Tersak turizm qishlogʻiga xorijiy sayyohlar tashrifi boshlandi

17:17 25 Aprel 2022 Jamiyat
959 0

Foto: Халқ сўзи

Urgut tumanidagi Tersak qishlogʻi purviqor togʻlar bagʻrida joylashgan. Birgina oʻtgan yilning oʻzida bu yerda yigirmaga yaqin oilaviy mehmon uyi rasman faoliyat boshladi.

Turistlar uchun qishloqning tabiiy mahsulotlari, milliy taomlarini tayyorlash boʻyicha mahorat darslari oʻtkazish, urf-odatlarni namoyish etish, agro-turizm yoʻnalishida chorvachilik, bogʻdorchilik hamda dehqonchilikning qadimiy uslublari bilan tanishish yoʻlga qoʻyildi.

— Togʻ yon-bagʻrida dam olish maskanlarining tashkil etilishi sayyohlarning mazmunli hordiq chiqarishiga xizmat qiladi, — deydi Tersak mahallasidagi hokim yordamchisi Gʻiyos Gʻafforov. — Mahallamiz turizm qishlogʻiga aylantirilgach, 8 kilometr ichki yoʻl asfalt qilindi. Yoʻllarning yaxshilanganini koʻrgan aholining kayfiyati yanada koʻtarildi. Tadbirkorlikni boshlash, mehmon uylari ochishni niyat qilganlar safi kengaydi. Shuningdek, mahalliy va xorijiy sayyohlarning qishloqqa kelishi ham ortdi. Shu yil yana 2 ta yangi oilaviy mehmon uyi tashkil qilindi.

— 50 yilga yaqin vaqt davomida maktabda fransuz tili oʻqituvchisi va rahbarlik vazifalarida ishlab, pensiyaga chiqdim, — deydi “Tersak sharsharasi” oilaviy mehmon uyi boshqaruvchisi Qoʻysin Hasanov. — Yoshligimdan sayyohlik firmasini ochish orzuyim bor edi, ammo bunga imkoniyat boʻlmagan. Mana, keyingi yillarda yurtimizda turizmni rivojlantirishga qaratilgan eʼtibor tufayli xonadonimda xorijlik sayyohlarga xizmat koʻrsatish imkoniyatiga ega boʻldim. Hovlimning bir qismini mehmon uyi uchun ajratdim. Bu yerda 4 kishi ish bilan band. Fransiya, Ispaniya, Italiya, Daniya, Germaniya va boshqa mamlakatlardan kelgan sayyohlarga xizmat koʻrsatyapmiz. Kuni kecha 10 nafar Fransiyalik mehmonni kuzatdik.

Mazkur qishloqda togʻ turizmi yoʻnalishida 4 nafar gid ekskursovod faoliyat yuritadi. Sayyohlarni piyoda, ot va boshqa ulovlarda sayr qildirish, qishloqning oʻziga xos tabiati bilan tanishtirish imkoniyati mavjud.

— Bir kuni televizorda turizm qishloqlari haqidagi koʻrsatuvni koʻrib qoldim, — deydi yana bir oilaviy mehmon uyi bekasi Ofiyat Xudoyberdiyeva. — Biz ham mehmon uyi ochsak boʻlarkan, degan fikr oʻtdi xayolimdan. Turmush oʻrtogʻim bilan maslahatlashib, farzandlarim yordami bilan ish boshladik. Dastlab mahalliy sayyohlar, keyin Qozogʻiston va Rossiya davlatlaridan ham mehmonlar kela boshladi. Biznikiga kelgan mehmonlar tomorqamizdagi koʻl, uzumzor va olchazorga qiziqadi. Ayollar sigir va echkilarimizni sogʻib koʻrishni istashadi. Nokamtarlik boʻlsayam aytay, men ularga chanqovuz ham chalib beraman.

Qishloqda tashkil etilgan oilaviy mehmon uylari bir vaqtning oʻzida 250 nafar mahalliy va xorijiy sayyohlarni qabul qiladi. Zotan, tabiati xushmanzara, odamlari xushmuomala Tersakda bir marta mehmon boʻlgan kishi yana qayta kelishni istaydi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?