Tepkiga qarshi vaksina bolalarni kasallikdan qanday himoyalaydi?
Foto: Sog'liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati
Tibbiyotda kasalliklar profilaktikasiga alohida eʼtibor qaratiladi. Sababi oʻz vaqtida koʻrilgan chora-tadbirlar millionlab insonlar hayotini saqlab qolishi mumkin.
Shu boisdan mamlakatimizda Milliy profilaktik emlash kalendariga muvofiq, 13 turdagi yuqumli kasalliklar, jumladan, tepkiga qarshi rejali vaksinatsiya oʻtkaziladi.
Xoʻsh, ushbu xastalik nimasi bilan xavfli? Unga qarshi qoʻllaniladigan vaksinaning samaradorligi qanday?
Ushbu savollarga Sanitariya-epidemiologiya qoʻmitasi boʻlim boshligʻi Dilorom Tursunova javob berdi.
— Xalq orasida “tepki” deb ataladigan ushbu kasallik tibbiyotda epidemik parotit deb nomlanadi. Bu virusli infeksiya asosan bolalarda kuzatilib, ogʻiz va burun orqali qonga tushadi va organizmdagi bezlar (soʻlak bezi, oshqozon osti bezi, tuxumlar va tuxumdon)ga shikast yetkazadi. Qolaversa, markaziy asab tizimlarida yiringsiz yalligʻlanish kuzatiladi. Xastalik tufayli eng koʻp quloq oldi soʻlak bezi zararlanadi. Oqibatda u shishib ketadi.
Infeksiya bemor yoʻtalganda va aksa urganda havo-tomchi orqali hamda oshxona yoki gigiyenik anjomlardan foydalanish natijasida yuqadi. Tana haroratining koʻtarilishi, holsizlik, ogʻiz qurishi, et uvishishi va kuchli bosh ogʻriq ushbu xastalikning belgilari hisoblanadi.
Ushbu kasallik asoratlari bilan xavfli hisoblanadi. Eng yomoni, oʻsmirlik chogʻida tepkiga chalingan va notoʻgʻri davolangan bolalar oʻrtasida bepushtlik yuzaga kelishi ehtimoli yuqori.
Afsuski, baʼzi ota-onalar yoshi katta yoki egizak farzand koʻrgan ayolning “tepki”si bolani bu darddan xalos etadi, deb oʻylaydi. Aslida esa bu “davo chorasi”ning hech qanday foydasi yoʻq. Aksincha, ushbu kasallikning oldini olish, xususan, unga qarshi emlanish eng samarali usul hisoblanadi.
Emlash ikki bosqichda, yaʼni bola 1 va 6 yoshga toʻlganida KPK vaksinalari bilan amalga oshiriladi. Aytish kerakki, tepkiga qarshi vositaning samaradorligi birinchi dozasi yuborilganda qariyb 90 foizga teng.
Baʼzan emlanganda nojoʻya taʼsirlar yengil koʻrinishda kuzatiladi. Yaʼni, inyeksiya joyida kuchsiz ogʻriq, sezilar-sezilmas shish va biroz tana harorati koʻtarilishi mumkin.
Eng muhimi, bu amaliyot oʻz vaqtida va toʻgʻri bajarilsa, kichkintoyning xastalikka chalinish xavfi keskin pasayadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring