Tashqi savdo operatsiyalari uchun jarima tizimi soddalashtiriladi – Qonun loyihasi

12:20 24 Dekabr 2024 Siyosat
212 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar muhokama qilindi. Qonun loyihasi aktivlarni repatriatsiya qilish talablarini takomillashtirish va tadbirkorlik subyektlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan.

Hozirgi amaldagi uch bosqichli va jami 50 foizlik jarima tizimi tadbirkorlik subyektlari uchun qator qiyinchiliklarni keltirib chiqarayotgani taʼkidlandi. Bu tizimning koʻp bosqichliligi va oʻzaro muvofiqsizligi ortiqcha moliyaviy xarajatlar va vaqt yoʻqotishga sabab boʻlmoqda. Yangi qonun loyihasi bilan bu tartib bekor qilinib, uning oʻrniga qaytmagan aktivlarning 20 foizi miqdorida bir martalik moliyaviy jarima qoʻllash taklif etilmoqda.

Deputatlar tomonidan repatriatsiya qilinmagan aktivlar summasi tashqi savdo kontrakti boʻyicha amalga oshirilgan operatsiyalar summasining 10 foizidan oshmagan holatlarda jarima qoʻllanmasligiga oid meʼyorlar qoʻllab-quvvatlandi. Shuningdek, asbob-uskunalar va butlovchi qismlar import bilan bogʻliq operatsiyalarda yetkazib berish muddati 180 kundan ortiq boʻlgan hollarda, ushbu operatsiya boʻyicha repatriatsiya muddati sifatida kontraktda koʻrsatilgan yetkazib berish muddati qabul qilinadi.

Qonun loyihasining qabul qilinishi investitsiya loyihalarini amalga oshirishni yengillashtirish, tadbirkorlik subyektlariga tashqi savdo operatsiyalarini sodda va samarali tashkil etish imkoniyatini yaratishi kutilmoqda. Deputatlar mazkur qonun normalarining tadbirkorlik muhitiga ijobiy taʼsir koʻrsatishini taʼkidlashdi.

Qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda deputatlar tomonidan maʼqullandi. Ushbu yangilik tadbirkorlik subyektlari uchun tashqi savdo jarayonlarini aniq va samarali yoʻlga qoʻyishga xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер