“2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasi eʼlon qilindi

20:27 25 Noyabr 2025 Iqtisodiyot
332 0

Oʻzbekiston Respublikasining “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni loyihasi va Byudjetnoma Byudjet kodeksining 29-moddasiga muvofiq ishlab chiqilgan.

Qonun bilan:

  • 2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan byudjetining, shu jumladan, Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalari va byudjet tashkilotlarining byudjetdan tashqari jamgʻarmalari hamda Oʻzbekiston Respublikasining Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining daromadlari va xarajatlari prognozi, shuningdek, 2027–2028-yillar uchun moʻljallari;
  • asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlarning prognozlari;
  • birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilar uchun Oʻzbekiston Respublikasi respublika byudjetidan 2026-yilda ajratilayotgan mablagʻlarning cheklangan miqdorlari;
  • Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarining daromadlari va xarajatlari prognozlari hamda respublika byudjetidan mahalliy byudjetlarga ajratilayotgan tartibga soluvchi transfertlar;
  • Davlat qarzining va davlat-xususiy sheriklik loyihalarining hamda konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligining cheklangan hajmlari belgilangan.

Oʻzbekiston Respublikasining “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni loyihasi 18 ta modda va 10 ta ilovadan iborat.

Qonun loyihasida 2026-yil uchun prognozlar va 2027–2028-yillar uchun byudjet moʻljallari asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlar bilan oʻzaro muvofiqlikda ishlab chiqilgan.

Xususan, 2026-yilda yalpi ichki mahsulotning 6,6 foiz oʻsishi prognoz qilingan. Yalpi ichki mahsulotning koʻzlangan oʻsish surʼatlari sanoatda ishlab chiqarishni 6,4 foiz, qishloq xoʻjaligida 4,2 foizga, bozor xizmatlari 14,5 foizga oʻsishi hisobiga taʼminlanishi prognoz qilinmoqda (Qonun loyihasining 2-ilovasi).

Mazkur rivojlanish koʻrsatkichlariga har bir sohada boshlangan tarkibiy islohotlarni sifatli davom ettirish orqali erishish maqsad qilingan.

Davlat byudjetining oʻrta muddatga moʻljallangan prognozlari “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan maqsadlar bilan uygʻunlikda, yaʼni ularni bajarish vazifasidan kelib chiqib ishlab chiqilgan.

Shundan kelib chiqib, oʻrta muddatda makroiqtisodiy, soliq va byudjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilangan:

  • yalpi ichki mahsulotning yillik oʻsishini kamida 6,5–7 foiz miqdorida taʼminlash;
  • 2026–2028-yillarda konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligini yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foizdan oshirmaslik;
  • asosiy soliq stavkalarini oʻzgarishsiz saqlab qolish, tadbirkorlar uchun teng sharoit, qulay biznes muhitini yaratish hamda qoʻshimcha yengilliklar taqdim etish, shuningdek, xalq deputatlari Kengashlari vakolatlarini takomillashtirish;
  • atrof-muhit va aholi salomatligini asrash maqsadida yashil soliqqa tortish va uni amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqish;
  • soliq va byudjet siyosatini bosqichma-bosqich Jahon savdo tashkilotining talablariga uygʻunlashtirish;
  • “Natijaga yoʻnaltirilgan byudjetlashtirish” amaliyotiga bosqichma-bosqich oʻtishni davom ettirish;
  • byudjet ochiqligi darajasini yanada kuchaytirish;
  • “gender” va “yashil” byudjetlashtirish tamoyillarini byudjet jarayoni bilan uygʻunlashtirish;
  • aholining real daromadlarini oshirish maqsadida byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiya va nafaqalarni har yilgi inflyatsiya darajasidan yuqori miqdorlarda oshirib borish;
  • 2026–2028-yillar davomida davlat qarzini samarali boshqarish orqali yalpi ichki mahsulotga nisbati 50 foizdan oshmasligini taʼminlash;
  • xalqaro ekspertlar bilan birgalikda natijaga asoslangan moliyalashtirish dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish.

Ushbu maqsad va yoʻnalishlardan kelib chiqib, 2026-yil uchun Davlat byudjeti daromadlari 368,9 trln soʻm, xarajatlari esa 402,4 trln soʻm (byudjetlararo transfertlarni inobatga olgan holda) miqdorida (Qonun loyihasining 1-ilovasi) belgilanmoqda.

Davlat maqsadli jamgʻarmalari daromadlari (byudjetlararo transfertlarni inobatga olmagan holda) 78,2 trln soʻm miqdorida, xarajatlari esa (Davlat byudjetiga transfertlarni inobatga olmagan holda) 147,5 trln soʻm miqdorida rejalashtirilmoqda. Bunda, Davlat maqsadli jamgʻarmalariga Oʻzbekiston Respublikasi respublika byudjetidan 73,6 trln soʻm transfertlar ajratish belgilangan (Qonun loyihasining 3-ilovasi).

Xususan, byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi daromadlari 64,7 trln soʻm, xarajatlari 86,1 trln soʻmni tashkil etgan holda Davlat byudjetidan 23 trln soʻm miqdorida transfert ajratilishi rejalashtirilmoqda (Qonun loyihasining 3-ilovasi 3-pozitsiyasi).

Davlat moliyasini boshqarishning xalqaro standartlariga muvofiq byudjet qamrovini oshirish hamda toʻliqligini taʼminlash maqsadida 2021-yildan boshlab tashqi qarz hisobidan davlat dasturlariga yoʻnaltirilayotgan xarajatlar konsolidatsiyalashgan byudjet tarkibiga kiritildi. 2026-yilda ushbu xarajatlar 22,4 trln soʻm miqdorida boʻlishi prognoz qilinmoqda (Qonun loyihasining 1-ilovasi).

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, 2026-yil umumiy fiskal balansda byudjet taqchilligining (Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalari, Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi, tashqi qarz hisobidan davlat dasturlarini amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar, davlat dasturlarini moliyalashtirish uchun depozitlar va ssudalar bilan birga) yuqori chegarasi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foiz yoki 59,9 trln soʻm miqdorida belgilanmoqda.

Bunda, Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlari taqchilligi 29,3 trln soʻm yoki prognoz qilinayotgan yalpi ichki mahsulotga nisbatan 1,5 foiz miqdorida rejalashtirilgan (Qonun loyihasining 1-ilovasi).

Hukumat tomonidan soliq-byudjet intizomini kuchaytirish boʻyicha amalga oshirilayotgan choralar natijasida byudjetning birlamchi taqchilligi (Davlat byudjeti xarajatlaridan davlat qarziga xizmat koʻrsatish boʻyicha foiz toʻlovlarni chiqarib tashlagan holda hisoblanadigan Davlat byudjeti taqchilligi) 2026-yilda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,2 foizgacha, 2027–2028-yillarda esa 0,1 foizgacha pasayishi prognoz qilinmoqda.

Byudjet taqchilligi davlat qarzlarini jalb qilish, davlat aktivlarini xususiylashtirish hisobidan tushadigan mablagʻlar va boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.

Respublika byudjeti daromadlari 4-ilovaga muvofiq maʼlumot uchun qabul qilinmoqda. Bunda 2026-yilda respublika byudjeti daromadlari 292,9 trln soʻm miqdorida, shundan, qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha tushum 84,6 trln soʻmni tashkil etishi prognoz qilinmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi respublika byudjetining xarajatlari Qonun loyihasining 5-ilovasida 66 ta birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilari (vazirlik va idoralar) kesimida tasdiqlanmoqda.

Bunda, Davlat dasturlarining rejalashtirilgan davlat xarajatlari bilan uygʻunligini taʼminlash, ularning ijrosi boʻyicha jamoatchilik va Parlament nazoratini kuchaytirish maqsadida, Qonun loyihasida birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilari byudjetida Davlat dasturlari uchun ajratilayotgan mablagʻlar alohida koʻrsatilgan.

Misol uchun, Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi joriy xarajatlari qatorida 15 ta, Sogʻliqni saqlash vazirligida 27 ta, Qishloq xoʻjaligi vazirligida 18 ta, Suv xoʻjaligi vazirligida 8 ta davlat dasturlari va tadbirlar uchun ajratilgan mablagʻlar alohida satrlarda koʻrsatilgan.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarining daromad va xarajatlari Qonun loyihasining 6-ilovasiga muvofiq maʼlumot uchun qabul qilinmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Byudjet kodeksining 27-moddasiga muvofiq, mahalliy byudjetlarning xarajatlari hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilari kesimida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan mustaqil ravishda shakllantiriladi hamda tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan tasdiqlanadi.

Qonun loyihasining 7-ilovasiga muvofiq Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlariga respublika byudjetidan 19,7 trln soʻmlik tartibga soluvchi byudjetlararo transfertlar oʻtkazib berilishi belgilanmoqda.

Mahalliy byudjetlar barqarorligini taʼminlash maqsadida qoʻshilgan qiymat soligʻidan tushgan tushumlarning (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan tasdiqlanadigan roʻyxatga muvofiq yirik soliq toʻlovchilardan tashqari) Toshkent shahrida 5 foizi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda 20 foizi qoldirilmoqda.

2026-yilda Oʻzbekiston Respublikasi (Oʻzbekiston Respublikasi hukumati) nomidan va Oʻzbekiston Respublikasining kafolati ostida tashqi qarzlarni jalb qilish boʻyicha yillik imzolanadigan yangi bitimlarning cheklangan hajmi 5,0 mlrd AQSH dollari (2025-yilda 5,5 mlrd AQSH dollari), shundan Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjetini qoʻllab-quvvatlash, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti taqchilligini moliyalashtirish uchun – 2,5 mlrd AQSH dollari (2025-yilda 3,0 mlrd AQSH dollari), investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun – 2,5 mlrd AQSH dollari miqdorida belgilanmoqda.

Bundan tashqari, davlat qarzi portfelini diversifikatsiya qilish hamda valyuta xatarlarini kamaytirish maqsadida 2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi nomidan chiqariladigan davlat qimmatli qogʻozlarining cheklangan sof hajmi 30,0 trln soʻm miqdorida belgilanmoqda.

Shuningdek, Davlat byudjeti oldidagi xatarlarni kamaytirish maqsadida davlat tomonidan qabul qilinadigan majburiyatlar (sotib olish yoki toʻlab berish) va tasdiq xatlari berilishi talab qilinadigan barcha davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosidagi imzolanadigan yangi loyihalar qiymatining yuqori chegarasi 6,5 mlrd AQSH dollari miqdorida belgilanadi.

Qonunning 12-moddasida, oʻtgan yillardagi kabi, mahalliy byudjetlarning daromad manbalari belgilab berilmoqda. Jumladan:

  • jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk va yer soligʻi, mol-mulkni ijaraga berishdan olinadigan yillik daromad toʻgʻrisidagi deklaratsiyaga asosan jismoniy shaxslar tomonidan toʻlanadigan daromad soligʻi, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, noruda qurilish materiallari boʻyicha yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq, aylanmadan olinadigan soliq, yirik soliq toʻlovchilardan tashqari yuridik shaxslarning mol-mulk va yer soligʻi, shuningdek davlat aktivlarini ijaraga berishdan tushumlar tumanlar va shaharlar byudjetlariga;
  • yirik soliq toʻlovchi yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk va yer soliqlari, benzinni, dizel yoqilgʻisini va gazni yakuniy isteʼmolchilarga realizatsiya qilishdagi aksiz soligʻi hamda shu kabi boshqa turdagi soliqlar Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika byudjetiga, viloyatlarning viloyat byudjetlariga va Toshkent shahrining shahar byudjetiga toʻliq hajmda oʻtkazilmoqda.

Bunda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar Kengashlari tomonidan tegishli darajadagi mahalliy byudjetlarga ajratiladigan soliqlarni va boshqa turdagi daromadlarni hamda byudjetlararo transfertlarni taqsimlash huquqi saqlanib qolinmoqda.

Qonun loyihasining 13-moddasiga koʻra, 2026-yilda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti xarajatlarini amalga oshirishning oʻziga xos xususiyatlari belgilanayotgan boʻlib, keyingi yildan boshlab oliy taʼlim tashkilotlarining akademik litseylari kollej va texnikumlar kabi mahalliy byudjetlardan moliyalashtirishga oʻtkazilmoqda.

Shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining maktabgacha taʼlim tashkilotlari, umumtaʼlim hamda ixtisoslashtirilgan maktablari obyektlarini loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) va mukammal taʼmirlashga doir xarajatlarni moliyalashtirish respublika byudjetidan mahalliy byudjetlarga oʻtkazilmoqda.

Qonun loyihasi hamda Byudjetnomaning toʻliq matni bilan quyidagi havolalar orqali tanishishingiz mumkin.

Yuqoridagilar bilan birga Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni aholi uchun qulay va tushunarli holda yetkazish maqsadida 2026-yil uchun Davlat byudjeti loyihasi asosida ishlab chiqilgan “Fuqarolar uchun byudjet” axborot nashri eʼlon qilinmoqda.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер