Oʻzbekiston 2027-2029-yillarda Qoʻshilmaslik harakatiga raislik qiladi

18:41 15 Yanvar 2026 Siyosat
668 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident raisligida oʻtayotgan videoselektor yigʻilishida soʻnggi yillarda turizm sohasi iqtisodiyotning muhim va barqaror oʻsib borayotgan strategik tarmogʻiga aylangani, oʻtgan yili Oʻzbekistonga kelgan sayyohlarning soni keskin oʻsib, 11,5 millionga, turizm eksporti esa 4,7 milliard dollarga yetgani qayd etildi.

2030-yilgacha turistlar oqimini 2 karra oshirib, 20 millionga yetkazish reja qilingan. Buning uchun elchilar Turizm qoʻmitasi bilan yangicha yondashuv va tashabbus asosida ishlab, eng yirik autsorsing kompaniyalarni jalb etishi zarurligi qayd etildi.

Bu borada Rossiya, Belarus, Janubiy Koreya, Germaniya, AQSHdagi elchilar oldiga aniq vazifalar qoʻyildi.

AQSH, Buyuk Britaniya, Indoneziya, Rossiya, Fransiya va Xitoy elchixonalarida turizm va madaniyat boʻyicha maslahatchi lavozimlari joriy etiladi. Ushbu davlatlardagi elchilarimiz mazkur imkoniyatdan samarali foydalanib, turizm oqimini 2-3 karra oshirishlari shartligi koʻrsatib oʻtildi.

Bu yildan AQSH fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy qilindi. Ushbu mamlakatning 100 mingdan ortiq ishchisi boʻlgan yirik kompaniyalari bilan faol muzokara olib borib, joriy yil AQSHdan kelayotgan sayyohlar sonini 2 karraga oshirish muhimligi qayd etildi.

Ikki va koʻp tomonlama siyosiy-diplomatik aloqalarni kengaytirish, Yangi Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Oʻzbekiston 2027-2029-yillarda Qoʻshilmaslik harakatiga raislik qiladi. 2035-2036-yillarda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining doimiy boʻlmagan aʼzoligiga Oʻzbekiston nomzodi ilgari surilmoqda.

Barcha diplomatlarimiz joriy yilda ham xalqaro aloqalar jadvalida yuqori faollikni saqlab qolish, tashqi siyosiy kun tartibi yanada sermazmun boʻlishi uchun jiddiy saʼy-harakat qilishi zarurligi taʼkidlandi.

Oliy darajadagi tashriflarga bir oy qolganda emas, ancha oldin tayyorgarlik koʻrish, puxta ishlanmagan shartnomalar ertaga istiqbolsiz loyihaga aylanishi yoki investorlar yillar davomida sarson boʻlib yurishiga yoʻl qoʻymaslik zarurligi qayd etildi.

Dunyoda oʻz ovozi va salohiyatiga ega boʻlgan Buyuk Britaniya, Ispaniya, Indoneziya, Avstraliya, Braziliya, Kanada kabi yirik davlatlar bilan oliy darajadagi tashriflar hanuzgacha amalga oshirilmagani, aloqalar sust boʻlib qolayotgan davlatlar bilan hamkorlikni jonlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqilmaganiga eʼtiroz bildirildi.

Oliy darajadagi xorijiy tashriflarga tayyorgarlik sifatini oshirish, Tashqi ishlar vazirligining strategik tahlil va rejalashtirish salohiyatini kuchaytirish vazifasi qoʻyildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?