Termizda “Boysun bahori” xalqaro folklor festivali doirasida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazildi

Farhod ESONOV / “Xalq soʻzi”. Termiz shahrida “Boysun bahori” xalqaro folklor festivali doirasida “Surxon vohasining insoniyat sivilizatsiyasidagi oʻrni: moddiy va nomoddiy madaniyat asoslari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi.
Unda Fransiya, Chexiya, Yangi Zelandiya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Tojikiston, Ozarbayjon kabi davlatlardan kelgan tarixchi folklorshunos olimlar, ilmiy tadqiqotchilar ishtirokida Surxondaryoning jahon sivilizatsiyasida tutgan oʻrni, jahon tarixi va madaniyatidagi mavqeyi, shuningdek, oʻlkaning moddiy va nomoddiy madaniyat asoslarini yanada chuqurroq tadqiq etish, oʻzbek va boshqa xalqlar tarixini ilmiy oʻrganish, oʻzaro ijodiy muloqotni yoʻlga qoʻyish kabi masalalar muhokama qilindi.
Konferensiyada taʼkidlanganidek, dunyo sivilizatsiyasida Oʻzbekistonning munosib oʻrni bor. Uning Janubiy hududi boʻlgan Surxondaryo viloyati nafaqat Markaziy Osiyo, balki Sharqning qadimgi madaniyat markazlaridan biri hisoblangan. Qadimgi Buyuk Ipak yoʻlida joylashgan Surxon vohasi zardushtiylik, buddaviylik, xristianlik va moniylik kabi turli dinlarning shakllanishi, taraqqiy etishiga asos solgan. Mustaqillik yillarida Sopollitepa, Jarqoʻton, Ayritom, Termiz, Dalvarzintepa, Xolchayon, Fayoztepa va Qoratepa kabi qadimiy arxeologik yodgorliklarning oʻrganilishi ularga boʻlgan munosabat va eʼtibor namunasidir.
Dunyo mamlakatlarida islomshunoslik, hadisshunoslik, kalom ilmi kabi islomiy fan yoʻnalishlari va islom madaniyati rivojiga katta hissa qoʻshgan allomalarning ilmiy merosini oʻrganish yuksak darajaga koʻtarildi. Shuningdek, Hakim Termiziy, Varroq Termiziy, Yusuf Hayot Termiziy, Abu Iso Termiziy, Abul Muzaffar Termiziy, Sayyid Burxonuddin Husayn Termiziy kabi allomalar asarlarining xorijiy tillarga tarjima qilinishi umuminsoniy gʻoyalar va maʼnaviy qadriyatlarni tiklashda keng koʻlamli ishlarning amalga oshirilayotganligini koʻrsatadi.
Somoniylar (IX asr), Qoraxoniylar (X-XIII asrlar), Gʻaznaviy va Saljuqiylar (XI-XII asrlar) davrida Buyuk Ipak yoʻlida joylashgan Chagʻoniyon va Termizda oʻziga xos madaniyat, maʼnaviyat, shaharsozlik, meʼmorchilik, savdo aloqalari, hunarmandchilik rivojlanib, xom va pishiq gʻishtdan sharqona meʼmoriy uslubda Eski Termizda Qirq qiz qalʼasi (IX asr), Hakim Termiziy (X-XIVasrlar), Sulton Sodot (XI-XIX asrlar), Eski Termiz yaqinida joylashgan Paygʻambar orolidagi Zul Kifl (X asr), Termiz hukmdorlari qarorgohi Termizshohlar saroyi (IX-XII asrlar), Abu Iso Termiziy (X-XI asrlar) maqbaralari qurilgan.
Surxon vohasida jahonga mashhur boʻlgan arxeologik va arxitektura yodgorliklari, oʻlkamiz tarixi bilan bogʻliq ziyoratgohlarni turistik ziyorat obyekti sifatida tiklash boʻyicha qilingan ishlar milliy, tarixiy va moddiy merosimizga boʻlgan hurmat va eʼtiborni namoyon etadi. Xususan, Surxondaryo vohasi Baqtriya, Kushon kabi tarixiy davlatlar, Boysun, Oltinsoy, Sangardak, Bobotogʻ kabi goʻzal tabiati jahon sivilizatsiyasi beshiklaridan biri boʻlib, bu hududlarda qadim zamonlardan yuksak taraqqiyot mavjud boʻlgan.
Anjumanning ikkinchi qismida konferensiya ishi shuʼbalarga boʻlingan holda davom ettirildi. Ularda shuʼba moderatorlarining hisobot chiqishlari tinglandi. “Oriylar: yangi ilmiy qarashlar”, “Bronzaning kashf etilishi”, “Kattabuloq piktografiyasi yoxud vatanimiz hududida yozuvning shakllanishi boʻyicha yangi manbalar”, “Zardoʻshtiylikda yovuzlikning nomoddiy qiyofasi taʼrifi”, “Kaviylar sulolasi haqidagi xabarlar: tarixiy jarayon va arxeologik manbalar”, “Uzundara — Boysun durdonasi” kabi mavzular olimlar, mutaxassislarning qizgʻin bahs-munozaralariga boy boʻldi. Tarixiy manbalar, moddiy va nomoddiy merosning hayotimizdagi oʻrni, xalqlarning milliy qadriyatlarini rivojlantirish va yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi ahamiyati xususida atroflicha fikr almashildi.
— Oʻzbek va tojik xalqlari bir daraxtning ikki shoxlari hisoblanadi, — deydi Tojikiston Respublikasi Panjikent pedagogika institutining ilmiy ishlar boʻyicha prorektori Shodmon Vohidov. — Bir oʻzandan suv ichgan xalqlarmiz. Tariximiz, taqdirimiz, ildizimiz tutash ellarmiz. Urf-odatlari, qadriyatu anʼanalari yaqinligidan bu ikki xalq oʻrtasida quda-andachilik, qarindoshlik aloqalari mustahkamlanib kelgan. Ikki davlat rahbarlarining har galgi uchrashuvi bu boradagi rishtalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Bunday konferensiyalar oʻtkazilayotgani esa bu boradagi aloqalarni sayqallashtiradi. Diydorlashuvlar, ilmiy tajriba almashuvlar rishtalarimizni mustahkamlaydi. Qolaversa, tarixni yanada chuqurroq tadqiq etish, ularni yosh avlodga yetkazishdan barcha xalqlar manfaatdor. Yurtingizda oʻtkazilayotgan ushbu xalqaro konferensiya tarixni oʻrganish bilan bogʻliq mutaxassislarini oʻylantirayotgan muammolarga yechim topishga yoʻnaltirilgani bilan ham eʼtiborga sazovor.
Anjuman yakunida tarixiy manbalarni ilmiy asoslangan holda yanada chuqurroq oʻrganish, moddiy va nomoddiy meroslarni asrab-avaylash va rivojlantirish, uni yosh avlod ongiga chuqur singdirish yuzasidan taklif va tavsiyalar oʻrtaga tashlandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Oygul Xalilova vafot etdi
- “Yurakka ko‘milar asl shoirlar”
- Kartoshka narxi qachon pasayishi maʼlum boʻldi
- “Hamza Hasanovdan Gʻaybulla Tursunovgacha”: “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” mukofoti gʻoliblari aniqlandi
- Kelgusi hafta uchun ob-havo maʼlumoti eʼlon qilindi
- Alisher Navoiy ijodini oʻrganish — qalb amrimiz boʻlmogʻi darkor
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring