Tashabbuslar hayotimga nur kiritdi

14:36 11 Noyabr 2025 Jamiyat
235 0

Nurafshon shahridagi “Birlik” mahallasida yashovchi Aziz Otaboyev bundan ikki yil oldin xorijda ishlardi. Yoshlar yetakchisi Muxriddin Qalandarov “Sharq yulduzi” koʻchasida joylashgan, bir qarashda oddiy koʻringan xonadonda zamonaviy qurilish materiallari, xususan, bino devorlarini qoplashda qoʻllaniladigan termopanellar ishlab chiqarishni taklif etganda u bunga unchalik ishonmagandi.

– Musofirlikda topish-tutish yaxshi boʻlsayam baribir oila quchogʻi boshqacha, – deydi yosh tadbirkor. – Har safar yurtimizda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlarni eshitib, Vatanga qaytib oʻz ishimni yoʻlga qoʻyish istagi ortaverardi. Nihoyat, oʻz yurtimda ishlashga qaror qildim. Oʻz xonadonimda Yevropaning ilgʻor texnologiyasi asosida kichik sex tashkil qildim. Biz ishlab chiqarayotgan panellar gʻishtsimon chiroyli shaklga ega. Ular marmar kukunidan tayyorlanadi. Marmar maxsus yelim vositasida biriktiriladi. Bu texnologiya, sementsiz ishlab chiqarish imkonini yaratib, mahsulotning uzoq yillar davomida sifatini saqlab qolishini kafolatlaydi. Issiq va sovuqda uvalanish holatlari kuzatilmaydi. Mahsulot 5 santimetr qalinlikdagi termopanel asosida tayyorlanadi. Bunday panellar bino devorlarida 90 foizgacha issiqlikni saqlab, yoz faslida binoni salqin holda ushlab turadi. Ushbu panellar bilan suvalmagan devorlarni ham qoplash mumkin. Bu bino tan narxini arzonlashtirishda katta ahamiyatga ega. Hozirda sex faoliyatini yanada kengaytirish niyatidamiz. Mahalladagi yoshlarni doimiy ish bilan taʼminlash, eng zamonaviy talablarga javob beradigan mahsulotlar tayyorlash asosiy maqsadimiz.

Ayni paytda ishlab chiqarish sexida bir kunda 550 kvadrat metr yuzani qoplovchi termopanel ishlab chiqarish imkoni mavjud. Bu Toshkent shahri va poytaxtdagi qurilishlar ehtiyojining qariyb chorak qismini taʼminlashga yetarli.

Yoshlarning tadbirkorlik salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun davlatimiz tomonidan beminnat koʻmak, katta imtiyoz va izchil dasturlar keng yoʻlga qoʻyilgan. “Yoshlar daftari”, “Biznesga birinchi qadam”, “Bir million dasturchi” kabi tashabbuslar orqali koʻplab yoshlar oʻz ishini boshlamoqda. Tashabbuslar hayotiga nur kiritgan Aziz Otaboyevning tajribasi bunga yorqin misoldir.

Otabek ISROILOV

(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?