“Temir daftar”ga kiritilgan oilalar farzandiga Davlat byudjetidan bir martalik yordam puli ajratiladi

12:12 02 Avgust 2021 Jamiyat
2654 0

Mamlakatimizda aholini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ayniqsa, moddiy yordam va koʻmakka muhtoj oilalarning farzandlarini kiyim-bosh toʻplamlari, maktab formasi va oʻquv qurollari bilan taʼminlash masalasi bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biri sanaladi.

Bu borada kam taʼminlangan oilalarga biznesni boshlashi, doimiy ish joyiga ega boʻlishi uchun imtiyozli kreditlar ajratilishi, maishiy texnika vositalarining berilishi ularning davlatimizga, kelajakka boʻlgan ishonchni ortishida muhim oʻrin tutmoqda. Yoshlar va xotin-qizlar bandligini taʼminlash, ularni boʻsh vaqtlarini samarali oʻtkazishiga imkoniyat yaratishga qaratilgan ishlar bugun oʻz samarasini berayotir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 30-iyuldagi “Kam taʼminlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarini qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori kam taʼminlangan oilalarning bolalarini moddiy taʼminlashga qaratilgan muhim huquqiy hujjat boʻldi.

Unga muvofiq, yoshlarga barcha sohalarda oʻz iqtidori va salohiyatini toʻliq namoyon etishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratib berish maqsadida “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning 18 yoshgacha boʻlgan har bir farzandi uchun Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan 500 ming soʻm miqdorida bir martalik moddiy yordam koʻrsatilishi belgilandi.

Shuningdek, joriy yilning avgust oyida aholining boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi yoki nafaqasini oluvchi oilalarning 18 yoshga toʻlmagan farzandlariga, nogironligi boʻlgan 18 yoshga toʻlmagan bolalarga 500 ming soʻm miqdorida bir martalik moddiy yordam koʻrsatiladi.

Mazkur qarorda “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning 18 yoshgacha boʻlgan farzandlariga bir martalik moddiy yordam pullarini toʻlash xarajatlari – respublika byudjeti mablagʻlari, byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi va boshqa organlardan boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi yoki nafaqasini oluvchi oilalarning 18 yoshga toʻlmagan farzandlariga, shuningdek, nogironligi boʻlgan 18 yoshga toʻlmagan bolalarga bir martalik moddiy yordam pullarini toʻlash xarajatlari esa byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi hamda vazirlik va idoralarga ajratilgan byudjet mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilishi kabi masalalar ham oʻz ifodasini topgan.

Bundan buyon Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimlari, sektor rahbarlari hamda Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining hududiy boʻlinmalari rahbarlari “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning 18 yoshgacha boʻlgan farzandlari sonidan kelib chiqib, toʻlov vedomostlari shakllantirilishi hamda tuman (shahar) mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimlari orqali ularga moddiy yordam pullarining joriy yil 25-avgustga qadar manzilli yetkazilishini taʼminlagan holda, nazorat qilib boradi.

Aytish joizki, aholini munosib ish bilan taʼminlash, toʻliq va samarali, oqilona bandligi va bunga teng qiymatli mehnatni taʼminlash, yangi ish oʻrinlarini yaratish, mehnat bozorining muvozanatlanganligi va infratuzilmasini taʼminlash, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining eng muhim ustuvorligi sifatida ishsizlik darajasini qisqartirish kabi masalalar partiyamiz dasturida ham muhim ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlar odamlarni manzilli himoya qilish tizimini yangi bosqichga olib chiqishi shubhasiz.

Shundan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʻzLiDeP fraksiyasi sohaga oid qonunchilikni yana-da takomillashtirish borasidagi faoliyatni yana-da kuchaytiradi. Oilaviy tadbirkorlik, kasanachilik, tomorqa xoʻjaligi va xususiy biznesni qoʻllab-quvvatlash hisobiga aholi bandligini taʼminlash hamda fuqarolar oilaviy byudjeti daromadlarini oshirishda tashabbuskorlik koʻrsatib, kam taʼminlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarini qoʻllab-quvvatlashdek amaliy ishlarga faol ishtirok etadi.

Botirbek TOʻRAZODA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?