʻi, ikki yuz nafar bemor bolaning yuragini operatsiya qilish imkoni boʻlgan. Bugungi kunga kelib, bir yilda 2800 bola operatsiya qilinyapti. Chunki yetarli tibbiy imkoniyat va mutaxassislarga ega boʻlimlar Qashqadaryo, Xorazm, Fargʻona, Andijon, Samarqand viloyatlarida ham ochildi.

Bitta soha boʻyicha ixtisoslashtirilgan yordamning hududlarda ham mavjudligi katta yutugʻimiz boʻldi, deb hisoblaymiz. Bu klinikalar barcha kerakli tibbiy anjomlar bilan taʼminlangan, ularda malakali jarroh, anesteziologlar jamoasi faoliyat olib boradi. Bular “Mana biz qurib qoʻydik, biz boʻlim ochdik”, degan bir tomonlama qarash uchun emas, xalqning koriga yarash uchun tashkil etilgan muassasalardir. Bunday oʻzgarishlarni barcha yoʻnalishda kuzatish mumkin.

Masalan, gemodializ xizmati avval faqat Toshkent shahrida yoʻlga qoʻyilgandi. Dori, sarflov materiallari ham yetmasdi. Bir bemorga toʻrt soat gemodializ seansi olib borilishi kerak boʻlsa, uni bir soatgacha qisqartirib, bitta filtrni bitta kasal oʻziga uch-toʻrt marta ishlatishga majbur boʻlgan holatlar kuzatilardi.

Umuman olganda, oxirgi besh yil ichida buyragi ishlamasligi natijasida apparatga bogʻlanib qolgan bemorlarning hayot sifatini yaxshilash va toʻlaqonli yashashi borasida eʼtiborga molik ishlar bajarilayotir.

Poytaxtimizda Bolalar milliy tibbiyot markazi faoliyat yuritayotganini alohida taʼkidlash joiz. Bu toʻrtinchi darajadagi tibbiy markaz hisoblanadi. U Koreya Respublikasi koʻmagida barpo etilgan. Bu yerda yuqori sifatli va malakali tibbiy xizmat koʻrsatiladi. Yiliga 1,5 mingdan ortiq noyob jarrohlik amaliyotini oʻtkazish imkoniyati mavjud. Markaz magnit rezonans tomografi, multispiral kompyuter tomografi, DNK analizatori hamda onkologik kasalliklarni bir necha yil oldin aniqlaydigan zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan. Muassasada faoliyat yuritish uchun yuzdan ortiq vrach va hamshiralar Janubiy Koreyada malaka oshirib keldi.

Eʼtiborli jihati, jarrohlik amaliyoti uskunalariga maxsus kamera oʻrnatilgan boʻlib, boshqa shifoxonalar mutaxassislari va tibbiyot oliy taʼlim muassasalari oʻqituvchilari, talabalari jarrohlik amaliyotini onlayn koʻrib turishi mumkin. Zamonaviy texnologiyalar orqali masofaviy tibbiy koʻriklar hamda konsiliumlar tashkil etiladi, davolashning taʼsirchan usullari muhokama qilinadi. Ana shunday jarayonlarning biriga oʻzim ham guvoh boʻlganman. Har qanday ota-ona betob bolasini malakali, tajribali mutaxassisga koʻrsatgisi keladi. Professorlar tomonidan betob bolalar koʻrikdan oʻtkazilgan paytda ota-onaning qalbidagi qoniqish hissini koʻrsangiz edi! Bu quvonch, mamnunlik oʻrnini hech narsa bosolmaydi. Oʻylaymanki, bu yutuqlarimiz xalqimizga sifatli, samarali tibbiy xizmat tizimi yaratilayotganidan dalolat beradi.

Shu oʻrinda tibbiyotda amalga oshirilayotgan yangi tizim — Sirdaryo tajribasining oʻziga xos jihatlari haqida toʻxtalsak. Tibbiy xizmatlar bozorida zamonaviy raqobat muhitini yaratish, shu asosda aholining kafolatlangan va sifatli tibbiy yordam olish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari bugun ustuvorlik kasb etyapti. Shu bois keyingi yillarda mamlakatimizda sogʻliqni saqlash tizimida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, aholiga tibbiy yordam koʻrsatishning sifati, samaradorligi va ommabopligi oshmoqda, barcha boʻgʻindagi tibbiyot tarmoqlarini raqamlashtirish hamda oʻzaro integratsiya qilish ishlari olib borilmoqda, sohaga bosqichma-bosqich tibbiy sugʻurta tizimi joriy etilmoqda. Sohaga ajratilayotgan mablagʻlar hajmi keskin oshirildi.

Prezident qaroriga koʻra, davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlari dastlab Sirdaryo viloyatida sinovdan oʻtkazilishi koʻzlangan boʻlib, natijasiga koʻra, respublika boʻyicha joriy qilish rejalashtirilgan.

Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi va Sirdaryo viloyatidagi tibbiyot muassasalari oʻrtasida shartnomalar tuzilib, kafolatlangan paketga kiritilgan tibbiy xizmatlar strategik xaridi yoʻlga qoʻyilgan va yangi moliyalashtirish tizimi joriy etilgan. Shartnoma asosida, har bir davolangan holatlar soni hamda bajarilgan ishlar hajmidan kelib chiqib, oʻtgan yilning ikkinchi yarmida viloyatdagi tibbiyot muassasalariga qariyb 10 mlrd. soʻm toʻlab berilgan.

Shuningdek, kafolatlangan paket doirasida koʻrsatiladigan bepul tibbiy xizmatlar koʻlamini kengaytirish, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, bemorlar uchun ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamdan foydalanish qulayligini yanada oshirish maqsadida imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga kvota asosida order berish tartibi bekor qilinib, elektron axborot tizimi orqali hisobga olish va navbat asosida davolanishga yoʻllash tartibi joriy etildi. Bunda yoʻllanma axborot tizimida avtomatik tarzda shakllantiriladi va bu fuqarolarga davlat yoki nodavlat tibbiyot tashkilotlarida davlat mablagʻlari hisobidan tibbiy xizmatlar olish huquqini beradi.

Sirdaryo viloyatida tibbiyotni tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini joriy etish, aholiga kafolatlangan paket doirasida tibbiy xizmatlar koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha muayyan ishlar amalga oshirildi. Xususan, yangi tizim boʻyicha xodimlarni oʻqitish yoʻlga qoʻyildi, aholi orasida targʻibot ishlari olib borildi. Viloyatda patronaj koʻriklari maqbullashtirilib, yangilangan maqsadli patronaj tizimi joriy qilindi. Yangi shtat meʼyorlariga muvofiq, poliklinika va oilaviy shifokorlik punktlarida ikki ming nafar biriktirilgan aholi soniga 3 ta shtat birligida “tibbiyot brigada hamshiralari” lavozimi tasdiqlandi. Oilaviy shifokorga yordam beradigan oʻrta tibbiyot xodimlaridan iborat “tibbiyot brigadalari” tashkil qilindi. Bundan tashqari, joylarda oilaviy shifokor tomonidan tor soha mutaxassislari konsultatsiyasi va statsionar davolanish uchun yoʻllanmalar berish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.

Davlat tibbiy sugʻurta tizimi sogʻliqni saqlash sohasiga ajratilayotgan mablagʻlar doirasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ulushini, aholining ijtimoiy zaif toifalari vakillarini sifatli tibbiy xizmat bilan taʼminlanganlik darajasini oshirish, tibbiy xizmatlar bozorida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash hamda aholining tibbiy yordam uchun toʻgʻridan-toʻgʻri toʻlovlari darajasini kamaytirishga xizmat qiladi. Bu tizimni yurtimizda joriy etish natijasida davlat va xususiy tibbiyot muassasalari oʻrtasida raqobat muhiti yuzaga keladi.

Qolaversa, u bemorni bitta tibbiy muassasaga bogʻlab qoʻymaydi. Agar fuqaroning qoʻlida tibbiy sugʻurta polisi boʻlsa, mamlakatdagi oʻzi xohlagan klinikada davolanishi, oʻzi istagan shifokordan tibbiy maslahat olishi mumkin. Xastalik boʻyicha qaysi shifo maskaniga murojaat qilish, vrach qabuliga yozilish, mutaxassis yozib bergan dorilarni topish kabi masalalarga ham oson yechim topiladi. Asosiysi, fuqarolarda sifatli tibbiy xizmatdan foydalanish uchun zarur pul jamgʻarmalari paydo boʻladi. Maqsad esa bitta — u ham boʻlsa, sohada samaradorlikka va yaxshi natijalarga erishish, aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yanada oshirish.

Aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish ham ustuvor vazifalardan. Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining xulosasiga koʻra, insonning salomatligi turmush darajasi, oilaviy sharoiti, moddiy ahvoli kabi qator omillarga aloqador. Ammo eng koʻp, aniqrogʻi, 85 foizi sogʻlom turmush tarziga rioya qilinishiga bogʻliq ekan. Sogʻlom turmush tarzi targʻibotini faqat tibbiyotning zimmasiga tashlab boʻlmaydi. Har bir oilaviy poliklinika, oilaviy shifokor va uning patronaj hamshiralari bilan birga mahalla faollari, sport instruktorlari, oʻqituvchilari, maktabgacha taʼlim muassasalari tarbiyachilari va ichki ishlar profilaktika inspektorlari ishtirokida sport musobaqalarini alohida tartib asosida oʻtkazish — davr talabi.

Zero, pandemiyaning oqibatlarini har birimiz koʻrib, guvoh boʻldik. Kamharakatlilik turli kasalliklar uchun eng asosiy omillardan biri ekanini hayotning oʻzi koʻrsatdi. Demak, jismoniy faollik, doimiy tibbiy koʻrikdan oʻtib turish sogʻligʻimiz garovi ekanini unutmaylik.

Botir DAMINOV,

Toshkent pediatriya tibbiyot instituti rektori,

tibbiyot fanlari doktori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?