Prezident TIV aksariyat holatlarda nota berish bilangina cheklanib qolayotgani haqida gapirdi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati yuzasidan o‘tkazilayotgan videoselektor yigʻilishida TIV aksariyat holatlarda rasmiy nota berish bilangina cheklanib qolayotgani haqida gapirdi.
“Xorijda noqonuniy boʻlib turgan fuqarolarimiz borligi bizni tashvishga soladi”, dedi davlatimiz rahbari.
Oʻtgan yili Rossiyada 150 mingdan ziyod fuqaroga “migratsiya amnistiyasi”ni qoʻllashga erishildi. Boshqa mamlakatlarda ham fuqarolarimizga qonuniy asosda ishlashlariga koʻmaklashish, bu borada xorijiy tomonlar bilan muzokaralarni faollashtirish, shu bilan birga fuqarolarimiz ham oʻzlari boʻlib turgan mamlakat qonunchiligi talablariga rioya qilishi lozimligi qayd etildi.
Bundan buyon migratsiya oqimi koʻpayib borayotgan davlatlar, ayniqsa, Yevropada mehnat migrantlari bilan ishlash elchixonalardagi konsullarning asosiy vazifasi boʻlishi belgilandi.
Shuningdek, chet eldagi fuqarolarimizni konsullik hisobiga qoʻyish tartibini yanada soddalashtirish, ortiqcha byurokratiyani qisqartirish topshirildi.
Fuqarolarimizning xorijiy davlatlarda oʻtkazilayotgan turli reydlarda huquqlari buzilayotgani haqidagi xabarlar jamoatchilikda jiddiy norozilik uygʻotmoqda.
Aksariyat holatlarda Tashqi ishlar vazirligi rasmiy nota berish bilangina cheklanib qolmoqda.
“Elchi va konsullar har bir holat yuzasidan malakali yuridik yordam koʻrsatib, xorijdagi fuqarolarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilishi shart”, dedi Prezidentimiz.
Bundan tashqari, xorijdagi yoshlarimiz yoki talabalarning turli oqimlarga qoʻshilib qolayotgani barchani jiddiy tashvishga solishi kerakligi taʼkidlandi.
Bundan buyon elchilar “kabinet diplomatiyasi”dan voz kechib, xorijdagi vatandoshlarimiz ishlayotgan qurilish maydoniga, yotoqxonaga, talabalar auditoriyasiga borib, ularning muammosini oʻrganib, yechimi boʻyicha ishlashi shartligi qayd etildi.
Mutasaddilarga xorijda ogʻir vaziyatga tushib qolgan fuqarolarimiz uchun bepul koll-markaz tashkil etib, murojaatlarini tegishli vazirliklar bilan tezkor hal qiladigan tizim yaratish topshirildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- Erkinjon Turdimov: “Muammo binoda emas, muammo rahbar va uning ish uslubida”
- Prezident prokuratura organlari xodimlari va faxriylariga tabrik yoʻlladi
- “Katta sakrash” yoxud Oʻzbekiston sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar rivojida yangi bosqichga qadam qoʻydi
- Oʻzbekistonda 2025-yilda 150 tonnadan ortiq sifatli qon tayyorlangan
- “Men prezidentman. Men halol odamman. Men aybsizman”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring