Tatariston Respublikasi Raisi Navoiyda

17:32 27 Iyun 2024 Jamiyat
185 0

Temur ESHBOYEV/«Xalq soʻzi». Tatariston Respublikasi Raisi Rustam Minnixanov Navoiy viloyatiga tashrifi buyurdi. Martabali mehmon tashrif avvalida Karmana tumanidagi Qosimshayx Azizon majmuasida boʻlib, ushbu maskanni ziyorat qildi. Navoiy viloyati hokimi hamrohligida Navoiy mashinasozlik zavodining ish faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Taʼkidlash joiz, bugungi kunda mazkur zavod mahalliylashtirilgan va import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha respublikada yetakchi korxonalardan biri hisoblanadi. Ayni paytda 3,5 ming nafar yuqori malakali muhandis-texnolog, metallurg, mexanik, konstruktor va boshqa kasb egalari mehnat qilmoqda. Ularning zahmati tufayli 15 ming turdan ortiq mahsulot, butlovchi va ehtiyot qismlar ishlab chiqarilib, mamlakatimiz konchilik sanoatining barqaror ishlashi taʼminlanmoqda. Korxona sexlaridagi ishlab chiqarish jarayonlari, tayyorlanayotgan mahsulotlar va ularning sifati boʻyicha mutaxassislar bilan suhbatlashildi.

Tatariston Respublikasi Raisi Navoiy shahridagi «Gidro Stanko Servis» masʼuliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan ham tanishdi. Mazkur korxona ham mamlakatimiz togʻ-kon, metallurgiya, kimyo, energetika sanoati uchun mashinasozlik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Kooperatsiya orqali 100 dan ortiq qurilma va mingdan ortiq turdagi ehtiyot qismlar mahalliylashtirilgan. Germaniya, Turkiya, Italiya va Xitoydan keltirilgan uskunalar bilan jihozlangan korxonada 370 kishi mehnat qiladi.

Tatariston Respublikasi Raisi Rustam Minnixanov tashrifining navbatdagi manzili Navoiy shahridagi «Uzbekistan hydrogen peroxide« MCHJ QK boʻlib, mehmonlar korxona tomonidan amalga oshirilayotgan «Vodorod peroksidi» ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdi.

Shundan soʻng martabali mehmonlar Navbahor tumani kasb-hunar maktabida boʻlishdi. Davlatimiz rahbarining Dual taʼlimni joriy etish uchun kasb-hunar maktablarining boʻsh maydonlarida korxonalarning ishlab chiqarish sexlarini tashkil etish topshirigʻiga binoan ushbu kasb-hunar maktabida viloyatda namuna sifatida oʻqitish va kasb oʻrgatish yoʻlga quyilgan. Maʼlumot oʻrnida, 2024-2025 oʻquv yilidan boshlab kasb-hunar maktabida 150 nafar oʻquvchilar Dual taʼlim shakli boʻyicha oʻqishga qabul qilinadi.

Tatariston Respublikasi Raisi Rustam Minnixanovning Navoiy viloyatiga tashrifi davom etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?