Tejalgan har tomchi suv kelajak avlod farovon hayoti omili
Dunyoda chuchuk suv zaxiralari yil sayin cheklanib bormoqda. Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining soʻnggi maʼlumotlariga koʻra, bugun sayyoramizning 2,2 mlrd. aholisi ichimlik suvi taʼminotining tanqisligi sharoitda yashamoqda. Yaqin oʻn yillikda esa Yer sharining yarmida odamlar ichimlik suvi bilan bogʻliq keskin muammolarga duch kelishi ehtimoli mavjud.
Suv tanqisligi muammosi Markaziy Osiyo mintaqasiga ham daxldor. Chunonchi, mamlakatimizda ham aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash, suvning qadriga yetish, undan foydalanish madaniyati dolzarbligicha qolmoqda.
Birgina Navoiy viloyatini oladigan boʻlsak, atigi ikki yil avval hudud aholisining markazlashgan ichimlik suv bilan taʼminlanganlik darajasi 68,2 foizni tashkil etib, 61 ta mahalla ichimlik suvi taʼminoti ogʻir hudud deb eʼtirof etilgan. Umumtaʼlim maktablarining 127 tasi muqobil manbalar orqali suv bilan taʼminlanar, 59 ta maktabga obihayot tashib yetkazilar edi. Maktabgacha taʼlim, tibbiyot muassasalarida ham ahvol bundan yomon boʻlib, aksariyat hududlarga ichimlik suvi maʼlum soatlarda, alohida grafik asosida berilishini inobatga olsak, yuqoridagi raqamlarga ham ishongingiz kelmaydi.
Albatta, bu muammolar eng avvalo uzoq yillar mobaynida yigʻilib qolgan boʻlib, soʻnggi yillarda ularni bartaraf etish borasida davlatimiz rahbari tomonidan qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekiston Taraqqiyot strategiyasining 31-maqsadida suv resurslarini boshqarish tizimini tubdan isloh qilish va suvni iqtisod qilish boʻyicha alohida davlat dasturini amalga oshirish vazifalari belgilangan.
Fikrimizni yana Navoiy viloyati misolida dalillaydigan boʻlsak, aholini markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik darajasini oshirish maqsadida bir qator chora-tadbir va dasturlar asosida xayrli ishlar amalga oshirilib, oʻtgan yil yakuni bilan aholining chuchuk suv bilan taʼminlanganlik darajasi 84,7 foizga yetkazildi.
— Viloyatimizda 2023-yilda barcha manbalar hisobidan ajratilgan 265 mlrd. soʻm mablagʻlar evaziga 1 066,7 km ichimlik suv tarmoqlari tortilib, 28 dona ichimlik suv inshootlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirildi, — deydi “Navoiy suv taʼminoti” aksiyadorlik jamiyati direktori Otabek Zaripov. — Buning natijasida 90 296 nafar aholini ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlab, 36 415 nafar aholini markazlashgan ichimlik suv taʼminotini yaxshilashga erishildi.
Albatta, aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash quvurlar tortish bilangina yechiladigan muammo emas, Buning uchun eng avvalo barqaror suv manbai ham boʻlishi, ular chuchuklantirilishi, tozalanib, isteʼmolga yaroqli darajada qayta ishlanishi zarur. Shu maqsadda viloyatda Xalqaro Moliya institutlari ishtirokida yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Respublikamiz Prezidentining 2022-yil 18-martdagi “Fransiya taraqqiyot agentligi ishtirokida “Navoiy viloyati Karmana tumanida oqova suv tizimlarini qurish” hamda “Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahri va Kitob tumani markazida oqova suv tizimlarini rekonstruksiya qilish va qurish” loyihalarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, Fransiya taraqqiyot agentligi ishtirokida 2022-2027-yillar davomida qiymati Karmana tumanida 30,79 mln. dollar boʻlgan oqava suv tizimini qurish loyihasi koʻzda tutilgan.
— Mazkur loyihani amalga oshirish muddati 2027-yil etib belgilangan, — deydi “Navoiy suv taʼminoti” korxonasi matbuot xizmati rahbari Lobar Doʻstova. — Natijada tumandagi 14 ta MFYda 54,9 ming aholi oqova suv xizmatidan bahramand boʻladi. Taʼminlanganlik darajasi 90 foizga yetkaziladi.
Kezi kelganda suv taʼminoti bilan bogʻliq masalaning yana bir tomoniga eʼtibor qaratmoq joiz. Yaʼni, aholi va ulgurji mijozlarning foydalanilgan ichimlik suvi uchun toʻlov intizomi hamon dolzarbligicha qolmoqda.
— Korxonamiz tomonidan 2023-yil davomida isteʼmolchilarga 8 746 216 m3 hajmdagi ichimlik suvi yetkazib berildi, — deya soʻzida davom etadi O. Zaripov. — Shundan 7 612 386,76 m3 birinchi guruh yaʼni, aholi isteʼmolchilariga yetkazib berilgan boʻlsa, qolganlari byudjet va boshqa yuridik tashkilotlar hissasiga toʻgʻri keladi.
Yil davomidagi isteʼmol qilingan ichimlik suvi uchun qarzdorliklar boʻyicha 476 ta aholi isteʼmolchilariga 1 mlrd. 095,1 mln. soʻmlik va 21 ta yuridik isteʼmolchilarga 16 mlrd. 539,2 mln. soʻmlik, jami 497 ta
7 mlrd. 634,2 mln. soʻmlik daʼvo arizalari kiritdik. Natijada 372 isteʼmolchining 1 mlrd. 161,6 mln. soʻm miqdoridagi qarzdorliklari boʻyicha sudning buyrugʻi va hal qiluv qarorlari qabul qilindi. 158 nafar isteʼmolchining 235,4 mln. soʻmlik debitor qarzdorligi undirilib, 214 isteʼmolchining 926,2 mln. soʻm qarzdorligi majburiy undirish uchun ijro organlarining ish yurituviga yuborilgan.
Qoʻshimcha qilish joiz, oʻtgan yil davomida jamiyat tomonidan ichimlik suvidan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash boʻyicha oʻtkazilgan reyd tadbirlari davomida 97 ta qoidabuzarlik holatlari aniqlanib, ular tomonidan suv taʼminoti korxonasiga 2 mlrd. 682,0 mln. soʻmlik zarar yetkazilganligi rasmiylashtirilgan. Qoidabuzarliklarning 74 tasida ichimlik suviga noqonuniy ulanishlar, 23 tasida suv oʻlchagichdan foydalanish qoidalarining buzilishi bilan bogʻliq.
Afsuski, bugungi kunda aksariyat hududlarda yurtdoshlarimizning suvni tejash madaniyati shakllanmayapti. Bunga istalgan kun, istalgan hududga chiqib oʻnlab misollar keltirish mumkin.
— Yaqinda kechki payt bir xonadonda mehmonda boʻlib, hovlidagi quvurning joʻmragi ochib qoʻyilganligining sababini soʻrasam, mezbon “sovuqda muzlab qolmasligi uchun, atay oxirigacha buramaganmiz”, deb javob qildi, — deydi mehnat faxriysi Nurillo Ochilov. — Mehmonligim sabab yengilgina tanbeh berdim. Axir, yaratganning buyuk neʼmati boʻlgan suvni toza saqlash, tejab ishlatish va isteʼmolda meʼyorga rioya qilmaslik kelajak avlod haqqiga xiyonat qilish emasmi? Suvni tejash madaniyati turish-turmushimizning ajralmas qismiga aylanmas ekan, bu yoʻnalishda sezilarli muvaffaqiyatlarga erishish qiyin boʻladi.
Xulosa oʻrnida taʼkidlash joiz, bugun yurtdoshlarimiz eng avvalo, toza suv isteʼmol qilish salomatliklari garovi ekanligini chuqur his etishlari lozim. Qolaversa, bugun tejalgan har tomchi suv kelajak avlod farovon hayoti omili hamdir.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring