Termizda hududiy sanoat yarmarkasi: yangi hamkorlik va imkoniyatlar maydoni

16:41 23 Oktyabr 2025 Jamiyat
277 0

Termiz shahridagi “Termiz xalqaro savdo markazi”da hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi oʻz ishini boshladi. Ushbu yarmarka Surxondaryo viloyati hokimligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Raqamli transformatsiya markazi, “Airitom Free Zone”, Oʻzbekiston qurilish materiallari sanoati korxonalari uyushmasi hamda “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati hamkorligida tashkil etildi.

Tadbirda viloyat hokimligi, vazirlik va idoralar, tarmoq birlashmalari, xolding kompaniyalari va ishbilarmon doiralar vakillari qatnashdi. Afgʻoniston Islom Respublikasidan tashrif buyurgan delegatsiya aʼzolarining ishtiroki yarmarkaning xalqaro ahamiyatini yanada oshirdi.

— Mamlakatimizda sanoat tarmoqlarini rivojlantirish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hamda tadbirkorlar faoliyati uchun qulay sharoit yaratish yoʻnalishida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda, — dedi tadbirni ochib bergan Surxondaryo viloyati hokimining birinchi oʻrinbosari Sherzod Rajabov. — Bu jarayonda “Termiz xalqaro savdo markazi” nafaqat hududning iqtisodiy salohiyatini oshirish, balki Afgʻoniston bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda ham muhim oʻrin tutadi.

Afgʻoniston delegatsiyasi vakillari oʻz nutqlarida bu kabi sanoat yarmarkalarining tashkil etilishi ikki davlat tadbirkorlari oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash, yangi loyihalarni amalga oshirish va savdo aylanmasini kengaytirishda katta imkoniyatlar yaratishini qayd etdi.

Aynan Termiz geografik jihatdan Afgʻoniston bozorlariga eng yaqin va qulay nuqta sifatida mintaqaviy hamkorlikning markaziy nuqtasiga aylanib bormoqda.

Ikki kun davom etadigan yarmarkada yuzlab mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari oʻz mahsulotlarini namoyish etmoqda. Tadbirning asosiy maqsadi — mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, yangi hamkorlik kelishuvlarini imzolash hamda buyurtmalar portfelini shakllantirishdan iborat.

Bu esa, oʻz navbatida, yangi ish oʻrinlarini yaratish, mahalliy xomashyo bazasidan samarali foydalanish va eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.

Termizda oʻtkazilayotgan hududiy sanoat yarmarkasi shunchaki ishlab chiqaruvchilar koʻrgazmasi emas, balki Surxondaryoning iqtisodiy salohiyatini namoyon etuvchi, yangi investitsiyalarni jalb etadigan strategik platformaga aylanmoqda.

Farhod ESONOV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?